O‘zbekiston elektromobil ishlab chiqarishni mahalliylashtirmoqchi. Bu import bojlariga ta’sir qiladimi?

Fan-texnika 13:11 / 30.09.2023 48900

Bir necha kun oldin Xitoyning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi BYD kompaniyasi asoschisi hamda prezidenti Van Chuanfun O‘zbekistonga tashrif buyurib, hukumat rasmiylari, xususan, davlat rahbari bilan uchrashuv o‘tkazgandi.

Uchrashuvda kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilingan. Shuningdek, Jizzax viloyatida BYD'ning gibrid va elektr avtomobillari ishlab chiqarilishini tez fursatda yo‘lga qo‘yish hamda keyingi bosqichlarda uning quvvatini 300 ming donaga yetkazish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Mahsulot tannarxini kamaytirish uchun butlovchi va ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish loyihalariga hamda avtomobillarni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilishni tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Elektromobil olib kirishdagi boj stavkasi o‘zgaradimi?

«O‘zavtosanoat»ning Daewoo, Chevrolet, Man, Isuzu kabi jahon brendlari bilan hamkorligi ichki bozorning tashqi raqobatdan to‘liq uzilishi va iste’molchilarning tanlovdan mahrum qilinishi bilan yakunlangan. Shu nuqtai nazardan, mahalliy ishlab chiqaruvchini himoya qilish uchun bojlar joriy etilishi va import qilish huquqi faqatgina bitta kompaniyaga taqdim qilinishi bo‘yicha jamoatchilikda xavotirlar paydo bo‘ldi.

Kun.uz vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Moliya va iqtisodiyot vazirligi bilan bog‘landi va «O‘zbekistonga elektromobil olib kirishda boj stavkasi o‘zgaradimi?» degan savol bilan murojaat qildi.

ISSV axborot xizmati boj stavkalarini oshirish masalasi vazirlikda muhomaka qilinmaganini ma’lum qildi, IMV esa bu narsa haqida oldindan biror narsa deb bo‘lmasligini bildirdi.

O‘zbekistonga elektromobil import qilishning amaldagi tartibi

Hozirda O‘zbekistonga elektromobil import qilishda QQS, utilizatsiya va bojxona yig‘imi undiriladi.

Bunda:

  • QQS avtomobilning bojxona qiymatidan 12 foiz;
  • utilizatsiya yig‘imi – agar elektromobilning ishlab chikarilgan muddati 3 yildan oshmagan bo‘lsa, BHMning 30 barobari (9,9 mln so‘m), 3 yildan oshgan bo‘lsa, BHMning 90 barobari (29,7 mln so‘m) miqdorida;
  • bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha yig‘im elektomobilning qiymatiga qarab BHMning 1 barobaridan 3,5 barobarigacha (330 ming – 1 mln 155 ming so‘m oralig‘ida) miqdorda bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, 2019 yil 1 yanvardan O‘zbekistonga elektromobil importi uchun boj to‘lovi bekor qilingan, o‘sha yil iyul oyiga borib aksiz solig‘i ham olib tashlangandi.

Hozirda elektromobil importidagi eng katta cheklov yiliga bittadan ortiq elektromobil olib kira olmaslik bilan bog‘liq. Buning uchun muvofiqlik sertifikati talab qilinadi.

O‘zbekistonga elektromobil import qilish dinamikasi

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning yanvar-iyul oylarida 10ta xorijiy davlatdan qiymati 217,1 mln dollarga 7391 ta elektromobil import qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 6084 taga yoki qariyb 6 barobarga ko‘p.

So‘nggi yillarda import qilingan elektromobillar soni:

  • 2018 yilda – 13 ta;
  • 2019 yilda – 39 ta;
  • 2020 yilda – 130 ta;
  • 2021 yilda – 809 ta;
  • 2022 yilda – 2 180 ta;
  • 2023 yil yanvar-iyul – 7391 ta.
Ko‘proq yangiliklar: