«Xirosima-94da chempion bo‘lganimizda Oksana bronza yutgandi, oradan 29 yil o‘tib u medallar uchun kurashmoqda. Haqiqiy chempion!». Ilhom Sharipov Chusovitina haqida

Sport 21:53 / 29.09.2023 13656

Xitoyda o‘tayotgan Osiyo O‘yinlarida qatnashayotgan o‘zbekistonlik sportchilari orasida eng tajribalisi Oksana Chusovitina sanaladi. Bu turnirda 6-marotaba ishtirok etgan 48 yoshli atletimiz bu gal alamli tarzda medallardan quruq qolgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik muxlis va mutaxassislar tomonidan e’tirof etilmoqda.

1994 yilgi Osiyo O‘yinlari g‘olibi bo‘lgan O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq futbolchisi Ilhom Sharipov Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatda Oksana Chusovitina turnirda medalsiz qolgan bo‘lsa-da, musobaqaning haqiqiy qahramoni deb atadi.

«Oksana Chusovitinaning Osiyo O‘yinlaridagi chiqishlarini alohida qiziqish bilan kuzatdik. Chunki u nafaqat o‘zbek sporti, balki jahon sportining haqiqiy tirik afsonasidir. Sportchimiz 4-o‘rinni egallab, alamli tarzda medalsiz qoldi. Shunga qaramay, biz uchun u haqiqiy chempion! Uning matonatiga qoyil qolmay iloj yo‘q.

Biz O‘zbekiston milliy jamoasi bilan Xirosimada o‘tgan 1994 yilgi Osiyo O‘yinlarida chempion bo‘lganimizda, Oksana bronza medali yutgandi. Oradan 29 yil o‘tdi. O‘zbekiston ilk marta qatnashgan Xirosima-94 turniri ishtirokchilari, sovrindorlarining ayrimlari hozir oramizda yo‘q, borlari ham allaqachon murabbiy, mutaxassis sifatida ishlab kelmoqda, aksariyati nafaqada nevaralari bilan mashg‘ul. Chusovitina esa haqiqiy professionallardek ishlashdan to‘xtayotgani yo‘q, ko‘p marta medallar yutdi, hozir ham 29 yil avvalgidek yurtimiz sha’ni uchun medalga kurashdi. Buning ortida qanchalik mehnat turganini faqat o‘zi his qila olsa kerak. Chusovitinaning Xitoydagi ishtiroki tahsinga sazovor. U bu safar medal yutolmagan bo‘lsa ham, e’tirofga munosib. Uning hamon kuch va g‘ayratga to‘la ekani, sportni qanchalik sevishi hayratlanarli», - deydi Xirosima-1994 chempioni Ilhom Sharipov.

Ma’lumot o‘rnida, Hangjoudagi payshanba kungi bahslarda Chusovitina tayanib sakrash dasturida finalda ishtirok etib, o‘z dasturlarini 13.383 ball bilan to‘rtinchi o‘rinda yakunladi.

Avvalroq, 48 yoshli gimnastikachi turnirdagi ishtirokidan keyin intervyu berib, 2026 yilda Yaponiyada o‘tadigan Osiyo O‘yinlarida ham ishtirok etishi mumkinligini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, Oksana Chusovitina sportchilar orasida Olimpiadalar tarixida eng ko‘p – 8 marta ishtirok etgan rekordchi hisoblanadi. U Osiyo O‘yinlarida ham 6 marta ishtirok etib, jami 8ta, shu jumladan ikkita oltin medal sohibiga aylangan.

Ko‘proq yangiliklar: