Sentyabrda inflatsiya 1,24 foizni tashkil etdi

Iqtisodiyot 10:22 / 02.10.2023 21354

O‘zbekistonda 2023 yilning sentabr oyida inflatsiya 1,24 foizni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi hisobotida aytilgan.

Bu so‘nggi uch yil ichida ushbu oydagi eng yuqori ko‘rsatkich (2021 yil — 1,09 foiz, 2022 yil — 1,03 foiz), shuningdek, 2023 yil boshidan buyon eng katta o‘sishdir. 

O‘tgan oyda oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 1,8 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 1 foizga, xizmatlar 0,6 foizga qimmatlashgan.

Yil boshidan (yanvar-sentabr) inflatsiya 5,13 foizgacha oshgan, yillik inflatsiya (o‘tgan yilning sentabr oyiga nisbatan) 9,19 foizga (8,96 foiz) tezlashgan. Yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 11 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 7,6 foizga, xizmatlar 8,2 foizga qimmatlashgan.

Shuningdek, o‘tgan bir oy ichida qator hududlarda uy-joy ijarasi to‘lovlari oshdi (respublika o‘rtacha 2,4 foizga). 

Sentabr oyida umumiy ovqatlanish xizmatlari narxi to‘qqizta viloyatda o‘rtacha 0,1 foizdan 2,5 foizga (avgust oyida 0,3 foizdan 5,3 foizgacha) qimmatlashdi.

Bir qator hududlarda palov indeksi o‘zgardi. Bir porsiya palov narxi Buxoro viloyatida 11,9 foizga — 28,2 ming so‘mgacha, Samarqand viloyatida — 7,3 foizga (27 ming so‘m) oshdi. Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida ham taom qimmatlashgan (2 foiz va 1,6 foiz).

Ko‘proq yangiliklar: