Qo‘shtepa tumanida voyaga yetmagan shaxs 5 yoshli bolani pnevmatik qurolda otib qo‘ydi. “Bu kun” informatsion dasturida ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchi qurolda o‘q yo‘q deb o‘ylagan.
Holat tumanning Karnaychi mahallasida sodir bo‘lgan. Abdulloh uyi yonidagi chorva xo‘jaligiga dadasini ovqatlanishga chaqirish uchun borgan. O‘sha yerda bo‘lgan 8-sinf o‘quvchisi esa so‘ri ostida turgan pnevmatik qurolni olib, unga o‘qtalgan va otgan.
“Har doim dadasini ovqatlanishga aytgani borardi. Xo‘jalik uyimiz orqasida, yaqin. O‘sha kuni ham xo‘jalikka borib, dadasining oldida o‘tirgan ekan. U bola so‘rining tagidan miltiqni olib, o‘qi yo‘q deb bolamga qarata otibdi. 8-sinfda o‘qirkan, ikki mahalla narida turadi, xo‘jalikka suv olgani kelib turishadi”, degan Abdullohning onasi.
Shifoxonaga olib borilgan bolakay zudlik bilan operatsiya qilingan. 5 soat davom etgan jarrohlik amaliyotida bolaning yuragi to‘liq to‘xtatilib, uning chap qorinchasiga kirib qolgan o‘q chiqarib olingan. Shifokorlarning ta’kidlashicha, hozirgi kunda bolaning ahvoli yaxshi.
Hozirda holat yuzasidan Qo‘shtepa tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilyapti. Tekshiruv yakuniga ko‘ra holatga qonuniy baho berilishi ma’lum qilingan.