«Barselona»da hayratomuz kambek, Keyn Holandning rekordini yangiladi. Kun o‘yinlari

Sport 12:24 / 24.09.2023 26833

Angliya: Evans — «MYu qahramoni

«Manchester Siti» – «Nottinghem Forest» 2:0
Gollar:
1:0 – 7 Foden, 2:0 – 14 Holand.
Manchester Siti – Ederson, Uoker, Ruben Diash, Akandji, Gvardiol, Rodri, Foden (Grilish, 87), Mateush Nunesh, Doku (Fillips, 51), Holand, Alvares (Ake, 57).
Nottinghem Forest – Terner, Ayna (Origi, 75), Oriye (Hadson-Odoi, 56), Boli, Niakate, Nunu Tavaresh (Montiyel, 39), Gibbs-Uayt, Dominges, Mangalya, Sangare (Elanga, 56), Avoniyi (Vud, 75).
Chetlatish: Rodri (46).

Chempionning g‘olibona yurishi ancha ishonchli davom etdi, «Nottinghem»ning mudofaasi Rodrining aqlli harakati evaziga yorib o‘tildi. Ispaniyalikning diagonal pasidan keyin Uoker to‘pni zarba berish uchun qulay pozitsiyada paydo bo‘lgan Fodenga tashlab berdi. Umuman olganda, bu yakunlovchi shtrixlar  edi, amalda «Siti» futbolchilari golli hujum davomida 46 bor aniq uzatma berishgandi. Yana ikki pas bo‘lganida 2014 yilda «Tottenhem» tomonidan o‘rnatilgan rekord takrorlangan bo‘lardi.

Ko‘p o‘tmay Holand o‘z golini urdi va uchrashuv taqdiri o‘yin startidayoq hal bo‘lgandek ko‘ringandi. Ammo ikkinchi bo‘lim boshida Rodri raqibning bo‘ynidan bo‘g‘gani uchun qizil kartochka olib, maydonni tark etdi, Gvardiola shogirdlari esa bo‘limni asosan himoyada o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Yakunda g‘alabali hisob saqlanib qoldi, lekin Rodri ikki turni diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yuboradi va oktyabr oyida «Arsenal»ga qarshi o‘yinda qatnasha olmaydi.

«Byornli» – «Manchester Yunayted» 0:1
Gol:
0:1 – 45 Brunu Fernandesh.
Byornli – Trafford, Robers, Bayyer, Al-Dohil, Teylor, Braunhill (Benson, 86), Kallen, Remzi (Berge, 73), Gudmundsson (Ndayishimiye, 20), Koliosho (Bruun Larsen, 73), Amduni (Rodriges, 73).
Manchester Yunayted – Onana, Diogu Dalot, Evans (Amrabat, 89), Lindelyof, Regilon (Varan, 79), Kazemiro, Brunu Fernandesh, Maktominey, Mujbri, Reshford, Hoylund.
Ogohlantirishlar: Diogu Dalot (13), Regilon (55).

Inqiroz holatidagi «MYu» autsayderga qarshi o‘yinni ham sust boshladi. Ammo Myunxenda juda g‘alati harakatlari bilan yodda qolgan Onana qutqardi va Amdunining burchakka yo‘llangan xavfli zarbasini qaytardi. Keyin esa mehmonlarga darvoza ustuni yordamga keldi va «qizil iblislar» vaqt o‘tib o‘ziga kela boshladi. Dastlab, Evansning burchak zarbasidan keyin urgan goli bekor qilindi, bu vaziyatda ofsayd holatida turgan Hoylund darvozabonga xalal bergan deb topildi. Ammo 35 yoshli himoyachi tushkunlikka tushmadi va birinchi bo‘lim oxirida ajoyib pas berdi va Brunu Fernandesh to‘pni to‘xtatmasdan darvoza to‘riga yo‘lladi. Autsayder jamoa ustidan g‘alaba qozonish uchun shu golning o‘zi yetarli bo‘ldi, ammo «MYu»ning muammolari qanchalik chuqurligini APLda debyut qilgan Amrabat o‘yin oxirida chap qanot himoyachi pozitsiyasini yopish uchun tushirilgani ham ko‘rsatib turibdi.

Ispaniya: Xavining yubileyi

«Barselona» – «Selta» 3:2
Gollar:
0:1 – 19 Larsen, 0:2 – 76 Duvikas, 1:2 – 81 Levandovski, 2:2 – 85 Levandovski, 3:2 – 89 Joau Kanselu.
Barselona – ter Stegen, Joau Kanselu, Kristensen (Balde, 60), Kunde, Alonso (Yamal, 46), Gundo‘g‘an, Romeu (Arauxo, 46), de Yong (Gavi, 36), Joau Feliks, Ferran Torres (Rafinya, 72), Levandovski.
Selta – Vilyar, Mingesa, Starfelt, Nunes, Dominges, Ristich, De La Torre, Beltran, Bamba, Aspas (Svedberg, 78), Larsen (Duvikas, 66).
Ogohlantirishlar: Kristensen (36), Gavi (39), Nunes (43).

