2020 yil 1 avgustdan O‘zbekistonga transport vositalarini import qilishda utilizatsiya yig‘imi joriy qilingandi. Shu bilan birga, hukumat qarorida 2021 yildan boshlab eskirgan transport vositalarini ixtiyoriy ravishda utilizatsiya qilish uchun rag‘batlantirish mexanizmini ishlab chiqish belgilangandi.
Bu bilan amalda import qilinayotgan avtomobillar uchun yirik miqdorda “ekologik soliq” joriy qilindi, ammo ishlab chiqarilganiga 40 yildan oshgan eski mashinalarni utilizatsiya qilish boshlanmadi.
Utilizatsiya yig‘imi amalda ekologiyadan ko‘ra mahalliy avtomonopol kompaniyaga ko‘proq foyda keltirmoqda.
Utilizatsiya yig‘imi nima uchun kerak?
Butun dunyoda ekologik vaziyat yildan yilga yomonlashib bormoqda. Shu jihatni inobatga olgan holda, ko‘plab davlatlarda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar sog‘lig‘ini va atrof-muhitni o‘z iste’mol xususiyatlarini yo‘qotgan transport vositalarining zararli ta’siridan himoya qilish maqsadida utilizatsiya yig‘imi to‘lanadi.
O‘zbekiston yo‘llarida ham past samarali, o‘tgan asrning 70-80-yillarida ishlab chiqarilgan eski avtomobillar, qishloq xo‘jalik texnikalari hamon yuribdi. Ular ekologik normalar talablariga javob bermaydi va asta-sekin utilizatsiya qilinishi kerak. Shuning uchun ham respublikada utilizatsiya yig‘imi joriy qilingandi.
O‘zbekistonda utilizatsiya qilish ishlari qanday tartibga solinadi?
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 iyundagi “G‘ildirakli transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar va ularning tirkamalari uchun utilizatsiya yig‘imini joriy etish to‘g‘risida” 347-son qaroriga muvofiq, utilizatsiya yig‘imi stavkalari va utilizatsiya yig‘imi to‘lanadigan g‘ildirakli transport vositalarining ro‘yxati tasdiqlangan.
Belgilangan tartibga ko‘ra, utilizatsiya yig‘imining miqdori transport vositasining turi, toifasi va ishlab chiqarilgan vaqtiga qarab, bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 30 barobaridan (9 mln 900 ming so‘m) 1500 barobarigacha (495 mln so‘m) qilib belgilangan.
Ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lgan, ishlab chiqarilganiga 3 yildan ortiq vaqt bo‘lmagan yengil avtomobillar uchun yig‘im miqdori quyidagicha:
- dvigatel hajmi 1000 sm kubgacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 30 barobari miqdorida – 9 mln 900 ming so‘m;
- dvigatel hajmi 1000-2000 sm kubgacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 120 barobari miqdorida – 39 mln 600 ming so‘m;
- dvigatel hajmi 2000-3000 sm kubgacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 180 barobari miqdorida – 59 mln 400 ming so‘m;
- dvigatel hajmi 3000-3500 sm kubgacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 180 barobari miqdorida – 59 mln 400 ming so‘m;
- dvigatel hajmi 3500 sm kubdan ortiq bo‘lgan avtolar uchun BHMning 300 barobari miqdorida – 99 mln so‘m;
- elektrodvigatelga ega bo‘lgan transport vositalari uchun BHMning 30 barobari miqdorida – 9 mln 900 ming so‘m.
Ishlab chiqarilganiga 3 yildan ortiq vaqt bo‘lgan transport vositalari uchun:
- dvigatel hajmi 1000 sm kubgacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 90 barobari miqdorida – 29 mln 700 ming so‘m;
- dvigatel hajmi 1000-2000 sm kubgacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 210 barobari miqdorida – 69 mln 300 ming so‘m;
- dvigatel hajmi 2000-3000 sm kubgacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 330 barobari miqdorida – 108 mln 900 ming so‘m;
- dvigatel hajmi 3000-3500 sm kubgacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 390 barobari miqdorida – 128 mln 700 ming so‘m;
- dvigatel hajmi 3500 sm kubdan ortiq bo‘lgan avtolar uchun BHMning 480 barobari miqdorida – 158 mln 400 ming so‘m;
- elektrodvigatelga ega bo‘lgan transport vositalari uchun BHMning 90 barobari miqdorida – 29 mln 700 ming so‘m.
Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekistondagi bazaviy hisoblash miqdori (BHM) 330 ming so‘mni tashkil etadi.
Utilizatsiya yig‘imi ekologiyani himoya qilyaptimi yoki monopoliyani?
Asosan, chekka hududlarda, ayrim holatlarda esa yirik shaharlar markazlarida ham eskirib ketgan, chirigan yengil avtomobillar, yirik texnikalarning harakatlanib yurganini ko‘ramiz. Egasi uni na sota oladi, na tashlab yuboradi. Metallolomga topshirishdan arzimas pul olish foyda bermaydi, ayrim ehtiyot qismlari turli qotishmalardan iborat bo‘lgani uchun metallolom ham ularni qabul qilmaydi. Qolaversa, eski avtomobillarning ham aksariyat ehtiyot qismlaridan qayta foydalanish mumkin. Shu sababdan ham dunyoning rivojlangan va hatto rivojlanayotgan davlatlarida avtomobillarni utilizatsiya qilish tizimi ishga tushirilgan.
E’tiborga molik jihati, yuqorida tilga olingan Vazirlar Mahkamasining 347-son qarorida 2021 yildan boshlab, O‘zbekistonda eskirgan transport vositalarini ixtiyoriy ravishda utilizatsiya qilish uchun jismoniy va yuridik shaxslarni rag‘batlantirish mexanizmi joriy etilishi belgilangan edi. Ya’ni kimningdir ixtiyorida bo‘lgan avtomashinaga ma’lum bir miqdorda pul to‘lash barobarida eski avtomashinani olish va uni utilizatsiya qilish. Ammo qarorning bir tomonlama ishlashi ortidan ishlab chiqarilganiga 40-50 yil bo‘lgan avtomashinalar ham harakatlanib yuribdi, bemalol sotilyapti.
O‘z-o‘zidan savol paydo bo‘ladi, yuqoridagi qarorni qabul qilishdan asl maqsad nima edi: ekologiyani asrashmi yoki budjetga pul tushirish hamda mahalliy avtomonopol kompaniyani himoya qilish? Masalan, chetdan import qilinayotgan yangi Toyota Corolla avtomobili uchun 39 mln 600 ming so‘m (3250 dollar), ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshgan ushbu modeldagi avtomobil uchun esa 69 mln 300 ming so‘m (5700 dollar) to‘lov to‘lash kerak. Ammo tanganing ikkinchi va eng muhim tomoni – eskirib ketgan avtomashinalarni utilizatsiya qilish bo‘yicha tizim ishlab chiqilgani yo‘q. Bu borada aniq tartib va mexanizmlar ham joriy qilinmadi.
Kun.uz vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi (347-sonli qaror ijrosini ta’minlash aynan ushbu vazirlikka yuklatilgan) bilan bog‘landi va “Nima uchun ixtiyoriy utilizatsiyani rag‘batlantirish tizimi haligacha ishlab chiqilmadi?” degan savol bilan yuzlandi. Vazirlik matbuot xizmati esa bu borada hech qanday ma’lumotga ega emasligini bildirdi. O‘z-o‘zidan savol paydo bo‘ladi: agar tizim ishlab chiqilmagan bo‘lsa, import qilinayotgan avtomashinalardan undirilayotgan katta miqdordagi to‘lovlar qayerga ketyapti?
UzAuto Motors utilizatsiya yig‘imi to‘layaptimi?
Qarorda “Transport vositalarining mahalliy ishlab chiqaruvchisi hisobot oyidan keyingi oyning 20-sanasiga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida sotilgan transport vositalari bo‘yicha utilizatsiya yig‘imini to‘laydi va bu haqda o‘zi joylashgan hududdagi soliq organiga utilizatsiya yig‘imi hisob-kitoblarini elektron shaklda taqdim etadi”, degan alohida band bor. Bu – UzAuto Motors ham O‘zbekiston hududida sotayotgan har bir avtomobili uchun chetdan import qilinayotgan avtomobillar bilan bir xil, mashinaning dvigatel hajmidan kelib chiqib “ekologik soliq” to‘lashi kerakligini anglatadi.
Xususan, mahalliy ishlab chiqaruvchi joriy yilning yanvar-avgust oylarida 65 486 dona Cobalt, 52 681 dona dona Gentra, 52 547 dona Damas, 24 473 dona Tracker, 18 535 dona Onix, 2133 dona Nexia-3 va 13 972 ming dona maxsus yengil avtomobillar ishlab chiqargan. Xo‘sh ushbu avtomobillar uchun qancha miqdorda utilizatsiya to‘lovi to‘lanishi kerak bo‘lgan?
Na kompaniyaning axborot bazasida, na Soliq qo‘mitasining hisobotlarida UzAuto Motors utilizatsiya to‘lovi to‘layotgani haqida ma’lumotlar uchramaydi. Kun.uz “2022 yilda va 2023 yilning birinchi yarmida UzAuto Motors kompaniyasi qancha utilizatsiya yig‘imi to‘lagan?” degan savol bilan “O‘zavtosanoat” va Soliq qo‘mitasi matbuot xizmatiga murojaat qildi, hozircha bu borada hech qanday ma’lumot taqdim qilinmadi.
Joriy yilning dastlabki 8 oyida eng ko‘p eksport qilinuvchi Cobalt avtomobili misolida qancha yig‘im to‘lanishini taxminan hisob-kitob qilib ko‘ramiz. Ushbu model asosan Qozog‘istonga sotilishini (yanvar-avgust oylarida qo‘shni mamlakatda 19 036 dona Cobalt sotilgan) hisobga olsak, taxminan 46 450 dona avtomobilni ichki bozordagi iste’molchilarga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan bo‘lishi mumkin.
Kompaniya yanvar-aprel oylarida 27 739 ta Cobalt ishlab chiqargan (shu davrda Qozog‘istonda 10 627ta Cobalt sotilgan). Ichki bozorga sotilgan 17 112 dona Cobalt uchun – 616 mlrd so‘m (1 ta Sobalt uchun BHMning 120 barobari – 36 mln so‘m, 1 maygacha BHM miqdori 300 ming so‘m bo‘lgan) to‘lanishi kerak bo‘lgan. (Qozog‘istonga joriy yilning boshida yetkazib berilgan avtomobillarning bir qismi o‘tgan yilda ishlab chiqarilgan bo‘lishi va mahalliy iste’molchilarga 17 mingtadan ko‘proq avtomobil sotilgan bo‘lishi ham mumkin, Kun.uz'da ishlab chiqarilgan Cobalt’ning qancha qismi eksportga, qancha qismi ichki bozorga yo‘naltirilgani haqida aniq ma’lumot yo‘q).
May-avgust oylarida esa ichki bozorga 29 338 dona Cobalt sotilgan bo‘lishi mumkin. Mazkur davrda kompaniya 1 trln 162 mlrd so‘m (1 ta Sobalt uchun 39 mln 600 ming so‘m) utilizatsiya to‘lovlarini amalga oshirishi kerak bo‘lgan. Umumiy hisobda esa, UzAuto Motors yanvar-avgust oylarida birgina Cobalt avtomobili uchun taxminan 1 trln 778 mlrd so‘m to‘lov to‘lashi shart bo‘lgan. Kompaniyaning boshqa modellari asosan ichki bozorda sotilishini inobatga olsak, utilizatsiya yig‘imining umumiy miqdori ham bir necha trilliondan oshishini hisob-kitob qilish mumkin.
Ochiq va yopiq imtiyozlaridan tashqari, kompaniya to‘g‘ridan to‘g‘ri majburiyati bo‘lgan mazkur utilizatsiya yig‘imini to‘layotgani yo to‘lamayotgani haqidagi ma’lumotlar mavjud emas.
Qiziq jihati, UzAuto eksport qiladigan avtomobillari uchun utilizatsiya yig‘imi davlat budjetidan kompensatsiya qilib beriladi. Bu boradagi subsidiya miqdori 2022 yilda 100 milliard so‘mgacha bo‘lishi belgilangan edi. Lekin yil yakunida 2022 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, UzAuto'ga – 137,5 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘lar ajratilgandi.
Boshqa mamlakatlarda avtomobilni utilizatsiya qilish tartibi qanday?
Avtomobilning metall asosi press ostiga tushadi. Uning g‘ildiraklari, o‘rindiqlari yechib olinadi, barcha suyuqliklar, yonilg‘isi to‘kib tashlanadi, mexanik qismi sotish yoki qayta ishlash uchun alohida saralanadi. Utilizatsiya jarayoni asosan shundan iborat.
Jumladan, Yevropa Ittifoqida avtoulov chiqindilarini yo‘q qilish bilan bog‘liq barcha masalalar 2000 yil 18 sentabrda qabul qilingan direktiva bilan tartibga solinadi. Unga ko‘ra, eski avtomobillarni yig‘ish punktlari tarmog‘ini yaratish mas’uliyati bevosita avtomobil ishlab chiqaruvchilari va yirik importyorlar zimmasiga tushadi. Hech qanday maxsus davlat to‘lovlari yo‘q. Kimdir Germaniyadan Fransiyaga yangi yoki ma’lum muddat foydalanilgan avtomobil olib kirmoqchi bo‘lsa, hech qanday to‘lovni amalga oshirmaydi.
Yevroittifoqning bir qator davlatlari qonunchiligida yirik ishlab chiqaruvchilar va importyorlarning majburiyatlari mamlakatga avtotransport vositalarini olib kiruvchi jismoniy shaxslarga taalluqli emasligi aniq qayd etilgan. Bu yerda qat’iy va adolatli texnik ko‘rik va avtomobilning ekologik tozaligiga bog‘liq bo‘lgan soliq tizimi ishlab chiqilgani eski avtomobil egalarini utilizatsiya masalasiga jiddiy qarashga undaydi.
Shuningdek, eskirgan mashinani tashlab ketgan shaxsga 2000 yevrogacha jarima solinadi. Shuning uchun, avtomashina egalari jarimadan ko‘ra utilizatsiyani ma’qul ko‘rishadi va bu foydali hamdir.
Ba’zi mamlakatlarda avtomashina egalarining utilizatsiyada faol ishtirok etishlari rag‘batlantiriladi, ularga eski avtomobilni utilizatsiyaga topshirganlik uchun yangi transport vositasini sotib olishda imtiyozlar taklif etiladi.
Norvegiyada sal boshqacha tizim o‘rnatilgan. Ushbu mamlakatda yengil avtomobilni xaridor ro‘yxatdan o‘tkazishi uchun 2400 krona (221 dollar) pul to‘lashi kerak. Agar mashina dastlabki egasi tomonidan qayta ishlashga yuboriladigan bo‘lsa, unga to‘laganidan ko‘ra ko‘proq miqdorda 3000 krona (277 dollar) miqdorida pul qaytariladi. Niderlandiyada ham yangi avtomobil sotib olish uchun bir martalik to‘lov undiriladi. Bu avtomobil modeli yoki dvigatel hajmiga bog‘liq emas va 30 yevro atrofida bo‘ladi.
Rossiya va Qozog‘iston ham xuddi O‘zbekistonda bo‘lgani kabi, utilizatsiya yig‘imi mahalliy avtosanoatni qo‘llab-quvvatlash va narxlar muvozanatini tartibga solish vositasi hisoblanadi. Ushbu mamlakatlar JSTga a’zo bo‘lgandan keyin bojxona to‘lovlarini pasaytirishga majbur bo‘lishdi, ammo ichki bozorni himoya qilish asnosida “ekologik soliq”ni yuqori stavkalarda o‘rnatishgan.
Masalan, Qozog‘istonda utilizatsiya yig‘imi miqdori 2023 yil uchun quyidagi miqdorda o‘rnatilgan:
- dvigatel hajmi 1000 sm kubgacha bo‘lgan avtomobillar uchun – 258 750 tenge (6,6 mln so‘m);
- dvigatel hajmi 1000-2000 sm kubgacha bo‘lgan avtomobillar uchun – 603 750 tenge (15,4 mln so‘m);
- dvigatel hajmi 2000-3000 sm kubgacha bo‘lgan avtomobillar uchun – 862 500 tenge (22 mln so‘m);
- dvigatel hajmi 3000 sm kubdan ortiq bo‘lgan avtomobillar uchun – 1 983 750 tenge (50,7 mln so‘m);
Qo‘shni respublikada elektrodvigatelga ega bo‘lgan transport vositalari uchun utilizatsiya yig‘imi mavjud emas.
Doston Ahrorov,
Kun.uz muxbiri