Otalari birgalikda mashg‘ulot olib borgan bolalar maktabda yaxshiroq o‘qiydi - tadqiqot

Jamiyat 17:44 / 25.09.2023 9301

Buyuk Britaniya olimlari, xususan, Manchester universiteti professorlari o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan otalari ko‘proq interaktiv mashg‘ulotlar olib borsa, ular maktabda yaxshiroq o‘qishadi.

Bunday mashg‘ulotlar birgalikda o‘qish, rasm chizish, o‘ynash, kuylash va hikoya qilish kabilardan iborat bo‘lishi mumkin.

Tadqiqotchilar 2000-2002 yillarda tug‘ilgan farzandlari bor jami 5 mingga yaqin ota-onasi to‘liq oilalarning ma’lumotlarini o‘rganib chiqqan. Bunda bolalarning 5-7 yoshda boshlang‘ich maktabda olgan test baholari tadqiq qilingan.

Va natijaga ko‘ra, 3 yoshida bolalari bilan muntazam ravishda o‘ynagan, kitoblar o‘qigan va rasmlar chizgan otalar bolalarining 5 yoshidagi baholari yaxshiroq bo‘lishiga, 5 yoshida bolasi bilan mashg‘ulot olib borish orqali esa 7 yoshda ularning yaxshiroq o‘zlashtirishlariga yordam berishgan.

"Onalar hali ham bolalari uchun eng asosiy g‘amxo‘rlikni zimmalariga olishadi, biroq agar bola parvarishida otalar ham faol bo‘lishsa, bu bolaning boshlang‘ich sinflarda yaxshiroq baho olish ehtimolini sezilarli oshiradi. Shuning uchun ham otalar bolalari hali kichikligidanoq uning parvarishini onalar bilan birga amalga oshirishlarini qo‘llab-quvvatlash kerak", deydi tadqiqot yetakchisi doktor Helen Norman.

Bolaning maktab yoshi, uning irqi, jinsi etnik kelib chiqishi, oilaning daromadi qandayligi muhim emas — otalarning ishtiroki bolalarning maktabdagi muvaffaqiyatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Hisobotga ko‘ra, bir xil mashg‘ulot bo‘lsa ham, otaning va onaning bolaga ta’siri 2 xil bo‘ladi. Otalar ko‘proq bolaning yaxshiroq o‘zlashtirishiga ta’sir qilsa, onalarning harakatlari ularning hissiy va ijtimoiy fe’l-atvoriga ta’sir qiladi.

Tadqiqot otalarga imkon qadar bolalari uchun ko‘proq vaqt ajratishni tavsiya qilgan. Ishlaydigan va doimiy band otalar kuniga hech bo‘lmaganda 10 daqiqani bolalari bilan shug‘ullanishga ajratsa ham, ularning keyingi yutuqlarida buning natijasini sezishlari mumkin.

Shuningdek, kichik yoshli bolalar bilan ishlaydigan ta’lim markazlari va maktablarga ham nafaqat onalar, balki otalar bilan ham doimiy bog‘lanib borish, otalar ishtirok etadigan strategiyalar tuzish tavsiya etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: