Xayrullo Bozorov birinchi o‘rinbosarini «Neftchi» klubi prezidenti etib tayinladi

Sport 10:17 / 29.09.2023 12958

Klub matbuot xizmati xabariga ko‘ra, «Istiqlol» stadionida Farg‘ona viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrullo Bozorov boshchiligida «Neftchi» jamoasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.

«Yig‘ilishda viloyat hokimi futbolni yanada rivojlantirish, «Neftchi» klubi qo‘lga kiritayotgan yutuqlarni ko‘paytirish va jamoaning Superliga musobaqalarida peshqadamlikni mustahkamlab olishini ta’minlash, buning uchun klub rahbariyati, futbolchilar, murabbiylar va boshqa mutaxassislar mas’uliyatini kuchaytirish masalalariga batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Viloyat hokimi klub prezidentligiga Habib Sirojitdinov tayinlanganligini e’lon qildi. Ayni paytda Habib Sirojitdinov viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritmoqda», - deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, bungacha Farg‘ona shahar hokimi Vosiljon Nazarov «Neftchi» klubi prezidenti sanalardi.

Ma’lumot uchun, Vitaliy Levchenko murabbiyligidagi «Neftchi» klubi Superligada 20-turdan keyin 37 ochko to‘plab 3-o‘rinda bormoqda. 2-o‘rindagi «Navbahor»da ham 37 ochko bor, peshqadam «Paxtakor» hisobida 43 ochko mavjud. Farg‘onaliklarda bir o‘yin zaxirasi bor.

Ko‘proq yangiliklar: