«Javob» – hayot savollariga javob berishni o‘rgatadigan asar

Jamiyat 12:25 / 27.09.2023 11531

Adib Erkin A’zamning «Javob» nomli qissasi bosh qahramoni Nuriddin Elchiyev ham 48 yoshga kirganda yashab o‘tgan umrini taftish qilib ko‘rdi va hayotning so‘roqlariga yaxshi javob berolmaganini va butun hayotini «qoniqarsiz» yashab o‘tganini tushunib qoldi. U qat’iy ahd qildiki, bundan keyingi sinovlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, a’lo javob berishga intilishi kerak…

Syujyet: 

Surxondaryoning chekka bir qishlog‘ida tug‘ilib-o‘sgan Nuriddin do‘sti Haydar bilan birga Toshkentga, Xalq xo‘jaligi institutining iqtisod fakultetiga imtihon topshiradi. Ikkisi ham talabalikka qabul qilinadi. O‘qib yurgan yillarining birida Nuriddin Toshkentda buvisi bilan birga yashovchi Mastura ismli qiz bilan bir-birini sevib qoladi. Ular turmush quradi. Vaziyat taqozosi bilan Nuriddin ichkuyov bo‘lib yashay boshlaydi.

Haydar esa Xolbeka ismli qizga uylanadi va ilmiy ish yozishga kirishadi. Tabiatan va aqliy jihatdan Nuriddin vazmin, bilimdon, ilmiy mashg‘ulotlarga ham toqatli edi. Haydar esa deyarli Nuriddinning aksi – tabiatan yengil, beqaror. O‘qishga ham Haydarning qistovi bilan topshirgandi. Ammo birdan o‘zgarib, ilmiy ish yoza boshlaganiga Nuriddin biroz hayron bo‘ldi. Haydar o‘rtog‘ini ham undadi, ammo Nuriddin negadir xohlamadi.

Kunlardan bir kuni Haydar Xolbekani yetaklab Nuriddindan vaqtinchalik boshpana so‘rab keldi. Masturalarning chortog‘ida bo‘sh yotgan ikki xona bor edi. Xolbekalar shu yerga joylashdi. Ammo tez kunda Xolbekaning nihoyatda tantiq, befarosatligi ayon bo‘ldi. Hattoki bir kuni Mastura bilan Haydarni bir-biriga suykalishib o‘tiribdi deya janjal ko‘tardi. Bu janjalga Nuriddin hech qanday munosabat bildirmadi, bildirolmadi. Birinchidan, tabiatan shunday jur’atsizroq edi. Ikkinchidan esa ayoliga qattiq ishonardi. O‘sha kuniyoq Haydarlar ko‘chib ketishdi. Ammo ketgach: «Do‘stim mendan xotinini qizg‘ondi», deb gap tarqatdi…

Haydar vaqt o‘tgan sari «katta odam»ga aylanib boraverdi. Avval kandidat, keyin fan nomzodi, so‘ng professor, bora-bora mamlakatdagi eng nufuzli institutning ustuniga aylandi-qoldi. Eng qizig‘i, obro‘ pillapoyasidan ko‘tarilgani sari Nuriddin bilan oralaridagi yaqinlik shunchalik pasayib boraverdi. Ilgari jo‘rajon deb yurardi, keyinroq quruqqina Nuriddin deb chaqiradigan, so‘ngroq esa rasmiy ohangda Elchiyev deb murojaat qiladigan bo‘ldi…

Elchiyev 4 farzandli bo‘ldi. Kattasi Jasura edi. Jasura yoshligidan ko‘p kasal bo‘lgan, ammo judayam aqlli va irodali qiz edi. O‘qishni bitirib loyihalashtirish institutiga ishga kirdi. U yerda bir yigit bilan ahdlashgandi. Yigit sovchi yubordi. Sovchilar qizning bechorahol uyini ko‘rib aynib ketdi. Yigit tez orada o‘ziga to‘q xonadon qiziga uylandi. Shundan beri Jasura odamovi va g‘amgin qizga aylandi. Elchiyev bu holatda o‘zini ozgina aybdor sezadi. Ammo bunday yigitdan vaqtida ayrilgani yaxshi bo‘ldi deb ham o‘ylaydi.

Ikkinchi farzandi – Kamoliddin. O‘qishga o‘tolmagach ikki yillik harbiy xizmatga bordi. U yerdan tamoman o‘zgarib qaytdi. Keyin zavodga ishga kirib, sirtqi o‘qishga topshirdi. Ham o‘qib, ham ishlay boshladi. Ammo ko‘p ichib-chekadigan odat chiqardi. Nuriddin bir kuni o‘g‘lini yolg‘iz yashaydigan qo‘shni qiz Dina bilan birga ko‘rib qoldi. Dina Kamoliddindan katta edi. Qolaversa, erga tegib ham chiqqan, baletchilik qilardi. Bu borada o‘g‘li bilan qattiq tortishib qoladi. Elchiyev o‘g‘li bilan butunlay boshqa-boshqa insonga aylanib qolishganidan, qarama-qarshi fikrlashayotganidan qattiq larzaga tushadi.

Nuriddin bir kuni do‘konga mineral suv so‘rab kiradi va u yerda arzimas sabab bilan janjal ko‘tariladi. Bolasi tengi yigitlar uni o‘lasi qilib do‘pposlashadi. Uch hafta kasalxonada yotib chiqadi. Yigitlarga jinoiy ish ochiladi. Ammo tez orada Elchiyevga har xil odamlar orqali arizani qaytarib olish kerakligi xaqida xabarlar kela boshlaydi. Pul, mansablar taklif qilinar, bo‘lmagach tahdidga o‘tilardi. Ammo Elchiyev sira rozi bo‘lmadi.

Bir kuni Nuriddinni ishxonadagi eng katta rahbari chaqirayotganini aytib qolishdi. Elchiyev katta hayajon bilan rahbar huzuriga kirdi. Umrida biror marta Nuriddinga e’tibor bermagan odam – Fayzullayev xuddi eski qadrdonini uchratib qolgandek yaqin olib so‘rashdi. Elchiyev iyib ketdi. Fayzullayev xodimidan arizani qaytib olishini iltimos qildi. Qattiq hayajonda turgan Nuriddin rozilik berib yuboradi.

Uyga kelgach o‘zini xonumonidan ayrilgandek his qiladi. Bolalarining baxtsizligi, Haydar bilan munosabatlari, bolalari tengi mishiqilardan kaltak yegani va Fayzullayev oldidagi taslimiyati unga alam qilib ketgandi. Birdan ko‘ziga hech narsa ko‘rinmay qoldi va vannaxonaga kirib tomirlarini tildi. Chanqab suv ichgani kirgan Kamoliddin otasini qutqarib qoldi.

Elchiyev kasalxonada yotarkan hayotning qadriga ilk bor yetayotganini tushunib qoladi. Ikki kam ellik yoshga kirganda butun hayotini, odamlar bilan munosabatini sarhisob qildi va hamma xato o‘zida ekanini angladi. Bundan keying hayotini endi boshqacha yashashga qaror qildi…

Tahlil:

Chindan ham hamma xato Elchiyevning o‘zida edi. To‘g‘ri, u halol va kamtarona umr kechirdi. Ammo unda kamtarlik va jur’atsizlik me’yoridan oshiq edi. Hayot esa jur’atsizlarni ayamaydi. U doimiy nimalardadir o‘zini mas’uliyatli, nimalardadir o‘zini javobgar deb yashardi. Ammo inson ozgina mas’uliyatdan o‘zini soqit qilib yashash, erkin hayot kechirish ham kerak. Elchiyev o‘ylab qarasa, ko‘p hollarda boshiga kelgan omad qushlarini o‘zi uchirib kelgan ekan. O‘zi erishishi mumkin bo‘lgan cho‘qqilarga chiqolmayman, loyiq emasman deb o‘ylab, ko‘p narsani boshlamay tugatgan ekan. Nimagaki duch kelsa, sabr-qanoat bilan o‘tkazib yuboraveribdi. 

Nuriddin ham tengdoshlari Haydar, Fayzullayevlar singari martabali inson bo‘lib yetishishi mumkin edi. Talabalik davrlarida ulardan o‘n chandon bilimli va iqtidorli edi. Ammo u o‘zi belgilagan qarichiga kelganda to‘xtadi. Endi bilsa, marrani juda yaqin olibdi. Uzoqlarni ko‘zlagan, oyga ko‘z tikkan Haydarlarning allaqachon oshig‘i olchi bo‘libdi.

Asarda ota-ona va bolalar o‘rtasidagi munosabat ham ko‘rsatilgan. Farzand uchun ota-onadan yaqin va sodiq do‘st yo‘q. Ammo ulg‘aygan sari bu tushunchadan uzoqlashib ketadi. Bu holat 30-35 yoshgacha davom etib, so‘ng farzandning qarashlari ortga qaytadi. Ya’ni aslida ota-onasi u uchun chin do‘st ekanini anglaydi. Ammo yana bir yo‘l bor. Ota-ona bolani yoshligidan o‘zaro fikrlashib, maslahatlashib, sirlashib ulg‘aytirsa, u ota-onasidan hech narsani yashirmaydigan bo‘ladi. O‘ta qattiqqo‘llik yoki o‘ta yumshoq munosabat bolani ota-onadan uzoqlashtiradi. Shuning uchun oltin o‘rtalikni topib olish kerak.

Nuriddin qizi bilan oralarida qalin pardani saqlagan. Shu sababdan kechmishlarini Jasuraga aytib, qiziga dalda berolmadi. Qizi ham yorilolmadi. Kamoliddin esa barcha xulosalarini ko‘chada chiqarib ulgurgan. Uning ideali dadasi emas. Dadasi kabi imkoni bo‘la turib xarob bo‘lib yasholmaydi. Otasi o‘zini tushunmasligiga ishonchi komil. Shu sababdan ham Dina bilan nega yurishini ham tushuntirib o‘tirmoqchimas. 

Otalar va bolalar o‘rtasida tafovut har doim bo‘lib kelgan. Ammo bu davrdan yengilroq o‘tish ham mumkin. Buning uchun farzandning qiziqishlaridan doimiy xabardor bo‘lish, farzandi qiziqqan sohalarni oz bo‘lsa-da o‘rganib ko‘rish, umuman olganda zamon bilan hamnafas yashash. Elchiyev ayni shu omillarni nazardan qochirgandi.

Hechdan ko‘ra kech deganlaridek, u o‘zining qarashlarini, xato va kamchiliklarini tahlil qilib ko‘rdi va aslida qanday yashash kerakligini, har bir xatti-harakatda me’yorni saqlash lozimligini, vijdonga qarshi bormagan holatda katta maqsadga intilib yashash lozimligini tushunib yetdi. Bir so‘z bilan aytganda odam yashaganiga yarasha yonib yashashi zarur ekan…

Gulasal Qodirova, kitobxon

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: