Afg‘oniy dunyodagi eng barqaror valutalardan biriga aylandi. Qanday qilib?

Iqtisodiyot 23:27 / 27.09.2023 39723

Mamlakatdagi inqirozli vaziyatga qaramay, Afg‘oniston milliy valutasi dunyodagi eng barqaror valutalardan biriga aylandi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, afg‘oniy uchinchi chorakda 9 foizga, yil boshidan buyon esa 14 foizga mustahkamlangan. Bu – Kolumbiya va Shri-Lanka valutalaridan keyingi eng yaxshi uchinchi ko‘rsatkichdir.

Valuta nazorati, naqd pul tushumlari va pul o‘tkazmalari miqdorining oshishi Afg‘oniston milliy valutasi mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etgan. Xususan, mamlakatdagi mahalliy operatsiyalarda AQSh dollari va Pokiston rupiysidan foydalanish taqiqlandi. Dollarni mamlakatdan tashqariga olib chiqishga cheklovlar kuchaytirildi. Onlayn savdo noqonuniy deb e’lon qilindi.

Bloomberg milliy valuta kursi mustahkamlanishining yana bir omili sifatida insonparvarlik yordamining muntazam yetkazib turilgani va qo‘shni davlatlar bilan savdo hajmining oshishini keltirgan.

Mamlakatda umumiy vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Jahon banki hisobotiga ko‘ra, Afg‘onistonda ishsizlik avj olgan, uy xo‘jaliklarining uchdan ikki qismi asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishga qiynalmoqda.

«Qattiq valuta nazorati ishlamoqda, ammo iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy beqarorlik valuta kursining bu mustahkamlanishini qisqa muddatli hodisaga aylantiradi», deya ta’kidlagan Yaqin Sharq, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi bo‘yicha ekspert Kamran Boxari.

Pul ayirboshlash tizimi

Hozir Afg‘onistonda xorijiy valuta savdosi asosan sarrof deb ataladigan qorabozordagi valutafurushlar orqali amalga oshiriladi. Ular bozorlarda savdo rastalari o‘rnatadi yoki shahar va qishloqlardagi do‘konlarda ishlaydi.

Kobuldagi Sarai Shahzoda bozori mamlakatning amaldagi moliyaviy markazi bo‘lib, har kuni sarroflar qo‘lidan o‘nlab million dollar ekvivalentidagi mablag‘ o‘tadi. Bu borada hech qanday cheklov o‘rnatilmagan. Moliyaviy sanksiyalar tufayli deyarli barcha pul o‘tkazmalari Hawala pul o‘tkazmalari tizimi orqali amalga oshiriladi.

BMTning moliyaviy kuzatuv xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonga bu yil 3,2 milliard dollarga yaqin yordam kerak bo‘ladi, shundan 1,1 milliard dollari yetkazib berilgan. O‘tgan yili 41 million mamlakat aholisining yarmi ochlik bilan to‘qnash kelgani sababli tashkilot taxminan 4 milliard dollar pul ajratgan.

2010 yildan 2023 yilgacha BMT tomonidan Afg‘onistonga ajratilgan mablag‘lar

Jahon banki prognozlariga ko‘ra, Afg‘oniston iqtisodiyoti joriy yildan qisqarishni to‘xtatadi va 2025 yilgacha 2-3 foizlik o‘sish kuzatiladi. Shu bilan bir qatorda, tashkilot «Tolibon» ayollarga nisbatan repressiyani kuchaytirayotgani sababli global yordamning qisqarishi xavfi yuqori ekanini ham qayd etgan.

«Valuta operatsiyalari bo‘yicha qat’iy cheklovlar va savdoning asta-sekin yaxshilanishi afg‘oniyga bo‘lgan talabni oshirmoqda», deydi iqtisodiy risklar bo‘yicha tahlilchi Anvita Basu. Uning qo‘shimcha qilishicha, Afg‘oniston milliy valutasi yil oxirigacha hozirgi darajada barqarorlashishda davom etishi mumkin.

Mineral resurslar

Afg‘oniston zamini tabiiy resurslarga boy. Ularning umumiy qiymati 3 trillion dollarga baholangan. «Tolibon» ma’muriyati Xitoy, Britaniya va Turkiya kompaniyalari bilan temir, ruda va oltin qazib olish bo‘yicha 6,5 milliard dollarlik shartnomalar tuzgan. Shuningdek, yanvar oyida Xitoy kompaniyasi bilan neft qazib olish bo‘yicha bitim imzolangan. May oyida «Bir kamar va yo‘l» tashabbusi doirasida milliardlab dollar jalb etishi mumkin bo‘lgan infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha kelishuv bo‘lgan.

Shuningdek, munosabatlardagi keskinlikning yumshashi sifatida sentabr oyida AQSh biznes delegatsiyasi global investorlarni jalb qilish uchun Kobulda konferensiya o‘tkazdi. Ayni paytda Pokistondan Afg‘onistonga olib kirilayotgan dollarlar ham mamlakatdagi valuta siyosatiga muhim ta’sir o‘tkazgan.

Afg‘oniy kursining o‘zgarishi

Valuta bosimi pasaygani sababli, Afg‘oniston Markaziy banki dollar olish limitini biznes uchun oyiga 25 ming dollardan 40 ming dollargacha, jismoniy shaxslar uchun esa haftasiga 600 dollargacha oshirgan.

Vaziyat og‘irligicha qolmoqda

Naqd pul oqimi bilan bog‘liq vaziyat biroz o‘nglangan bo‘lsa-da, mamlakatdagi ijtimoiy vaziyat va moliyaviy istiqbol dahshatli bo‘lib qolmoqda. Qo‘shma Shtatlar muzlatilgan 9,5 milliard dollarlik valuta zaxirasidan 3,5 milliard dollarni qaytarishga rozi bo‘lgan edi, biroq markaziy bankning «Tolibon»dan mustaqil emasligi hamda pul yuvish va terrorizmga qarshi kurashda kamchiliklari borligi aniqlanganidan keyin ish to‘xtatib qo‘yildi.

BMTning ogohlantirishicha, agar bu yil tashqi yordam 30 foizga kamaysa, aholi jon boshiga daromad 306 dollargacha yoki 2020 yil darajasidan 40 foizgacha kamayishi mumkin.

Ayollarga nisbatan keng qamrovli cheklovlar «Tolibon» ma’muriyati ichidagi bo‘linishni ham kuchaytirgan. Hukumatning ba’zi vakillari ularning oliy rahbari Haybatulloh Oxundzodani ochiq tanqid qilgan. 2021 yil avgustida Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgach, «Tolibon» ayollarga nisbatan bosqichma-bosqich tarzda turli cheklovlarni joriy qilishni boshladi. Xususan, ayol teleboshlovchilarning ro‘mol o‘rashi majburiy qilindi, ayol aktrisalar ishtirokidagi dramatik filmlar va ko‘rsatuvlar namoyishi taqiqlandi. Qizlarning o‘rta maktabda ta’lim olishi, universitetlarda o‘qishi cheklandi, ayollarga barcha milliy va xalqaro nohukumat tashkilotlarida ishlash taqiqlandi. Bu qarorlar ko‘plab xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT tomonidan tanqidlar to‘lqiniga sabab bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: