Statistika agentligi 2023 yilning yanvar-avgust oylaridagi sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning dastlabki 8 oyi davomida gaz qazib olish hajmi 31,39 mlrd kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,26 mlrd kub (2022 yilning yanvar-iyun oylarida 34,65 mlrd kub metr bo‘lgan) yoki 9,4 foizga qisqargan.
2023 yilning yanvar-avgust oylaridagi gaz qazib olish ko‘rsatkichlari:
- Yanvar – 4,31 mlrd kub;
- Fevral – 3,85 mlrd kub;
- Mart – 4,16 mlrd kub;
- Aprel – 3,94 mlrd kub;
- May – 3,6 mlrd kub;
- Iyun – 3,7 mlrd kub;
- Iyul – 3,9 mlrd kub;
- Avgust – 3,92 mlrd kub.
Ma’lumot uchun, 2022 yilda ham gaz qazib olish 53,8 mlrddan 51,66 mlrd kub metrgacha yoki 4 foizga kamaygandi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda gaz qazib olishning qisqarishi va ichki bozorda talab ortib borayotgani sababli xorijga tabiiy gaz sotish jiddiy qisqartirildi. Xususan, 2020 yilda Rossiyaga eksport butunlay to‘xtatildi.
Xitoyga gaz eksporti ham o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qisqargan. Xususan, yanvar-avgust oylarida Xitoyga 370,57 million dollarlik tabiiy gaz eksport qilingan, bu 2022 yilgi ko‘rsatkichdan 40 foizga kam. Aksincha, Energetika vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning oktyabr oyidan boshlab O‘zbekiston Rossiyadan kuniga 9 mln kub metr gaz import qilishni boshlaydi. Yillik hajm taxminan 2,8 milliard kub metrni tashkil qiladi. Shuningdek, “UzGazTrade” va “Turkmengas” kompaniyalari o‘rtasida yiliga 2 mlrd kub metrgacha turkman gazini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha qisqa muddatli shartnoma imzolangani ham xabar qilingandi.
Shuningdek, hisobot davrida ko‘mir qazib chiqarish 354,8 ming tonnaga, neft qazib olish 800 tonnaga oshgan bo‘lsa, gaz kondensati ishlab chiqarish 58,9 ming tonnaga kamaygan.
Dastlabki 8 oylikda elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,4 foizga yoki 2,78 mlrd kWh soatga oshgan. Xususan, 2022 yilning yanvar-avgust oylarida 48,9 mrld kWh soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning mos davrida 51,7 mlrd kWh soatga yetgan.
Hisbot davrida dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish 430 ming tonnadan 700 ming tonnaga, benzin ishlab chiqarish 769 ming tonnadan 892 ming tonnaga ko‘paygan.