Yangi shartnomaga ega bo‘lgan va maoshi oshirilgan Xavi shanba oqshomida turli hissiyotlarni boshdan kechirdi. Avvaliga bu maydondagi voqealardan g‘azablanish va tushunmovchilik edi. «Barselona» ko‘proq hujum qilayotgan va tashabbusni qo‘lga olgandek ko‘rinardi, ammo «Selta»ning qarshi hujumlari himoya chizig‘ini boshi berk ko‘chaga tiqib qo‘yardi. Galisiyaliklar birinchi bo‘limda ko‘proq gol urishi ham mumkin edi, ammo Strand Larsenning birgina goli bilan kifoyalandi, ko‘k-anorranglilar esa 36-daqiqadayoq jarohat tufayli Frenki de Yongdan ayrilishdi.

Mezbonlarni goh Oriol Romeuning jonbozligi, goh Ter Shtegenning seyvlari qutqarib qolardi. Ferran Torres qulay vaziyatlarni yo‘qqa chiqarishi ortidan, 76-daqiqada mehmonlar ikkinchi golni urishganida sensatsiya muqarrardek ko‘rina boshladi. Hamma shunday o‘ylayotgandi, faqat kataloniyalik futbolchilar emas. Qutqaruv amaliyoti Joau Feliksning nozik pasi bilan boshlandi, himoyachilar ortida ochilgan Levandovski to‘pni darvozabon ustidan oshirib tashladi. Polyakning ikkinchi goli Joau Kanseluning uzatmasidan urildi, yakuniy hisob esa Gavining markaziy hujumchi pozitsiyasida paydo bo‘lgan Kanseluga diagonal uzatmasi orqali o‘rnatildi.

O‘yin davomida sobiq jamoadoshlarini qiynagan Minges juda qulay imkoniyatdan foydalana olganida bunday kambek sodir bo‘lishi qiyin edi. Shunday ekan, Xavi murabbiylik faoliyatida la ligada qo‘lga kiritilgan yubiley 50-g‘alabasidan keyin bu jamoasining eng yaxshi o‘yini bo‘lmagani va odatda bunday o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchralishini tan oldi, ammo bu oqshom jamoa g‘olib xarakterini namoyish etganini e’tirof etdi. Bu Ispaniyada so‘nggi 22 yillikda 80-daqiqagacha ikki gol farqi bilan yutqazilayotganda qo‘lga kiritilgan ilk g‘alaba bo‘ldi.

Italiya: «Milan» noxush seriyaga barham berdi

«Milan» – «Verona» 1:0
Gol:
1:0 – 8 Rafael Leau.
Milan – Sportiyello, Tiav, Kiyer, Tomori, Florensi (Bartezagi, 75), Krunich (Loftus-Chik, 65), Pulishich (Pobega, 80), Reynders, Musa, Rafael Leau (Okafor, 80), Jiru (Yovich, 65).
Verona – Montipo, Faraoni (Bonatssoli, 46), Davidovich, Manyani, Xin, Terrachchano (Jurich, 89), Duda (Saponara, 70), Ongla, Folorunsho, Lazovich (Kabal, 70), Ngonj (Suslov, 80).

«Milan» tom ma’noda muammolar girdobiga tushib qolgandi. Avvaliga derbida 1:5 hisobida yutqazildi. Keyimn — «Nyukasl» darvozasi tomon 25 bor zarba yo‘llangan o‘yinda golsiz durang qayd etildi, shuningdek asosiy darvozabon Menyan jarohat olib, safdan chiqdi. Jamoa baxtiga darvozabonning jarohati jiddiy bo‘lib chiqmadi, «Verona» bilan o‘yinda esa usiz ham uddalashdi. Noxush seriyani jamoa yetakchisi Rafael Leau to‘xtatdi. Portugaliyalik futbolchi A seriya o‘yinlarida qatorasiga uchinchi uchrashuvda gol urmoqda. Unda bunday seriya oxirgi bor Fransiya chempionatida, «Lill» safida o‘ynayotganida kuzatilgandi.

«Sassuolo» – «Yuventus» 4:2
Gollar:
1:0 – 12 Loryante, 1:1 – 21, avtogol Vinya, 2:1 – 41 Berardi, 2:2 – 78 Kiyeza, 3:2 – 82 Pinamonti, 4:2 – 90, avtogol Gatti.
Sassuolo – Krano, Tolyan, Erlich, Ruan (Viti, 46), Vinya (Ferrari, 90), Bayrami (Defrel, 85), Boloka, Mateus Enrike, Berardi, Loryante (Pedersen, 85), Pinamonti (Kastiliyexo, 85).
Yuventus – Shchensni, Danilo, Bremer, Gatti, Makkenni (Vea, 60), Kostich (Ayling, 46), Rabio, Lokatelli (Milik, 83), Miretti (Fadjoli, 46), Kiyeza, Vlahovich (Kin, 76).
Ogohlantirishlar: Rabio (36), Boloka (51), Danilo (55), Berardi (58), Vinya (64), Pinamonti (83).

Massimiliano Allegri hayron qoldirdi. Bungacha 112 o‘yin mobaynida u oldingi o‘yindagi boshlang‘ich tarkibga kamida bitta o‘zgartirish kiritib kelardi, bu safar esa protokolga o‘tgan haftadag o‘yinda tushgan futbolchilarni to‘liq kiritdi. Ammo, albatta, murabbiyning bu qarori bilan «Yuventus»ning mavsumdagi ilk mag‘lubiyati orasida aloqadorlik yo‘q. Shunchaki, «Sassuolo»ning bir qancha futbolchilari odatdagidan kuchliroq o‘ynab yubordi, turinliklarning ayrimlari esa ochiqchasiga yomon o‘ynadi.

Eng yorqin misollar — Shchensni va Lorente, vingerning zarbalari darvozabon uchun haqiqiy dahshatga aylandi. Birinchi holatda polyak yaqin burchagiga kelgan to‘pni to‘sishda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Ikkinchisida esa to‘pni hal qiluvchi golni urgan Pinamontiga tashlab berdi. Va albatta ish Berardining ishtirokisiz kechmadi, Turindagilar yozda uni safga qo‘shib olish uchun qattiq harakat qilishgandi. U «Keksa siniora»ga qarshi oxirgi olti o‘yinda 2 gol urib, 3 golga uzatma bergan.

Bu qadar ko‘p xatolar bilan «biyankonerilar» yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan Kiyezaning o‘zi bilan muvaffaqiyatga  erisha olmasdi. U avvaliga o‘z uzatmasi bilan Vinyaning avtogoliga sababchi bo‘ldi, keyin o‘zi ham gol urib hisobni tenglashtirdi. Ammo uning sheriklari ham o‘z darvozasiga gol urganida barchasi befoyda edi. Gatti to‘pni ortga qaytarganida darvozabon o‘z joyida emasligini unutib qo‘ydi, axir to‘pga burchak tomondan aynan Shensni yetkazib bergandi.

Germaniya: odatiy 7:0

«Bavariya» – «Bohum» 7:0
Gollar:
1:0 – 4 Shupo-Moting, 2:0 – 12 Keyn, 3:0 – 29 de Ligt, 4:0 – 38 Sane, 5:0 – 54, penalti Keyn, 6:0 – 81 Tel, 7:0 – 88 Keyn.
Bavariya – Ulrayh, Mazraviy, de Ligt (Upamekano, 46), Kim Min Je, Devis (Kretsig, 65), Kimmih (Goretska, 77), Laymer, Koman (Myuller, 77), Sane, Shupo-Moting (Tel, 65), Keyn.
Bohum – Rimann, Passlak (Loosli, 36), Ordets, Mashovich, Bernardo, Vittek (Hofmann, 36), Losilla (Gamboa, 46), Shteger, Bero, Asano (Osterhage, 68), Antvi-Adjyey (Dashner, 77).

Tezlik olgan «Bavariya» «Bohum» mudofaasini yakson etdi va bu jarayonda Keyn eng ko‘p faollik ko‘rsatdi. Angliyalik hujumchi bundesligada ilk het-trigini qayd etdi, qo‘shimchasiga — turnirning yangi rekordi o‘rnatildi. Debyut mavsumidagi dastlabki besh o‘yinida Harri o‘n (7+3) samarali ball ishlab, Holandning rekordini yangiladi. Norvegiyalik hujumchi bu oraliqda faqat gollar soni (8) bo‘yicha ustunroq. Angliyalik futbolchining Mazraviyning uzatmasidan keyingi uchinchi goli — unikal seriyani davom ettirishga imkon berdi. Myunxenliklar uchinchi mavsumdirki «Bohum»ni futbol uchun hayratlanarli darajadagi 7:0 hisobida mag‘lub etmoqda. Bundan tashqari, ular milliy birinchilikda qatorasiga 60 uy uchrashuvida raqib darvozasini ishg‘ol etish bo‘yicha rekordni takrorlashga yaqinlashmoqda. O‘tgan asrning 70-yillaridagi rekordni takrorlash uchun yana to‘rt o‘yin qoldi.

«Borussiya» D – «Volfsburg» 1:0
Gol:
1:0 – 68 Roys.
Borussiya D – Kobel, Ryuerson, Hummels, Bensebayni, Shlotterbek, Roys (Jan, 83), Brandt, O‘zjan, Nmecha, Fyullkrug (Aller, 78), Bayno-Gittens (Malen, 63).
Volfsburg – Kastels, Mele, Lakrua, Yyens, Rojyerio, Arnold, Cherni (Kaminski, 65), Svanberg (Vranks, 78), Mayyer (Vimmer, 88), Vind (Sarr, 78), Tiagu Tomash (Baku, 78).

34 yoshli Roys — har doim ham boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olmasa-da, hamon «Borussiya» uchun muhim figura bo‘lib qolmoqda. U Brandtning uzatmasini darvozaga joylab qo‘yib o‘yin taqdirini hal qilishdan oldin ham bir necha xavfli zarbalar yo‘llagandi. Xususan, u birinchi jarima zarbasini ijro etganida faqat «Volfsburg» darvozaboni a’lo darajada harakat qilishi to‘r darvoza to‘riga borib tushishiga yo‘l qo‘ymagandi. Roys baribir darvozani ishg‘ol etganida esa, u Yupp Haynkes bilan tenglashib oldi — ularning ikkisi ham bundesliga o‘yinlarida 62 martadan hisobni ochuvchi golni urishgan. Lekin bu tandemdan oldinda yana to‘rt futbolchi joylashgan, ulardan biriLevandovski. Eng yuqori natijalar esa afsonaviy merganlar — Gerd Myuller va Klaus Fisher tomonidan qayd etilgan, ularning hisobida 86 tadan shunday gollar bor.

«Borussiya» M – RB «Leypsig» 0:1
Gol:
0:1 – 75 Verner.
Borussiya M – Nikolas, Skalli (Noyhaus, 79), Elvedi, Veber, Itakura, Nets, Vaygl, Kone (Hak, 79), Rayts (Kramer, 79), Onora (Ngumu, 64), Siyebatsho (Plea, 64).
RB Leypsig – Blasvih, Henrihs, Lukeba, Simakan, Raum, Simons (Zayvald, 84), Karvalyu (Baumgartner, 70), Kampl, Shlager (Klostermann, 85), Openda (Poulsen, 70), Sheshko (Verner, 70).

«Bavariya»ni to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha yakshanba kuni «Bayyer» quvib yetishi mumkin, hozircha esa uchlik «Leypsig» tomonidan yopilgan. «Ho‘kizlar» jamoasi bu turda Menhengladbahda qiyin g‘alabaga erishdi, klub tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lib turgan Verner esa ideal joker vazifasini o‘tadi. Marko Roze uni maydonga 70-daqiqada tushirdi va Timo besh daqiqa o‘tib Chavi Simonsning uzatmasini golga aylantirdi. Bu aprel oyidan buyon gol urmagan Verner uchun mavsumdagi birinchi gol bo‘ldi.

Kun statistikasi

  • Bundesliga tarixida 1-bor besh turdan keyin birdaniga beshta jamoa g‘alabasiz qolmoqda.
  • Til Niderlandiya chempionatida PSV, «Feyyenoord» va AZ klublari safida 10 dan ortiq gol urgan ilk futbolchiga aylandi.
  • «MYu»ning boshlang‘ich tarkibida 10 millat vakillari tushishdi. APLda bu kabi turli-tumanlik oxirgi bor 2013 yilda «Nyukasl» tomonidan namoyish etilgandi. Ammo inglizlar bu borada Belgiyaning «Sharlerua» klubidan ancha ortda, bu jamoa 29-bor 111 mamlakat vakillarini startda tushirdi.
  • 36 yoshu 145 kunlik — «Union» himoyachisi Bonuchchi shu yoshda. Italiyalik faxriy futbolchi bundesligada so‘nggi 20 yillikdagi «eng keksa» debyutant bo‘ldi.
  • «Latsio» hujumchisi Immobile top-5 ligalardagi gollari sonini 250 taga yetkazdi. U so‘nggi 11 mavsumda bu natijani qayd etgan ilk italiyalikka aylandi. Chirodan tashqari, bu barer Messi, Krishtianu Ronaldu, Levandovski, Luis Suares, Benzema, Keyn va Saloh kabi futbolchilar tomonidan bosib o‘tilgan.
Ko‘proq yangiliklar: