Prezident tomonidan «Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror imzolandi.
2023 yil 1 oktyabrdan boshlab «Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash» kompleks dasturi amalga oshiriladi. Biznesni rivojlantirish banki dasturni amalga oshirish va takomillashtirib borish bo‘yicha asosiy tayanch bank etib belgilanmoqda.
2023-2026 yillarda dasturni amalga oshirish uchun: davlat mablag‘lari hisobidan – 6 mlrd so‘m; xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan – $1,2 mlrd yo‘naltiriladi.
Quyidagilar «Kichik biznesga ko‘maklashish markazi» MChJga onlayn ariza yuborish orqali dasturda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi:
kamida bir yil mobaynida faoliyat yuritayotgan YaTT, dehqon xo‘jaliklari, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, hunarmandlar, kasanachilar, nodavlat ta’lim tashkilotlari, 3 va undan ortiq kishini doimiy ish bilan ta’minlayotgan kichik tadbirkorlik sub’yektlari;
oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida o‘z biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib, ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar.
Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida 4 ta instrumentlar ko‘zda tutilmoqda:
tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki kengaytirish uchun 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga hamda aylanma mablag‘lar uchun revolver tarzda 3 yilgacha muddatga yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada 1,5 mlrd so‘mgacha kreditlar ajratish va (yoki) asosiy vositalarni sotib olish uchun lizing berish. Bunda, 100 mln so‘mgacha kreditlarni garovsiz, 150 mln so‘mgacha kreditlarni garov talabi 50 foizgacha pasaytirilgan holda ajratish imkoniyati nazarda tutiladi;
qiymati 1,5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan asosiy vositalarni 7 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan qarzga berish;
24 oydan ortiq, faoliyat yuritayotgan va oxirgi 12 oyda aylanma mablag‘lari miqdori 1 mlrd so‘mdan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan hamda kamida 10 nafar kishini doimiy ish bilan ta’minlagan kichik tadbirkorlik sub’yektlarining yangi loyihalariga va mavjud ishlab chiqarishni kengaytirishga oid loyihalariga bo‘sh turgan davlat mulki obektlari va yer maydonlari, asbob-uskunalar, bino-inshootlar va boshqa ko‘rinishdagi moddiy aktivlar bilan 20 foizgacha, biroq 1 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lmagan qiymatda ulushdor bo‘lib kirish;
innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish, yuqori texnologiyali startap loyihalariga davlat ilmiy dasturlari doirasida 2 mlrd so‘mgacha grant mablag‘larini ajratish.