Yevropa Rossiya bilan qishki gaz urushiga tayyor: Putin Yevroittifoqni muzlatib qo‘ya oladimi?

Iqtisodiyot 17:28 / 24.09.2023 50178
Norvegiya Yevropada asosiy gaz sotuvchisi sifatida Rossiya o‘rnini egalladi. Foto: AFP

Yevropa yangi inqirozga chap bera oladimi yoki vaziyat qishning iliq yoki qahraton kelishiga bog‘liq bo‘ladimi? Rossiyadan boshqa joydan keladigan gaz avariya va ish tashlashlar tufayli uzilib qolib, yevropaliklarni belni mahkamroq siqishga majbur qilmaydimi? Hozircha bu borada Yevropani umidlantiradigan yangiliklar bor, deb yozadi BBC.

Barchasi risoladagidek ketgan taqdirda ham, asosiy ko‘zir qarta hamon Putin qo‘lida. Agar u va-bankka ketishni lozim topsa va Yevropaga o‘tkazilgan Ukraina va Turkiya orqali tortilgan so‘nggi ikki gaz quvurini ham berkitsa — Yevropa keng ko‘lamli energetika inqirozidan qochishi dargumon. Faqat, kelayotgan qishda emas va aynan to‘ldirilgan zaxiralar tufayli.

Omborlar limmo-lim

An’anaga ko‘ra, Yevropadagi yerosti gaz omborlarining bahorga borib tagi ko‘rinib qoladi va noyabr oyigacha — Shimoliy Yevropada odamlar gaz bilan isitish tizimidan foydalana boshlagach to‘ldiriladi. O‘tgan qish odatdagidan iliqroq keldi, omborlarda to‘plangan gazning yarmidan ko‘pi ishlatilmay qoldi. Holbuki 2021 yilda zaxiraning chorak qismi qolgandi.

Biroq, shu yil aprelida Rossiyadan gaz yetkazilishi tarixiy minimumga tushgach, Yevropa Ittifoqi gaz yetkazish butunlay uzib qo‘yilishidan cho‘chib, o‘z oldiga oshirilgan majburiyat qo‘ydi: 1 noyabrga qadar omborlarni 90 foizga to‘ldirish. O‘tgan yili, hali «Shimoliy oqim» portlatib yuborilmaganida mo‘ljal biroz kamroq edi — 80 foiz.

Orttirilgan me’yor avgust oyi o‘rtalaridayoq bajarildi, endi gaz omborlari o‘rtacha 95 foizga to‘ldirilgan.

Ayrim mamlakatlarda, masalan, Latviya va Fransiyada hozircha 90 foiz, biroq gazni saqlash uchun asosiy yerosti quvvatlari joylashgan davlatlar — Germaniya, Niderlandiya, Avstriya va Vengriyada omborlar allaqachon 95 foizga to‘ldirilgan.

Yevropa gaz omborlaridagi gaz zaxirasi sarfi. Infrografika: BBC

Energetika bo‘yicha yevrokomissar Kadri Simson shu hafta ichida Yevropa Ittifoqi davlatlari 100 mlrd metr kub gaz jamg‘arganini e’lon qildi.

Bunday hajmdagi gaz qishki talabning taxminan uchdan bir qismini qoplaydi. Umuman olganda, Xalqaro energetika agentligi (IEA)ning iyul oyidagi prognoziga ko‘ra, 2023 yilda 450 mln kishi istiqomat qiladigan Yevropa Ittifoqining 27 davlati 490 mlrd metr kub gaz yoqadi. Talab cho‘qqisi aynan qish fasliga to‘g‘ri keladi.

To‘ldirilgan omborlar kamlik qilar ekan, inqirozga chap berish uchun Yevropa qanday iqtisod qilish va gazni yana qayerda to‘plash yo‘llarini axtarmoqda.

Ukraina omborlari yordamga kelishi mumkin

Ikkinchi savolga gaz treyderlari javob topganga o‘xshayapti — Ukraina gaz omborlari. Yevropanikidan farqli o‘laroq, bu yerda omborlarning 35 foizi to‘ldirilgan.

Yevropa ittifoqi o‘z quvvatlarining 90 foizini band qilganidan so‘ng Ukrainaga gaz yetkazishni keskin ko‘paytirdi.

Bir paytlar Polsha, Ruminiya, Slovakiya va Vengriyaga Rossiya gazini yetkazishda foydalanilgan gaz o‘tkazish quvurlari endi teskari yo‘nalishda ishlamoqda va haftasiga 200 mln metr kub gaz uzatilmoqda. Bu Yevropaning jami importining 40 foizini tashkil etadi yoki Rossiyadan import qilingan gazning 40 foizini, deydi Bruegel tahlilchisi Ben Makvilyams.

O‘tgan yilgi rekord narxlardan so‘ng Yevropadagi gaz narxlari ikki barobarga tushdi, biroq hamon urushgacha bo‘lgan davrdagidan yuqori. Tahlilchilar bu hol uzoq davom etishidan ogohlantirmoqda. Foto: shutterstock.com

Omborlardagi hozirgi gaz hajmi Yevropa Ittifoqiga qishni komfort bilan o‘tkazish imkonini beradi, deb ishonishmoqda ekspertlar.

«Eng yomon ssenariy ro‘y bergan holat (qahraton qish va jahon bozorida suyultirilgan gaz taklifi qisqargan)da ham, Rossiya yetkazib berishni to‘xtatgan taqdirda ham omborlarda gaz bo‘ladi», — deydi Bruegel’ning boshqa bir tahlilchisi Georg Zakman.

«Rossiya hozir oyiga YeI davlatlariga 1,7 mlrd metr kub gaz yetkazmoqda. Agar yetkazib berish to‘xtatilsa, kelayotgan qishda gaz taqchilligi kelib chiqmaydi. Sovuq ham ta’sir o‘tkazolmaydi», — Yevrokomissiyaning energetika direktorligi bosh iqtisodchisi Migel Hil Tertre.

Biroq, isitish mavsumi tugashi hamono omborlarda deyarli gaz qolmaydi, bu esa keyingi yilning qishida muammolar keltirib chiqarishi mumkin.

«Putin Yevropani bo‘g‘ishni o‘ylagan»

Tahlilchilar gazni uzib qo‘yish bir onda natija bermaydigan vaziyatda Putin o‘z qo‘lidagi so‘nggi ko‘zir qartani ishga soladimi-yo‘qmi, degan savolni o‘ylash bilan band.

«Putin Yevropani bo‘g‘ishni o‘ylagan, «A» reja shundan iborat bo‘lgan, «B» reja esa umuman bo‘lmagan», — deydi Kolumbiya universitetining Xalqaro energetika siyosat markazi xodimi Tatyana Mitrova.

Kreml gaz qulog‘ini Ukrainaga bosqindan ancha avval buray boshlagan.

O‘shanda Yevropa zaifroq edi. YeI o‘nlab yillar davomida Rossiyaga yangi quvurlar bilan bog‘lanib qolgan, Rossiya gazi esa qo‘hna qit’a ehtiyojining 40 foizini qoplar edi.

O‘zini almashtirib bo‘lmas his qilgan ondan boshlab, Putinga bo‘ysunadigan «Gazprom» rejali tarzda gaz yetkazib berishni qisqartira boshladi. Bu hali Ukrainaga hujum qilishdan bir yarim yil avval ro‘y bergandi.

Harbiy blitskrig barbod bo‘lgach Kreml Yevropaga qarshi gaz jangining ikkinchi frontini ochdi: energetik inqiroz va ijtimoiy norozilik keltirib chiqarib, Yevropa Ittifoqining 27 davlatining Ukrainaga yordam berishga bo‘lgan qat’iyatiga raxna solish uchun.

Gaz yetkazish esa tarixiy minimumlargacha tushib ketdi.

Rossiyaning Yevropaga gaz yetkazib berishining qisqarib borishi. Infografika: BBC

Yevropa sir boy bermadi, bir biri bilan kelishgan holda gazni iqtisod qila boshladi, aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlash, qimmatroq narxdagi suyultirilgan tabiiy gaz yetkazishni yo‘lga qo‘yish uchun qariyb 1 trln yevro sarflandi. Yevropaliklar baxtiga o‘tgan qish ham kutilmaganda juda iliq keldi.

Oraliq muvaffaqiyatdan qanot yozgan YeI qarshi hujumga o‘tdi va Rossiya nefti hamda neft mahsulotlariga to‘liq embargo joriy etdi. Garchi Rossiya gazi sanksiya ostiga tushmagan bo‘lsa-da, YeIning ayrim davlatlari undan o‘z ixtiyori bilan voz kecha boshladi.

Biryo‘la Yevropa Ittifoqi 2027 yilga borib Rossiyadan qazib olinadigan yoqilg‘ini sotib olishdan butunlay voz kechish niyatini e’lon qildi. Ya’ni, ular bu bilan yaqin uch-to‘rt yil ichida Rossiya uglevodorlarisiz yashash imkonsiz ekanini ham tan olishdi.

Uyda sovuq, ko‘chada issiq

Yevropa Ittifoqi endi quvur orqali uzatiladigan Rossiya gazidan 8 foizdan kamroqqa bog‘liq. Biroq bu 8 foizni yo‘q qilish amalda imkonsiz.

O‘tgan yilgidek gaz iste’molini 15 foizga qisqartirishning endilikda imkoni yo‘q, chunki sanoatda ham, aholida ham iqtisod qilish uchun mavjud imkoniyatlar tugab bitgan, yangisi esa uzoq vaqt va xarajat talab qiladigan ish.

Elektr, gaz va benzinga oshib borayotgan narxlar aholi noroziligini keltirib chiqaradi. Putin Yevropaga Rossiya bilan iqtisodiy urush qilish «degradatsiyaga duchor bo‘lish va elitaning almashuviga sabab bo‘lishi»ni va’da qilgan. Foto: tijd.be

Yevrokomissar Kadri Simsonning so‘zlariga ko‘ra, agar maqsadga yana erishilsa YeI 2024 yilning martiga qadar yana 65 mlrd kub metr gaz iqtisod qiladi. IEA baholalariga ko‘ra, 2023 yil birinchi yarmida YeIda gazga bo‘lgan talab 30 mlrd metr kubga tushib ketgan.

Shunday qilib, Simsonning prognozlari amalga oshishi uchun yevropaliklar kelayotgan qishda o‘tgan yilgi rekord darajadagi qishdan kam bo‘lmagan darajada iqtisod qilishlariga to‘g‘ri keladi.

Yevropaning iqlim prognozlari bilan shug‘ullanadigan Kopernik markazi hozircha oktyabr oyida me’yordan yuqori issiq va umuman yangi yilgacha G‘arbiy Yevropada yumshoq havo bo‘lishini prognoz qilmoqda. Qattiq sovuqlar odatda yanvar va fevralda bo‘ladi va hozircha bu oylar uchun prognoz aniqmas.

Rossiya gazi o‘rniga suyultirilgan gaz

Agar iqtisod va iliq havo evaziga iste’molni keskin qisqartirishning imkoni bo‘lmasa, Rossiyaning 8 foizlik yo‘qotilgan ulushini boshqa davlatlardan gaz xarid qilib to‘ldirish mumkin. Lekin bu ham muammolar bilan yo‘g‘rilgan.

Bekor turgan quvurlar yo‘q va yagona yo‘l — dengiz orqali suyultirilgan gaz xarid qilish. Uning eng yirik ishlab chiqaruvchilari AQSh va Qatar. YeI suyultirilgan tabiiy gaz (STG)ni Rossiyadan ham sotib olmoqda (Simpson ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 12 oyda 12,4 mlrd metr kub).

YeI uchun STG endi urushgacha bo‘lgan davrdagi quruv orqali uzatilgan gaz kabi ahamiyatga ega. STG hisobiga 2023 yil birinchi yarimyilligida Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining gazga bo‘lgan ehtiyojining 40 foizi qoplangan, deb qayd etadi IEA.

Bu xaridlarni keskin oshirish imkonsiz. Jahonda gazni suyultirish quvvatlari cheklangan, 2025 yil o‘rtalariga borib bir qator loyihalar ishga tushishi kutilmoqda, bu esa bir yilda taklif 13 foizga oshishiga olib keladi. Bunaqasi hali gaz sohasining qisqa tarixida bo‘lmagan.

Bu hali kelgusida. Hozir esa bozorda oshib toshib yotgan STG yo‘q va talabning har qanday sapchishi (masalan, Xitoy iqtisodiyoti tiklanishi) yoki taklif bilan bog‘liq uzilishlar (avariyalar, AQSh va Avstraliya gaz terminallaridagi ish tashlashlar) narxlar osmonga o‘rlashi bilan yakun topadi.

YeI Rossiyaning quvur orqali uzatiluvchi gazidan suyultirilgan gazga o‘tmoqda. Xorvatiyadagi STG qabul qiluvchi yangi terminal. Foto: vesselfinder.com

Bu Putinning gaz urushi tufayli YeIning umumiy energetika xavfsizligi yomonlashuvining yana bir sababi.

Quvur orqali uzatiladigan gaz uzoq muddatli shartnomalar bo‘yicha kafolatli hajmlarda va barqaror past narxlarda yetkazilgan. Suyultirilgan tabiiy gaz esa spot bozorida sotiladi. Bu yerda narx shartnomalar bo‘yicha emas, talab va taklif muvozanatidan kelib chiqib belgilanadi va sotuvchilar okeanda suzib ketayotgan kemani istalgan vaqtda burib, qayerda xaridor qimmatroq narx taklif etsa o‘sha joyga yo‘naltirishi mumkin.

Putinni eskalatsiyadan nima to‘xtata oladi?

Yevropadagilar pragmatizm g‘olib chiqishi va Putin 2017 yilgacha, YeIning o‘zi Rossiya gazidan to‘liq voz kechgunga qadar gaz yetkazib berishga rozi bo‘lishidan umid qilishmoqda.

Tahlilchilar bunday ssenariy foydasiga uchta dalil keltirishmoqda.

Birinchidan, Rossiyaga urush olib borish uchun pul kerak.

Ikkinchidan, YeIga quvur orqali gaz uzatish qisqarishi ortidan milliy chempion «Gazprom» nafaqat daromaddan mosuvo bo‘ladi, Yevropa bozorini o‘zining xususiy raqobatchisi, suyultirilgan gaz yetkazayotgan «Novatek»ka bo‘shatib beradi.

Uchinchidan, YeIda Rossiya gazini xarid qiluvchilar orasida Vengriya va Serbiyaga o‘xshagan Kremlga xayrixoh davlatlar qolgan, xolos. Kranni yopishi bilan Kreml bu ta’sir kuchidan ham mahrum bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: