O‘zbekiston | 08:01 / 27.09.2023
6695
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Farg‘onada 500 MVt quvvatga ega QFS qurishni rejalashtirmoqda

Farg‘onaga 200 mln dollardan ziyod sarmoya kiritgan Xitoy kompaniyasi viloyatda yangi loyihalarni amalga oshirmoqchi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov Beshariq tumanida joylashgan O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi rahbarlari Guan Jong Vu hamda Erkin Mahmudovni qabul qildi.

Uchrashuvda Farg‘ona viloyatiga 200 million dollardan ziyod to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritgan Xitoyning Shaanxi Xiangsheng Industrial Group Co. Ltd kompaniyasi tomonidan o‘zi hammuassisligidagi korxonaga chegaradosh hududda qiymati 300 million dollar, quvvati 500 MVtlik quyosh fotoelektrik stansiyasini qurish loyihasi muhokama qilindi. 

Shuningdek, Qirguli sport-baliqchilik xo‘jaligi sifatida foydalanib kelinayotgan ko‘lni zamonaviy turistik xizmatlar bilan boyitilgan, mehmonxonalarni o‘z ichiga olgan cho‘milish va dam olish zonasiga aylantirish loyihasi ham uchrashuv kun tartibidan o‘rin oldi.

Xayrulla Bozorov tungi elektr ta’minotida kamayish bo‘lmasligini oldini olish maqsadida bunday loyihalar energiya saqlash batareya stansiyasini ham o‘z ichiga olishi lozimligini qayd etdi va bu borada loyihani qayta ishlangan holda taqdim etilishiga kelishib olindi.

Qirguli hududidagi ko‘lni zamonaviy turistik makonga aylantirish loyihasi o‘zlari uchun jozibador ekanini va Xitoyda bu yo‘nalishda qator loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirganini bildirgan Guan Jong Vu, Xitoydagi kompaniya direktorlar kengashi bilan kiritiladigan investitsiya hajmini kelishgan holda investitsion taklifni qisqa muddatlarda taqdim etishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid