16 davlatda 56 kun: O‘zbekistondan Yevropagacha mashinada borgan sayohatchi oila

Jamiyat 17:23 / 24.09.2023 39630

Kuldoshevlar oilasi Yevropani sayohat qilish uchun mashinada yo‘lga chiqqan. Oila 56 kunlik sayohat davomida 23 ming kilometr masofani bosib o‘tdi. “Jyenevada bizni ko‘rgan o‘zbeklar shuncha yo‘ldan mashinada keldingizmi deb hayratda qolishdi”, – deydi Avazbek Kuldoshev. U Kun.uzʼga bergan intervyusida sayohati haqida batafsil gapirib berdi. Xo‘sh, Yevropani mashinada kezish qanchaga tushdi, ular qanday viza oldi – videodan bilib olasiz. 

Kuldoshevlar oilasi asli Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridan. Oilaboshi Avazbek Kuldoshev tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi. Farzandlari – Iymona, Mahdi va Dovud.

“Gruziyadan Turkiyagacha: ilk oilaviy sayohatni o‘tgan yili qishda boshlaganmiz”

Oilaviy sayohat qilishni o‘tgan yili boshlaganmiz. Yangi yil ta’tilida Gruziyaga chang‘i uchishga borishni xohlagandik. Gudauri shahri tog‘li joy bo‘lgani uchun, u yerda qor bo‘lishi kerak edi, lekin biz borganda qor bo‘lmagan. O‘sha paytda O‘zbekistonda juda qattiq sovuq bo‘lgani uchun bolalarning maktab ta’tili cho‘zildi, shu sababli orqaga qaytishga emas, sayohatni davom ettirishga qaror qildik. Gruziyadan Turkiyaga o‘tdik, Kutaisi shahrida chiroyli g‘or bor ekan, o‘sha g‘orni ko‘rdik. Keyin Batumiga o‘tdik, u yerda ham 3 kecha qolib, Istanbulga ketdik. O‘zbekistondan uzoqlashishimiz bilan havo isib ketdi, Turkiyada yanvar oyida bitta futbolkada yurdik. Istanbulda 10 kuncha qolib, keyin O‘zbekistonga qaytdik.

Gudauri. Foto: Avazbek Kuldoshevning shaxsiy arxividan

Shunday qilib, birinchi borganimiz dekabrda bo‘lgan, O‘zbekistondan Turkiyagacha mashinada borganmiz. Bu oilaviy mashina, faqat sayohat uchun olganmiz, shaharda boshqa mashinada yuramiz.

“Yevropaga 1 yilga viza olish oson bo‘lmagan”

Qishki sayohatni o‘tkazganimizdan keyin butun Yevropani aylanib chiqamiz, Londongacha yetib olamiz, deb niyat qildik. Buning uchun bilasiz, viza olish kerak, bu jarayonda biroz qiyinchilik bo‘lgan. Hujjatlar tayyorlashda yordam beradigan odam topish qiyin kechgan. Bir ikkita turfirmalarga murojaat qilganimda “Yevropaga birinchi marta chiqyapsizlar, sizlarga uzoq muddatga viza berilmaydi”, deyishgandi. Bir do‘stim shu sohada ishlaydi, undan maslahat so‘rasam, “olsang bo‘ladi, hamma hujjatlaringni to‘g‘ri yig‘ib, elchiga oilaviy kirib tushuntirsang, viza beradi”, degandi. Hujjatlarni Italiya elchixonasiga topshirganmiz va oilaviy hammamiz kirganmiz. Biz vizani bir yilga so‘ragan edik. Suhbatda “nima qilasizlar bir yil Yevropada?” deyishgan. Biz eng kamida 2 oy sayohat qilamiz, qishda Italiyaga chang‘i uchgani boramiz, deganmiz. Javobini aytamiz deb, hujjatlarimizni olib qolishgan. Shunday qilib, 2 haftada Yevropaga 1 yillik vizamiz chiqdi.

“Qozog‘iston chegarasida rejalarimiz barbor bo‘ldi”

Iyunning o‘rtalaridan boshlab, avgustning o‘rtalarigacha – jami 56 kun sayohatda bo‘lganmiz.

Nukusdan Qozog‘istonga qarab yurdik, 180 km yo‘lni 8,5 soatda bosib o‘tdik. Oddiy holda 180 kmni o‘rtacha tezlikda bosib o‘tganda 1,5-2 soatda manzilga yetasiz. Yo‘l tuman edi, havo harorati -25. Mashinadan tushsangiz havo juda sovuq edi. Yo‘lning yonidan katta yo‘l qurilayotgani uchun vaqtinchalik eski yo‘ldan yurishga to‘g‘ri kelgan. Shu sababli u yo‘l juda eskirib qolgandi. Qozog‘iston chegarasiga yetib borganimizda mashina firmaga qarashi bo‘lgani uchun, qonunchilikka muvofiq, uni o‘tkazib bo‘lmasligini aytishdi. Rejalarimiz o‘sha yerda barbod bo‘ldi.

O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘ldik, kechqurun soat 1 yoki 2 edi. U yo‘ldan kunduzi yursangiz ham bir yoki ikkita mashina ko‘rasiz, uxlab qolgan taqdiringizda ham borib uriladigan joy yo‘q. Bir do‘stim bor edi, undan “Qozog‘iston qonunchiligida rostdan shunaqami, bilib ber” deb so‘ragandim. U surishtirib, hech qanaqa cheklov yo‘q, o‘tib ketsangiz bo‘ladi, dedi. Shunday qilib Qozog‘istonga o‘tdik, u yerdan kemada Ozarboyjonga ketdik.

Foto: Avazbek Kuldoshevning shaxsiy arxividan

“Davlatdan davlatga mashinamizni kemada olib o‘tdik”

Keyin Gruziyaga bordik va Batumida 2 kun qoldik. U yerda delfinlar bilan cho‘milamiz, delfinlar shousini tomosha qilamiz deb qizimga va’da bergandim.

Gretsiyaning Afina shahrida bo‘ldik, u yerdan kemada Italiyaga o‘tdik. Mashinani kemaga yuklab olib o‘tdik, agar shunday qilmasdan mashinada ketsak, shengen vizasiga kirmaydigan davlatlar ham bor edi, biz tavakkal qilishni xohlamadik va kemaga chipta oldik.

Gretsiya. Afina Foto: Avazbek Kuldoshevning shaxsiy arxividan

Kemada o‘zining restoranlari va alohida xonalari bor, biz o‘zimiz 4 kishilik xonani egalladik.

Italiyaning eng taniqli joylarini kezdik. Pozitano shahri tog‘ning o‘rtasida joylashgan, u yerda ham 3 kecha qoldik, kecha-kunduz dengizda cho‘mildik. U yerdan Rimga qarab yurdik, Rimdan Venetsiyaga bordik. Venetsiyadan keyin Florensiya shahrida bo‘ldik.

Jyenevada bizni ko‘rgan o‘zbeklar hayron qolgan”

Keyingi manzil – Shveytsariya bo‘ldi. O‘zi bizning maqsadimiz bu davlatga keyinroq borish edi, ammo O‘zbekiston prezidentligiga saylovda ishtirok etish uchun Jyenevadagi elchixonamizga bordik. Ular mashinamiz va bizni ko‘rib, hayron qolishdi “sizlar rostdan mashinada O‘zbekistondan kelyapsizlarmi?” deyishdi. Elchi ham hayratlanib qoldi.

Shveytsariya. Jyeneva Foto: Avazbek Kuldoshevning shaxsiy arxividan

Saylovda qatnashib, orada Bern shahrida bir kun qoldik va Italiyaga qaytib keldik. Yevropaning past tarafidan o‘tib Monto Karloga, undan Monakoga, keyin Fransiyaning Nitssa shahriga bordik. Dengiz juda ajoyib ekan. Ispaniyaning Barselona shahriga borib “Barselona” klubi stadionini ko‘rmoqchi edik, ammo u yerda rekonstruksiya ketayotgan ekan, shu sababli “Real Madrid” stadioniga bordik.

“Qaysi davlatga borsak, mashinaga stiker yopishtiramiz”

Eng uzoq yurgan masofamiz Ispaniyadan Fransiyagacha bo‘lgan yo‘l bo‘ldi – 1200 kmdan ziyod yo‘lni bosib o‘tdik. Avtomobilda 16ta davlatga sayohat qilganmiz, qaysi davlatda qoladigan bo‘lsak, o‘sha davlatning bayrog‘i aks etgan stikerlarni yopishtirib borganmiz. Stikerlarni har bitta shaharga borganimizda turistik manzillardan sotib olganmiz. Jami 23 ming kilometrni bosib o‘tdik.

Avazbek Kuldoshevning shaxsiy arxividan

“Qo‘qon” deb yozilgan stikerni mashinamga yopishtirishdan maqsad, avvalo, o‘zim qo‘qonlikman, keyin Yevropa davlatlarida yurganimizda odamlar qiziqsin, O‘zbekistonda Qo‘qon degan joy borligini bilishsin degan maqsadda mashinaga yopishtirganman. Lyuksemburgda yurganimizda bir chol va kampir kelib, “O‘zbekistonni bilamiz, Samarqand va Buxoroga borganmiz, lekin Qo‘qon qayerda?” deb so‘rashdi. Ularni qiziqtirishga xarajat qildim, ma’lumot berdim. Keyin nega Niderlandiyaga bormaganimni so‘rashdi, “biz niderlandiyalikmiz, sen u yerga borganingda biz ham Qo‘qonga borardik” deyishdi.

“Yevropa yo‘llari hamma bir-birini hurmat qiladi”

Yo‘lda charchoq bo‘lmadi, ko‘pincha mashinaga benzin quyishga to‘xtaganimizda dam oldik, u yerda restoranlari ham, bolalar o‘yingohlari ham bor. Biroz dam olib, yo‘lda davom etsa bo‘ladi. Odam yo‘l tor bo‘lsa, mashina ko‘p bo‘lsa charchaydi, ogohlik qancha orsa, shuncha charchaysiz. Hamma bitta chiziqda yurib ketadi, hech kim bir biriga xalaqit qilmaydi, hamma bir-birini hurmat qiladi. Yevropada yurganimda yo‘lda biror mashina kelib orqadan signal ham chalgani yo‘q, hamma sabrli. Atrofidagilarni, o‘zini hurmat qilib yuradi.

“Oilaviy sayohat – mehr-oqibatni kuchaytiradi”

Niyatim oilaviy sayohat edi, 3ta farzandim ayolim bilan sayohat qilganmiz, rasmlarni ayolim oladi.

Avazbek Kuldoshevning shaxsiy arxividan

Oilaviy sayohat men uchun farzandlarim bilan bir birimizga mehr-oqibatni kuchaytirishini anglatdi. Bolalar ham sayohat davomida bo‘ladigan qiyinchiliklarga tayyor bo‘ladi, sayohatda yurganingizda, begona yurtda har xil vaziyat, har xil holat bo‘ladi – bolalar shularni ko‘rdi. Yo‘lda shamollab qolgan holatlar bo‘ldi.

Sarflagan pulimiz…

Umumiy sarflagan mablag‘imiz 40 ming yevrodan oshdi, chunki biz 5 kishimiz. Oilaviy xonalarning narxlari ham qimmat bo‘ladi. Har bir qolgan davlatimizda shunday xonalar oldik, oilaviy xonalar bo‘lmagan joylarda ikkita yonma-yon xona oldik. Yevropada mehmonxona qimmat, biz oddiy sayyohlardan farqli ravishda ko‘proq to‘ladik. Ishlatgan pulimizning 30 foizini yoqilg‘iga sarfladik. Mehmonxonani onlayn buyurtma berib bordik, chunki aniq bir joyga aniq sanada borish rejamiz yo‘q edi. Qaysi shaharda qancha qolishimizni ham reja qilmagan edik, shu sababli 1-1,5 soat oldindan mehmonxonalarni onlayn band qilib borganmiz.

“Hujjatlarimizni faqat chegarada tekshirishdi”

Yevropada Shengen vizasini olganingizdan keyin o‘rtada qo‘shimcha tekshiruvlar yo‘q – shahardan shaharga o‘tganda politsiya avtobanda nazorat qiladi. Politsiya orqadan kelib boshqa davlat raqamidagi mashinani ko‘zdan kechirib, hech qanday shubha uyg‘otmasa, indamay ketishadi. Shahardan shaharga o‘tganda hech kim ortiqcha hujjat tekshirmadi.

Yevropada bizdan hech qanday hujjat so‘rashmadi, faqat chegarada viza va haydovchilik guvohnomasini ko‘rishdi. Avtomobilga tegishli hujjatlar, ishonchnoma kabilarni so‘rashmadi. Mashinaning hujjatlarini beraymi deb so‘raganimda “yo‘q, u qidiruvda bo‘lsa, avtomatik chiqib kelardi, hech qanday shubha uyg‘otmayapti” deb pasport va haydovchilik guvohnomasini ko‘rib o‘tkazishdi.

Bolalar bilan sayohatda qiynalmadingizmi, degan savolni berishdi. Bolalar zeriksa, sho‘xlik qila boshlaydi, sayohatimiz davomida har kuni, har soatda yangi joylar ko‘rishgani uchun zerikishmadi va sho‘xlik ham qilishmadi.

Mashinada sayohat qilmoqchi bo‘lganlarga aytardimki…

Yevropa bo‘ylab sayohat qilishdan oldin O‘zbekistonni sayohat qilish kerak. Oila bilan sayohat qilganingizda farzandlarga avvalo O‘zbekiston tarixini ko‘rsatish kerak.

Agar mashinada yo‘lga chiqsangiz, uni to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazish lozim, chunki biz Yevropada yurganimizda tez-tez mashinaning moyini almashtirishga to‘g‘ri keldi. Lekin bu juda muammo ekan. Chunki bu xizmatni ko‘rsatuvchi markazlar bir oy oldin navbatga yozilish kerakligini aytdi. Hamma Venetsiya, Italiyaga dam olishga borsa, biz moyni qayerda almashtiramiz deb yurganmiz.

Keyingi sayohatimiz Amerikaga bo‘ladi, mashinada bora olamizmi-yo‘qmi bu katta savol bo‘lib turibdi. Balki, Angliyagacha mashinada borarmiz, vaqt ko‘rsatadi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operatorlar – Asror Almurodov, Abduqodir To‘lqinov,
Montajchi – Asror Almurodov. 

Ko‘proq yangiliklar: