Manchester uchun qora kun, Londonda drama va mojaro. Angliyada kun o‘yinlari

Sport 11:21 / 01.10.2023 18986

«Bornmut» – «Arsenal» 0:4
Gollar:
0:1 – 17 Saka, 0:2 – 44, penalti Edegor, 0:3 – 53, penalti Haverts, 0:4 – Ben Uayt 90+3
Bornmut – Neto, Aarons, Senesi, Zabarniy, Kerkez (Semenio, 83), Kristi (Smit, 83), Kuk, Billing (Rotuell, 75), Taverne (Sinisterra, 59), Klyuyvert (Uattara, 59), Solanke.
Arsenal – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Zinchenko (Tomiyasu, 69), Edegor, Rays (Jorjinio, 81), Haverts (Smit-Rou, 81), Saka (Fabiu Viyeyra, 76), Gabriel Jyezus, Nketia (Nelson, 69).
Ogohlantirish: Haverts (33).

Shanba oqshomida Angliya top-klublari orasida eng osoni «Arsenal»ga bo‘ldi. Joriy mavsumda hali mag‘lub bo‘lmagan «kanonirlar» o‘zini zo‘riqtirishiga hojat bo‘lmadi, «Bornmut»ning yirik hisobdagi mag‘lubiyatini Saka boshlab berdi. Gabriel Jyezusning bosh bilan bergan zarbasi darvoza to‘sinidan qaytganida to‘pga birinchi bo‘lib kelgan ushbu futbolchi qatorasiga oltinchi o‘yinni gol yoki golli passiz tark etmaydigan bo‘ldi. Angliyalik vinger bu o‘yinlarda  to‘rt gol urgan va uch golga uzatma bergan. Mehmonlar shu kuni ikki bor penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi, avvaliga Edegor nuqtaga yaqinlashib hisobdagi farqni oshirgan bo‘lsa, keyin jamoa Haversni qo‘llab-quvvatlab, unga jamoadagi debyut golini nishonlash imkoniyatini taqdim etishdi. Yakunda Mikel Arteta jamoasi APL 650 g‘alabaga erishgan ikkinchi jamoaga aylandi va turnir jadvalida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi.

«Manchester Yunayted» – «Kristal Pelas» 0:1
Gol:
0:1 – 25 Andersen.
Manchester Yunayted – Onana, Diogu Dalot, Varan (Maguayr, 87), Lindelyof (van de Bek, 88), Amrabat, Kazemiro, Brunu Fernandesh, Maunt (Marsiyal, 77), Pelistri (Garnacho, 61), Reshford (Eriksen, 77), Hoylund.
Kristal Pelas – Jonston, Uord, Andersen, Gehi, Mitchell, Shlupp (Ridevald, 78), Hyuz, Eze (Richards, 88), Dukure, Ayyu, Mateta.
Ogohlantirishlar: Kazemiro (10), Hyuz (32), Uord (45), Maunt (77), Amrabat (79).

To‘rt kun muqaddam Angliya ligasi kubogida «Kristal Pelas»ni yirik hisobda mag‘lub etgan (3:0) «MYu» o‘z uyida jiddiy qarshilikka uchradi va og‘riqli mag‘lubiyat qabul qilib oldi. Erik ten Hagda dahshatli darajadagi kadrlar muammosi yuzaga kelgan. O‘yin arafasida shu hafta safga qaytishi kutilgan Lisandro Martines bir necha oyni o‘tkazib yuborishi ayon bo‘ldi. Argentinalik futbolchining bahorda oyoq kaftidan olgan jarohati qaytalangan.

Ish shungacha yetib bordiki, chap qanot himoyachisi o‘rnida tayanch futbolchisi Amrabat o‘ynadi, o‘yin oxirida esa — mag‘lubiyatdan qutulish talab etilgan vaqtda — Maguayrni tushirishga to‘g‘ri keldi. Ammo mezbonlar raqib darvozasiga qilgan to‘xtovsiz hujumlar natija keltirmadi. Bunda bir necha ajoyib seyvlar ijro etgan Jonstonni asosiy aybdor sifatida keltirish mumkin. APLning eng keksa yoshli murabbiyi bo‘lib turgan Roy Hojson esa so‘nggi besh yilda «Old Trafford»da «Kristal Pelas» va «Utoford» klublari boshqaruvidagi o‘yinlarda biror marta mag‘lub bo‘lmagan (+3=2). «Manchester Yunayted» esa 34 yil ichidagi eng yomon startini qayd etmoqda - dastlabki 7 turda uch g‘alaba, to‘rt mag‘lubiyat va 10-o‘rin.

«Vulverhempton» – «Manchester Siti» 2:1
Gollar:
1:0 – 13, avtogol Ruben Diash, 1:1 – 58 Alvares, 2:1 – 66 Hvang Hi Chhang.
Vulverhempton – Joze Sa, Semedu, Douson, Kilmen, Gomesh, Ait-Nuri (Doerti, 74), Lemina, Gomes (Traore, 67), Netu, Hvang Hi Chan (Kastro, 86), Mateus Kunya (Fabiu Silva, 86).
Manchester Siti – Ederson, Uoker, Ruben Diash, Akanji, Ake (Grilish, 80), Kovachich (Fillips, 65), Foden, Mateush Nunesh (Bobb, 46), Doku, Holand, Alvares.
Ogohlantirishlar: Uoker (17), Hvang Hi Chan (24), Lemina (39), Netu (57), Kovachich (59), Alvares (63), Doku (82), Joze Sa (82), Fabiu Silva (90).

Mavsumni qatorasiga olti g‘alaba bilan boshlagan «Manchester Siti» uchun bu hafta o‘ta omadsiz keldi. Jamoa Angliya ligasi kubogidan erta chiqib ketganini (3-bosqichda «Nyukasl»dan mag‘lub bo‘lindi) ushbu turnirning ahamiyati kamligi bilan izohlash mumkin bo‘lsa, Vulverhemptondagi fiasko jamoa muxlislari uchun og‘ir qabul qilinishi aniq. Bu tarkibdagi muammolar (De Bryuyne, Bernardu Silva va Stounsda jarohat, Rodrida diskvalifikatsiya) hamda Chempionlar ligasi o‘yini oldidan qilingan rotatsiya hisobga olingan taqdirda ham avgustdan buyon g‘alaba qozona olmagan «bo‘rilar» jamoasiga qarshi uchrashuvdagi bu natija sensatsiya sifatida ko‘rilmoqda. Xosep Gvardiola bu oson o‘yin bo‘lmasligini tushunib turgandi va yakunda «shaharliklar»ga katta muammo tug‘dirgan raqib hujumidagi trioni e’tirof etgandi.

Ammo o‘yin arafasida murabbiy Hvang Hi Channing familiyasini eslay olmagan va ushbu hujumchini shunchaki «koreyalik» deb atagandi. Va aynan shu futbolchi hech kim kutmaganda g‘alaba goli muallifi bo‘ldi. Holbuki ikkinchi bo‘lim boshida Alvares jarima zarbasidan yo‘llagan ajoyib zarbasi bilan hisobni tenglashtirganida ko‘pchilik endi chempionlar mezbonlarni uzil-kesil taslim etishiga shubha qilmayotgandi. Ammo mezbonlar turib berishdi, Joze Sa esa boshqa gol o‘tkazmadi, koreyalik esa Mateus Kunya tashlab bergan to‘pni darvoza to‘riga yo‘naltirib yubordi. Mavsumdagi ketma-ket ikkinchi, APLdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib olgan «Siti» birinchi o‘rinni saqlab qoldi, ammo keyingi turda bir ochkolik farq bilan ta’qib qilib kelayotgan «Arsenal»ga qarshi o‘yin bo‘lib o‘tadi va bu o‘yinda ham yuqorida nomlari sanalgan yetakchilarsiz o‘ynashga to‘g‘ri keladi.

«Tottenhem» – «Liverpul» 2:1
Gollar:
1:0 – 36 Son Hyon Min, 1:1 – 45 Gakpo, 2:1 – 90+6 Matip avtogol.
Tottenhem – Vikario, Porro, Romero, van de Ven, Udodji (Devis, 83), Meddison (Velis, 90), Bissuma (Heyberg, 90), Kulusevski, Sarr (Skipp, 83), Son Hyon Min (Solomon, 69), Risharlison.
Liverpul – Alisson, Gomes (Konate, 73), Matip, van Deyk, Roberson, Soboslai, Mak Allister (Gravenberx, 80), Jons, Saloh (Aleksander-Arnold, 74), Dias (Endo, 73), Gakpo (Diogu Jota, 46).
Ogohlantirishlar: Mak Allister (40), Udodji (45), Saloh (65), Diogu Jota (68), Roberson (87), Bissuma (88), Romero (89), van Deyk (90).
Chetlatish: Jons (26), Diogu Jota (69).

APL 7-turidagi markaziy uchrashuv «Tottenhem» va «Liverpul» o‘rtasida kechdi. Bu jamoalar uzoq vaqtdan buyon ilk bor o‘zaro uchrashuvga turnir jadvalidagi qo‘shnilar sifatida yetib kelishgandi, bu uchrashuvdagi g‘alaba mehmonlarga «Siti»dan o‘zib ketib, turnir jadvalida peshqadamga aylanish imkonini berardi.

Mavsum arafasidagi kutilmalarga zid ravishda, «shporlar» ham, qizillar ham bu turga mag‘lubiyatsiz yetib kelishdi. Britaniya mediasi bu o‘yinni ikki yorqin futbol ideologiyasi va qayta qurish bosqichida turgan ikki jamoa to‘qnashuvi sifatida anons qildi. Nufuzli The Athletic nashrining tur prevyusi shunday sarlavhada berildi: «Liverpul» 2.0 «Angebol»ga qarshi.

Kloppning o‘zi yozgi qayta qurishdan keyin o‘z jamoasini shunday atagandi — qizillar ushbu germaniyalik murabbiy davridagi eng keng ko‘lamli renovatsiyani o‘tkazishdi. 2022 yil yozida klubni tark etgan Sadio Mane qatoriga Roberto Firminio, Jyeyms Milner, Jordan Henderson, Nabi Keyta, Aleks Oksleyd-Chemberlen va Fabinio qo‘shildi.

Mersisaydliklar maydon markaziga to‘rt nafar yangi futbolchi olib kelishdi va mavsum starti shuni ko‘rsatdiki, ushbu futbolchilar darhol yangi jamoaga moslashib ketgan. Masalan, Fabinio va Chemberlen qizillar safiga kelib qo‘shilganida moslashish uchun yarim yil vaqt talab etilgandi, Dominik Soboslai va Aleksis Makallister esa birinchi o‘yindanoq asosiy tarkibdan mustahkam o‘rin egalladi va jamoaning muhim qismiga aylanishdi.

«Shporlar» fanatlari yangi mavsumda yangi bosh murabbiy Ange Posteko‘g‘li kelishi bilan o‘yin uslubi keskin o‘zgargani tufayli «Tottenhem»ni «Angebol» deb atashmoqda. Shimoliy London klubi futbolchilari ham Antonio Konte davrida jamoa ko‘p hollarda kuch tejab o‘ynagani va birinchi bo‘limda gol urishga intilmaganini tan olishmoqda — asli kelib chiqishi yunon bo‘lgan avstraliyalik mutaxassis boshqaruvida esa bunday holatni tasavvur qilib bo‘lmaydi.

«Shporlar» yozda «Lester»dan Jyeyms Meddisonni taklif etishdi, Son Hyon Min esa Harri Keyn «Bavariya»ga ketganidan keyin sardorlik bog‘ichini olib, markazga yaqin o‘ynay boshladi, Konte davrida o‘ynatilmagan Iv Bissuma kabi futbolchilar asosiy tarkibga kiritildi va «Tottenhem» ilk turdanoq yorqin hujumkor futbol namoyish etishga kirishdi. Jamoa Maurisio Pochettino davrini eslata boshladi.

Bu o‘yinda baribir mehmonlar favorit sifatida ko‘rilayotgandi: «Liverpul» so‘nggi 13 o‘yinda «Tottenhem»ga yutqazmagan, 2017 yildan buyon raqibga uch ochko bermagan. Kloppning APL doirasidagi so‘nggi mag‘lubiyati aprel oyiga to‘g‘ri keladi, mersisaydliklarning mag‘lubiyatsiz seriyasi 17 o‘yindan iborat edi.

Dastlabki daqiqalar teng kechdi: raqiblar deyarli maydon markazisiz o‘ynashdi va muntazam ravishda maydonning uchinchi qismiga yetib borishdi. Ilk yaqqol golli vaziyat 13-daqiqada «Liverpul» tomonidan yaratildi. Dominik Soboslai to‘pni chap qanotda ochilayotgan Luis Diasga yetkazdi, kolumbiyalik futbolchi esa jarima maydoni markazidagi Kodi Gakponi topdi. Niderlandiyalik strayker joyida o‘girildi va zarba berdi — Gulelmo Vikario qaytargan to‘p Endi Robersonning oyoqlariga borib tushdi va shotlandiyalik himoyachining zarbasidan keyin darvozabon ikkitalik seyv ijro etishiga to‘g‘ri keldi.

Birinchi bo‘lim o‘rtalarida o‘yin taqdirini hal qilgan epizod ro‘y berdi — Kertis Jons to‘p uchun kurashda Iv Bissumaning oyoqlariga zarba berdi. Angliyalik futbolchi to‘pga ham tekkandi, ammo epizod juda xavfli ko‘rinishda edi — monitorda videotakrorni ko‘rib chiqqan referi Saymon Huper dastlab ko‘rsatilgan sariq kartochkani bekor qildi va mehmonlar havbekini to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka orqali maydondan chetlatdi.

Bu «Liverpul»da APLning olti o‘yinidagi uchinchi qizil edi — mersisaydlik futbolchilarda turnirda bundan oldingi uchta qizil uchun 168 o‘yin o‘tgandi.

Bir kishi ko‘p bo‘lib qolgan mezbonlar tashabbusni to‘liq qo‘lga olishdi va «qizillar» darvozasini qamal qilishga kirishdi, ammo eng yaxshi vaziyat 35-daqiqada «Liverpul» tomonidan yaratildi. Saloh kesik pas bilan Luis Diasni oldinga tashladi va kolumbiyalik futbolchi darvozani ishg‘ol etdi, ammo u ofsaydda qolgan deb hisoblanib, gol bekor qilindi. Aytish joizki, «Liverpul»ning goli shunchaki o‘g‘irlandi — hali o‘yin davom etayotgan vaqtda ofsayd xatolik bilan qayd etilgani rasman ma’lum qilindi.

Hakamlar qo‘mitasi bu xato inson omili tufayli ro‘y berganini tan oldi: «Bu o‘yinning yakuniy hisobiga ta’sir ko‘rsatgan yaqqol xato edi. Qo‘mita tekshiruv o‘tkazmoqda va nima uchun VAR tizimi aralashmaganiga aniqlik kiritadi».

Keyinroq tafsilotlar paydo bo‘ldi, bu esa vaziyatni yanada yomonlashtirdi. ESPN jurnalisti Deyl Jonsonning ma’lumotiga ko‘ra, videoassisent Darren Inglend maydondagi hakam golni hisobladi deb o‘ylagan va bu epizodni tezda ko‘rib chiqqan. U golni bekor qilish uchun sabab ko‘rmagan, hech qanday qoidabuzarlik bo‘lmagan – va liniyani chizib ko‘rsatishga hojat yo‘q deb hisoblagan, shunchaki gol haqqoniyligini tasdiqlamoqchi bo‘lgan - grafiksiz ham ofsayd bo‘lmaganini ko‘rib turgan. Shuning uchun bosh hakamga: «Tekshiruv yakunlandi, sen haqsan degan». Bosh hakam esa aslida birinchi qaroridayoq golni ofsayddan urilgan deb topgandi, videohakamning ishi esa bu vaziyatda qarorni o‘zgartirish bo‘lishi kerak edi.
 
Yanada alamlisi, «shporlar» darhol o‘z golini urishdi va bu gol hisoblandi.

Jyeyms Meddison maydon markazidan to‘pni chapdagi Risharlisonga oshirdi, braziliyalik esa jarima maydoni ichida Son Hyon Minni topdi. «Tottenhem» sardori to‘pga bir teginishda Alissonning yonidan o‘tkazdi. Mezbonlar son jihatdan ustunlikda tezda foydalanishdi, ammo erta xotirjamlikka berilishdi: qizillar bu mavsumda bir necha bor, hatto kamchilik bo‘lib qolganida ham birinchi bo‘lib gol o‘tkazilgan o‘yinlarda g‘alabaga erishgandi.

Bo‘lim oxirida maydonda tushunarsiz holat edi: «Liverpul» kamchilik bo‘lib o‘yinni qanday qurish lozimligi haqida aniq tushunchaga ega emasdi, «Tottenhem» esa maydondagi ochiq hududlardan foydalandi, ammo hujumlarni yakunlashda diqqat bilan harakat qilishmasdi. Risharlisonning zarbasi ustunga tegdi, «shporlar» yana qator vaziyatlar yaratdi, ammo bu juda xavfli vaziyatlar emasdi.

Referi chetlatish va gollar bilan bog‘liq to‘xtalishlar uchun birinchi bo‘limga olti daqiqa qo‘shib berdi va bundan mehmonlar foydalanishdi. Van Deyk standart vaziyatdan keyin hujumda qoldi va to‘p qanotdan uzatilganda to‘pni  niderlandiyalik jamoadoshiga tashlab berdi. Kodi Gakpo keskin o‘girildi va to‘pni mezbon jamoa futbolchilari oyoqlari orasidan o‘tkazib darvoza to‘riga yo‘lladi.

Hujumchi golni nishonlamadi, buning o‘rniga tizzasini ushlab gazonga quladi. Tibbiyot xodimlari maydonga chiqishgani uchun futbolchilar yana qo‘shimcha bir necha daqiqa o‘ynashdi, bu daqiqalar vaqtida «Liverpul» hisobda oldinga chiqib olishga juda yaqin keldi: Saloh chap qanotda to‘pni qabul qilib oldi va maydon markazida ochilgan Diasga kesib o‘tuvchi pas berdi, ammo kolumbiyalik futbolchi to‘pga o‘z vaqtida yeta olmadi va uning zarbasi ustun yonidan o‘tib ketdi.

O‘zini noqulay his qilayotganiga qaramay, Gakpo maydonga qaytdi, ammo ikkinchi bo‘limda uning o‘rniga maydonda Diogu Jota paydo bo‘ldi. Ikkinchi bo‘lim startidagi o‘yin birinchi bo‘lim oxiridan ko‘p farq qilmasdi: mezbonlar hali ham katta kuch bilan oldinga tashlanar va ko‘p hollarda raqib jarima maydoniga kirishardi, ammo ularning vaziyatlari keskinroq tus olgandi. Alisson Meddison va Son Hyon Minning zarbalaridan keyin ikki bor qahramonlik ko‘rsatdi. Mehmonlar esa katta qiyinchilik bilan qarshi hujumlar uyushtirishardi.

59-daqiqada Posteko‘g‘li jamoasi birinchi bo‘limdagi golli kombinatsiyani aynan takrorladi va Son yana darvozani ishg‘ol etdi, ammo bu safar Risharlison Meddisonning uzatmasini qabul qilayotganda ofsaydda qolib ketdi. Umuman olganda, raqiblar vaziyatdan kelib chiqqan holda maksimum kuch bilan harakat qilishdi: mezbonlar hujum to‘lqinlari bilan mehmonlarning jarima maydoniga yopirilar, mersisaydliklar esa sabr bilan bu hujumlarni qaytarib, imkon tug‘ilganda Saloh va Dias juftligi tezkorligi evaziga oldingi chiziqda vaziyat yaratishga urinardi.

69-daqiqada «Liverpul» o‘yinda ijobiy natijaga erishish uchun oxirgi umididan mosuvo bo‘ldi. Maydonda yarim soat ham o‘tkazmagan Jota ikki daqiqa ichida keraksiz vaziyatlarda ikkita sariq kartochka ishladi — ikki holatda ham portugaliyalik hujumchi to‘p uchun kurashga kirishishda kechikdi va chopib borayotgan raqiblarni yiqitdi. Klopp esa birinchi bo‘limda qizil olib ketgan Jonsni quchoq ochib kutib olgan bo‘lsa, Jota maydonni yolg‘iz tark etdi — bu vaqtda qizillar jamoasi murabbiylar shtabi endi o‘yinni qanday qutqarib qolish ustida bosh qotira boshlagandi.

Yurgen Saloh, Dias va Gomesni o‘yindan olib, jamoani amalda hujum chizig‘isiz qoldirdi. Misrlik futbolchi 26 apreldan buyon ilk bor maydonni ballsiz (gol yoki pas) tark etib, 12 o‘yinlik seriyasini to‘xtatdi. Maydonga Ibraima Konate, Endo va Trent Aleksander-Arnold tushdi — 4-4-0 sxemasiga o‘tgan «Liverpul»ni juda og‘ir 20 daqiqalik kutib turardi.

«Tottenhem» hamon to‘p bilan ehtiyotkor harakat qilar va hujumda hech narsaga erisha olmasdi. Qolaversa, bosh murabbiy mehmonlarning ikkinchi qizilidan oldinroq Sonni o‘yindan olgandi. Mezbonlar vaqti-vaqti uzatmalar orqali sakkiz futbolchidan iborat «avtobus»dan o‘tishga urinar, ammo ko‘pincha uzoq masofadan zarba berishga urinib, keraksiz vaziyatlarda to‘p yo‘qotardi. Deyan Kulusevski barchadan faolroq bo‘ldi va tez-tez qanotdan markazga yorib o‘tishga urindi, ammo aytarli muvaffaqiyatga erisha olmadi.

Hal qiluvchi palla esa qo‘shib berilgan oltinchi daqiqaga to‘g‘ri keldi. «Liverpul» jarima maydoni yaqinida oddiy uzatmalardan keyin to‘p o‘ng qanotda oldinga tashlangan Pedro Porroga yetib bordi. Ispaniyalik himoyachi markazga uzatma berdi va Joel Matip to‘pni chiqarib yuborishga uringanida o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. U APL tarixidagi eng kech urilgan avtogol muallifiga aylandi.

Klopp va Posteko‘g‘li final hushtagi yangraganidan keyin iliq xayrlashishdi, ikki jamoa futbolchilari ham «Liverpul»ning kamerunlik himoyachisini yupatishga urinishdi. Mehmonlar ikki kishi kam bo‘lib qolib ham qahramonlarcha mudofaalandi va natijaga bir necha o‘n soniya yetmadi. Yurgenda hakamlikka savollar bisyor, «shporlar» esa ko‘proq gol urgani tufayli «Arsenal»dan oldinroqda joylashib, «Manchester Siti»dan keyingi ikkinchi o‘ringa joylashgan.

Kun statistikasi

  • «Luton» APLdagi 1-g‘alabasiga erishdi.
  • «Brayton» APLda ilk bor 6 gol o‘tkazib yubordi. «Chaykalar»da bunday holat o‘n yildan ortiq vaqt mobaynida ro‘y bermagandi — jamoa unda hali chempionshipda o‘ynardi. «Aston Villa» esa fenomenal effektivlik namoyish etmoqda, kutilgan gollar koeffitsiyenti bo‘yicha 1,5 golga o‘ynamoqda.
  • «Aston Villa» hujumchisi Uotkins bu mavsumda boshqa turnirlar ham hisoblanganda 2 bor het-trik qayd etdi. Birminghemliklar jamoasi futbolchilari bilan bunday holat 1976 yildan buyon kuzatilmagandi.
  • «Liverpul» futbolchilari so‘nggi olti o‘yinda 4 qizil kartochka olishdi. Bu undan oldingi 168 uchrashuvdagidan ko‘proq.
  • «Tottenhem» hujumchisi Son Hyon Min «katta oltilik» jamoalariga urgan gollari sonini 22 taga yetkazdi.
  • «Man Siti» ikki yildan keyin ilk bor ketma-ket ikki o‘yinda yutqazdi. Bunaqasi oxirgi bor 2021 yil avgustida ro‘y bergandi – Superkubok o‘yinida «Lester»ga 0:1 va APLda «Tottenhem»ga 0:1 hisoblarida yutqazilgan.

Turnir jadvali 

Ko‘proq yangiliklar: