“Qora kamar” – millatning asl jonkuyarlari tanazzuli haqidagi asar

Jamiyat 18:37 / 27.11.2023 18157

Yasha Sho‘ro, yasha Sho‘ro!
Sen yashaydurgon zamon.
Ishchi o‘g‘li shuhratingdan
Balqisin ro‘yi jahon!
Yasha sho‘ro, yasha sho‘ro!

Bir paytlar ayni shu misralarni xalqimiz shior darajasigacha chiqargan edi. Makkor sho‘roning tashviqoti, hiyla-nayrangi natijasida sho‘ro tuzumiga sig‘inish holatida edi. Mustamlakachilarning makkorligiga uchmagan, ozodlik uchun kurashgan, erk yo‘lida jon tikkan mardlarni istibdodchilar xalqqa “bosmachi” sifatida tanitar, qonxo‘r deya yomon ko‘rsatardi. Xalqimizning soddaligi, shirin gapga uchib ketaverishi pand berdi va “bosmachi”lar tor-mor etildi. 

Yillar o‘tib “bosmachi”larning “bosmachi” emasligi, aslida erk uchun qo‘liga qurol olgan vatanparvarlar ekani ochiqlandi. Xalq ongidagi ular haqidagi noto‘g‘ri tushunchalarni supurib tashlash maqsadida ko‘plab tashviqotlar olib borildi, badiiy asarlar yaratildi. Shulardan bittasi Shukur Xolmirzayevning “Qora kamar” pesasidir.

Syujyet:

Asar Surxon qo‘rboshisi Xurrambekning Afg‘onga qochib ketgan Oston ismli navkarini so‘roq qilishi bilan boshlanadi. Oston “boshqa qon to‘kmayman” deya qasam ichib, qochib ketgan edi. Ammo otidan ko‘zi qiymay, qaytgandi. 

Bir qancha vaqt avval Xurrambek Ibrohimbek qo‘rboshi bilan tortishib qolgach, Ibrohimbek odamlari bilan Afg‘onga o‘tib ketgandi. Xullas qo‘rboshilar o‘rtasida o‘zaro nizo chiqib tarqalib ketishgandi. 

Ularning 50 ming qo‘shini bo‘lib, Anvar posho boshqarar edi. Anvar posho vafotidan keyin boshqaruv Ibrohimbek qo‘liga o‘tadi. O‘rtada Xurrambek bilan ixtilof chiqib, Ibrohimbek Afg‘onistonga o‘tib ketadi. Barcha qo‘rboshilar birin-ketin tor-mor etila boshlaydi.

Xurrambek Ostondan hozirgi kunda Ibrohimbek afg‘onda qaroqchilik qilib kun ko‘rib yurganini, Xurrambek undan kechirim so‘ramaguncha inglizlarning qurol-yarog‘ini o‘tkazmoqchimasligini eshitadi. 

Bu orada unga Farg‘onadan Abdulla Nabi ismli yigit kelib hammani sho‘ro hukumatiga qo‘shilishini tashviq qilib yurganini, xalq uning ketidan ergashayotganini aytishadi. Qo‘rboshi odamlariga Abdullani tutib kelishlarini buyuradi.

Bir payt Xurrambek bolalar ovozini eshitib qoladi. Ular:

Yasha Sho‘ro, yasha Sho‘ro!

Sen yashaydurgon zamon.

Ishchi o‘g‘li shuhratingdan

Balqisin ro‘yi jahon!

Yasha sho‘ro, yasha sho‘ro!

deya xirgoyi qilib kelishardi. Bu bolalar Xurrambekning o‘g‘li Umidjon va uning do‘stlari edi. Ularni otalarining yoniga taslim bo‘lishga da’vat uchun yuborishgandi. “Yasha sho‘ro” she’rini ularga Abdulla Nabi yodlatgandi. Xurrambek o‘g‘liga qo‘shib hamma bolalarni o‘ldirishni buyuradi. Bolalarni to‘qayga olib ketgan odam Umidjonnigina qaytarib olib keladi. O‘ldirishga qo‘li bormaydi.

Abdulla Nabini tutib keltirishadi. Ammo uning tilini kesib olishgandi. Shu sabab Xurrambek Abdulla bilan gaplasholmay xunob bo‘ladi. 

Asar so‘ngida qo‘rboshi tushunadiki, o‘zi ko‘yida yonib yurgan xalqi misoli bir poda – kim qayerga yetaklasa, yemish ko‘rsatsa ketaveradi. Aldovlarga tez ishonadi. Buni tushungandan so‘ng Xurrambek ruhan sinadi va chindan yengilganlarini anglab yetadi...

Tahlil:

Asarda asosiy urg‘u ozodlik harakatidagi yo‘l qo‘yilgan xatoliklar va turkiy xalqlarning birlasholmagani oqibati, qo‘rboshilarning rahbarlikka intilishi kabilarga berilgan. Asarda Eshoni Sudurning gapi keltiriladi: “Turkiy xalqlar birikmaydi. Ul biriksa, yorug‘ olam oyoqlarimiz ostida bo‘ladi”. Ushbu gap nechog‘liq haqiqat ekanini ozodlik harakatining qanday yakunlanganidan ham ko‘rish mumkin. 

Asarning “Qora kamar” deya atalishiga sabab shuki, voqealar surxondagi kamarlardan birida sodir bo‘ladi. Xurrambek joylashgan kamarni Qora kamar deb atay boshlashadi. Qora rangi yovuzlik timsoli. Istilochilar xalqqa Xurrambeklarni shuqadar yomon ko‘rsatishgandiki, xalq ulardan nafratlanib, “bosmachilar” o‘rnashgan joyga “qora” so‘zini qo‘shib aytishardi.

Xurrambek chin dildan vatan uchun yonib-kuyardi. Sho‘rolar yo‘lidan yura boshlagan, miyasi zaharlanayotgan bolalarni ham ayab o‘tirmas darajada jon koyitardi. Millatining erkin bo‘lishi u uchun o‘z tinchligidan, oilasi, bola-chaqasidan, umuman barcha shaxsiy masalalaridan ustunroq edi. Ammo u ham boshqa qo‘rboshilar singari bahamjihatlikni ta’minlay olmadi. 

“Bosmachi”lar qo‘lida dastlab 50 ming navkar bor edi. Kuch yetarli, ammo eng asosiy narsa – birdamlik bo‘lmadi. Oqibatda shuncha kuch bekor ketdi. 

Asarda Abdulla Nabi sho‘rolar siyosatiga aldangan ziyolilar timsoli bo‘lib kelgan. Ayni shundaylardan ko‘proq qo‘rqish kerak. Chunki aql – katta kuch. Agar u noto‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirilsa, yovuzliklarga xizmat qiladi. Abdulla Nabi aqlli yigit, yaxshi notiq edi. Odamlar ham unga ishonib, ketidan ergasha boshladi. Agar u xalqni bo‘yin egmaslikka, sho‘roga ishonmaslikka da’vat qilganda edi...

Xurrambek asar oxirida xalqdan juda xafa bo‘ladi. Kim yaxshi ishontirsa, o‘sha tarafga og‘ib ketaveradigan, qursog‘idan boshqa dardi bo‘lmagan, yaxshi yashasak, sog‘ bo‘lsak bo‘ldi deydigan qo‘ydek yuvosh xalqidan ranjiydi. Aslida kimlar uchun, qanday xalq uchun shuncha tirishayotganini fikr qila boshlaydi. Haqiqiy himoyachilarini yomon ko‘rib, Abdulla Nabi ketidan ketayotganlarni ko‘rib hammasiga tushunadi. Uning haqiqiy yutqizig‘i ham ana shu onda, hammasini tushungan damda sodir bo‘lgandi…

Gulasal Qodirova, kitobxon

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: