Ulug‘bek Rashidov - Osiyo o‘yinlari chempioni

Sport 14:02 / 27.09.2023 19400

Osiyo o‘yinlarida -68 kg vazn toifasida ishtirok etgan taekvondochi Ulug‘bek Rashidov O‘zbekiston jamoasiga navbatdagi oltin medalni taqdim etdi.

U turnirdagi ishtirokini hongkonglik Lo Vay Fungni 14:1, 16:4 hisoblarida taslim etish bilan boshladi. 

Chorakfinalda Taybey vakili Yi Jui Chiuga qarshi bahsda 13:0, 17:4 hisoblarida mag‘lub etdi.

Yarimfinalda taekvondo vatani hisoblangan va turnirda ham eng ko‘p medallar jamg‘arayotgan Janubiy Koreya jamoasi vakili Jin Hojun ustidan 16:9, 16:7 hisoblarida g‘alaba qozondi.

Finalda esa iordaniyalik Abdulkarim Zaidga hech qanday imkoniyat qoldirmadi - 14:6, 13:9.

Shu kuni taekvondo bo‘yicha bahslarda O‘zbekiston jamoasining yana bir vakili Feruza Sodiqova ham finalga chiqqandi.

-67 kg vazn toifasidagi bahslarda qatnashgan ushbu sportchi o‘z yo‘lida tailandlik Tongchan Sasikarn (5:4, 11:10), qozog‘istonlik Nuray Hussaynova (6:8, 10:1, 7:2) va eronlik Melika Mirhossaynini (2:3, 13:10, 18:6) kabi raqiblarni mag‘lub etdi.

Ammo finalda xitoylik Song Jiyega yutqazib qo‘ydi - 0:2, 3:9.

Shu tariqa, O‘zbekiston jamoasi hisobidagi oltin medallar soni 6 taga, kumushlar soni 7 taga yetdi va umumiy reytingda 4-o‘ringa qaytildi.

Ko‘proq yangiliklar: