Kurash O‘zbekiston uchun maksimal natija bilan boshlandi, yengil atletikada ilk medal, shaxmatda duranglar - Osiyo o‘yinlari dayjesti

Sport 23:37 / 30.09.2023 12491

Osiyo o‘yinlari qizg‘in pallaga kirmoqda. 30 sentabr kuni kurash bahslariga start berildi va 3ta vaznda o‘tgan bellashuvlar yakunida ham O‘zbekiston madhiyasi yangradi. 

Erkaklar o‘rtasida -66kg vaznda Artyom Shturbabinga teng keladigani topilmadi. Artyom finalda qo‘lidan jarohat olganiga qaramay eronlik raqibini mag‘lub etdi.

+90 kg vaznda Muhsin Hisomiddinov 2-bor Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylandi. 

Qizlar o‘rtasida -52kg vaznda oltin ham, kumush ham vakillarimizga nasib etdi. O‘zbekcha finalda Hilola Ortiqboyeva Sitora Elmurodovadan ustun keldi. 

Yengil atletikada birinchi medal bronza bo‘ldi. Bosqon uloqtirishda Suhrob Xo‘jayev Xitoy va Qatar atletlaridan so‘ng 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Boksda Abdumalik Halokov (-57 kg) chorakfinalga, Bahodir Jalolov (+92kg) esa 2-raunddagi texnik nokaut evaziga yarimfinalga chiqdi. -71 kg vaznga o‘tgan jahon chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev qozog‘istonlik Aslanbek Shimbergenovga yutqazib, musobaqa bilan xayrlashdi. Qizlardan -54kg vaznda Nigina O‘ktamova yaponiyalik raqibi ustidan irodali g‘alabaga erishib, yarimfinalga chiqish bilan birga Parij olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Shaxmatda jamoaviy bahslarda yigitlar jiddiy raqib Hindiston bilan murosa yo‘lini tanlashdi, qizlar ham durang qayd etdi — Filippin bilan (2:2). 

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar jamoasi Xitoy Taypeyini (2:1) qo‘shimcha bo‘limlarda mag‘lubiyatga uchratib, yarimfinalga yo‘l oldi. Keyingi raqib — Shimoliy Koreya.

Baydarkada eshkak eshishda qizlardan Yekaterina Shubina va Arina Tanatmisheva, yigitlardan Denis Onufriyev va Ozod Amriddinov juftligi 500 metrga suzishda finalga yo‘l olishdi. Kanoeda esa yigitlardan Artur Guliyev vv Kamron Ahtamov juftligi saralashda birinchi bo‘lib, hal qiluvchi bahslarda qatnashish huquqini qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, yakkalikda 1000 metrlik masofada Shahriyor Mahkamov (baydarka) va Vladlen Denisov (kanoe) finalga chiqishdi. 

Chim ustida hokkey (Bangladeshga 2:4)  suv polosi (Singapurga 11:14), 3x3 basketbolda (Tailandga 7:19) navbatdagi mag‘lubiyatlar qayd etildi.

O‘zbekiston hisobidagi oltinlar 10taga, jami medallar 37taga yetdi. Umumjamoa hisobida 5-o‘ringa joylashganmiz.

Ko‘proq yangiliklar: