5 ta bank ustav kapitalini belgilangan miqdorga yetkazmadi

Iqtisodiyot 21:34 / 03.10.2023 34101

Bu holat fonida, bank tizimi faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlariga doir oylik hisobotning e’lon qilinishi noodatiy ravishda kechikmoqda.

Qonunchilik talabi bo‘yicha, Markaziy bank bunday hisobotni keyingi oyning 25-sanasiga qadar e’lon qilishi kerak. Biroq regulyator bugun, 3 oktyabr holatiga avgust oyi yakunlarini haligacha ochiqlamadi. Hisobotda tijorat banklarining kredit va depozitlari, muammoli kreditlar, daromadlilik, likvidlik, aktivlar, banklarning tijoriy balansi kabi muhim ma’lumotlar aks etishi kerak.

Hujjatning e’lon qilinishi, shuningdek, jamoatchilikka qaysi banklar ustav kapitalini belgilangan miqdorga yetkazmaganini bilish imkonini beradi.

MB matbuot xizmati Kun.uz'ning bu haqdagi savoliga javoban, banklar faoliyatining avgust oyidagi asosiy ko‘rsatkichlariga doir ma’lumotlar e’lon qilish uchun tayyorlanayotganini ma’lum qildi, biroq ustav kapitalini oshirish talabini qaysi banklar bajarmagani haqidagi savolni javobsiz qoldirdi.

Iyun oyida regulyator ustav kapitaliga oid yangi talabni 8 ta bank bajarmagani va ularning litsenziyasi chaqirib olinishi mumkinligi to‘g‘risida bayonot bergandi.

“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, bank ustav kapitali miqdori bank ustav kapitalining eng kam miqdoriga nisbatan belgilangan talabga muvofiq emasligi qo‘pol qoidabuzarlik hisoblanadi va Markaziy bank bunday holda bankning litsenziyasini chaqirib olishga haqli.

Ko‘proq yangiliklar: