London va Madridda derbi, Fransiyada klasiko. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 16:13 / 23.09.2023 17397

ARSeNAL – TOTTeNHEM (24 sentabr, 18:00)

London derbisi bu safar nafaqat o‘zaro munosabatlar va murosasizlik, balki turnir nuqtai nazaridan ham markaziy uchrashuvga aylanishi shubhasiz. Har ikkisi ham bir xil – 13tadan ochko to‘plab, «Manchester Siti»ni ta’qib qilib borishmoqda va bu yo‘lda davom etish uchun ushbu uchrashuvda ochko yo‘qotmaslik shart.

Qizig‘i, mavsum endi boshlangan bo‘lsa-da, har ikki klub jamoa sifatida har tomonlama o‘zini ko‘rsatib ulgurdi, turli ssenariydagi, turli sharoitdagi o‘yinlarda qatnashdi. Har ikki jamoada o‘rtamiyona klub bilan golli duranglar, kambeklar, so‘nggi daqiqalardagi, hamda yirik g‘alabalar ham bo‘lib ulgurdi. Ya’ni futbolchilar ana shunday turli uslub va ssenariylardagi o‘yinlar tufayli, ham ruhiy, ham jismoniy tomondan mavsumning avjiga tayyor, deb bemalol aytish mumkin. Bu faktor esa o‘yinni har jihatdan qiziqarli qilishiga va hatto jamoalar ochiq uslubga o‘tib ketishlari uchun sharoit yaratadi, albatta.

Foto: Getty images

Ikki yil oldin «Tottenhem» so‘nggi turlarda, o‘zaro o‘yindagi yirik g‘alaba tufayli «Arsenal»ni beshinchi o‘rinda qoldirib ketgandi. O‘tgan yili esa har ikki o‘yinda «qizillar»ning qo‘li baland keldi, «Tottenhem» ancha muvaffaqiyatsiz mavsum o‘tkazdi. Umuman so‘nggi o‘n yillikni oladigan bo‘lsak ham, o‘zaro o‘yinlarda kuchlar deyarli teng, har ikki tomonda sakkiztadan g‘alaba va olti durang mavjud. Aynan APL doirasidagi o‘yinlarni olsak, mehmonlar uchun uncha yaxshi bo‘lmagan seriya bor – «Tottenhem» bu stadionda oxirgi marta 2010 yilning noyabrida g‘alaba qozongan. O‘sha o‘yinda gollarni Samir Nasri, Rafael van der Vart hamda Garet Beyl urganini, maydonda Arshavin, Modrich, Fabregas va Gallaslar harakat qilganini eslasak, bu voqeaga juda ko‘p bo‘lganini tasavvur qilishingiz oson.

Tarkiblarga to‘xtaladigan bo‘lsak, «Arsenal»da sezilarli yo‘qotish – Gabriyel Martinellining jarohatidir. U «Everton»ga qarshi o‘yinning boshlarida maydonni tark etgandi. Lekin yana bir jihat, uning o‘rnida harakat qilayotgan Leandro Trossar o‘ziga berilgan imkoniyatdan unumli foydalanmoqda va keyingi har ikki o‘yinda ham gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Martinellidan tashqari, Tomas Parti ham taxminan yana bir oy sheriklariga yordam bera olmasa kerak. Mehmonlar safida esa yangi jarohatlar yo‘q. Faqat «Sheffild»ga qarshi kambek sababchilaridan biri bo‘lmish tajribali Ivan Perishich uzoq muddatga safdan chiqqani ma’lum bo‘ldi. So‘nggi o‘yinlarda u asosiy tarkibda harakat qilmayotgan bo‘lsa-da, o‘yin davomida jamoani kuchaytirish va murabbiyga turli rejalarni tuzishda juda foydali ijrochilardan biri edi.

Darvoqe, yana bir omil shundaki, «Tottenhem» raqibidan farqli ravishda hafta o‘rtasida o‘yin o‘tkazmadi. «Arsenal» chorshanba kuni «PSV»ga qarshi YeChL o‘yinida garchi oson g‘alabaga erishgan bo‘lsa-da, ayni shu derbiga tayyorgarlik borasida «Tottenhem»da ko‘proq vaqt bo‘lgani va futbolchilar jismoniy nuqtai nazardan yaxshiroq holatda bo‘lishini aytish lozim bo‘ladi. Agar o‘yin taqdiri ertaroq hal bo‘lmasa, o‘yin oxiriga borgan sari «Tottenhem»ning imkoniyati oshib borsa kerak.

PSJ – MARSeL (24 sentabr, 23:45)

Hozircha Luis Enrikening «PSJ»dagi islohoti natija berishni boshlagani yo‘q. Albatta, bu jarayon shoshilinch emas, Fransiyada har doim ham o‘nglanib, peshqadamlarga yetib olish imkoni bor. Kuchli beshlikda 1-o‘rinda ketayotgan jamoa eng ko‘p ochko yo‘qotgan liga ham aynan Fransiya chempionatidir. Ammo baribir, o‘tgan turda «Nitssa»dan o‘z maydonidagi mag‘lubiyat parijliklar uchun og‘ir botgan bo‘lsa kerak. Mavsum boshidagi duranglar tushunarli, Mbappe yo‘q edi, yangi futbolchilar hali to‘liq kirishib ketmagan, ammo keyinchalik, ikki ishonchli g‘alaba qozonilgach, barchasi relsga tushib olgandek tasavvur uyg‘otgandi. Mbappe qatorasiga uch o‘yinda dubl qayd etdi, masalan.

«Marsel» chempionatning peshqadamlaridan, hali mag‘lubiyatga uchramagan ikki jamoadan biri. Kecha «Nitssa» «Monako»ni yutib, birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi, lekin shu turda g‘alaba qozonsa, «Marsel» ham ochkolar bo‘yicha peshqadamga aylanib oladi. Qiziq tomoni, «Marsel» doim kuchli jamoalardan biri bo‘lib, yuqori o‘rinlarda yurgan bo‘lsa-da, aynan «PSJ»ga qarshi ligadagi eng yomon statistikaga ega. Qarang, 2011 yilning noyabrida «Marsel» parijliklar ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozongan. Shundan buyon barcha musobaqalarda raqiblar 28 marta kuch sinashishdi va faqat bir marotaba «Marsel»ning qo‘li baland kelgan xolos. 2020 yilning sentabrida Tovenning goli evaziga minimal hisobdagi g‘alabaga marselliklar aynan Parijda o‘tgan uchrashuvda erishgan edi. Yana bir fakt, «Marsel» Fransiya chempionatida 7 o‘yindan beri safarda g‘alaba qozona olmay kelyapti.

Har ikki jamoa yevrokuboklarda maydonga tushdi. Lekin jismoniy tomondan «PSJ»da ustunlik bo‘lishi ehtimoli katta. Chunki Enrike shogirdlari o‘z o‘yinini Parijda, buning ustiga ikki kun oldin o‘tkazgan. «Marsel» esa payshanba oqshomida «Ayaks»ga qarshi qiyin (3:3) o‘yin o‘tkazdi.

Jarohatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Marko Asensio va Nuno Mendesh kelasi oy boshiga maydonga qaytadi. Ammo yaxshi xabar, mavsumoldi yig‘inlarda jarohat olgan Presnel Kimpembe mashg‘ulotlarga qaytgani aytilmoqda. Asosiy tarkibda tushmasa ham, hech bo‘lmasa, uchrashuv qaydnomasidan ushbu himoyachining o‘rin olish ehtimoli yuqori. «Marsel» safida Ismoil Sarr jarohatdan tiklanib ulgurmadi.

LIVeRPUL – VeST HEM (24 sentabr, 18:00)

Agar mavsum boshida taqvimga qaralganda, bu jamoalarning 5 turdan so‘ng turnir jadvalining yuqori qismida bo‘lishiga ishonish qiyin edi. Yarimhimoyani butunlay yangilagan «Liverpul» «Chelsi», «Nyukasl» kabi jamoalar maydoniga safar qildi, «Aston Villa» bilan o‘ynadi. Deklan Raysdan ajralgan «Vest Hem» esa allaqachon «Chelsi», «Siti», «Brayton» kabi kuchli raqiblarga qarshi o‘ynab ulgurdi. Shu holatda ham jamoalarning minimal yo‘qotishlar bilan yuqori o‘rinda borayotgani diqqatga sazovor va bu o‘yin ham mana shu ijobiy tendensiyani yo‘qqa chiqarmaslik uchun har ikki tomonning harakatiga aylanib ketishi turgan gap.

«Enfild»dagi so‘nggi 6 o‘yinda mezbonlarning qo‘li baland kelgan, ammo oxirgi to‘rt o‘yinda «Liverpul» faqat minimal hisobda g‘alaba qozonayotganiga ham e’tibor berish lozim. Oxirgi ikki o‘yinda 1:0 hisobi qayd etilgan bo‘lsa, undan avvalgilarida «Liverpul» faqat so‘nggi daqiqalarda irodali g‘alabaga erishgan. «Vest Hem» oxirgi marta mehmonda 2015 yilda 3:0 hisobida muvaffaqiyatga erishgan.

E’tibor beriladigan yana bir jihat shundaki, «Liverpul» qaytadan yangi qurilayotgan jamoa, tabiiyki, tartibli va tizimli raqibga qarshi muammolar paydo bo‘lishi kerak. O‘yin ochiq tus olib, xatolar old planga chiqqanda, ya’ni xaos boshlanganda esa «Liverpul»ning ustunliklari namoyon bo‘la boshlaydi va alohida ijrochilarning bu ssenariydagi qobiliyati evaziga natija qo‘lga kiritish oson bo‘ladi. «Nyukasl»ga qarshi o‘yinni eslashingiz mumkin. Xullas, aynan bugungi holatdagi «Liverpul» uchun «Vest Hem» ancha noqulay raqib bo‘lishi kerak. Zero David Moyyes shogirdlari asosan quyi blokda va tartibli himoyalanadigan, muhimi, hatto hisobda ortda borsa ham, rejani buzmagan holda, o‘z imkoniyatini kutadigan jamoadir. Hali yuqori darajada butun o‘yin harakat qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan «Liverpul» uchun esa albatta, uncha munchaga ruhiy sinib qolmay, oxirigacha o‘z rejasi bo‘yicha o‘ynaydigan «Vest Hem» yetarlicha qiyinchilik tug‘dirishi turgan gap.

Foto: Getty images

Boshqa tarafdan, har ikki jamoa payshanba oqshomida Yevropa Ligasida ishtirok etdi va bir xil – 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Jismoniy tomondan ikki kun ichida optimal darajada tiklanish har ikki jamoaga ham oson bo‘lmasligini hisobga olsak, o‘yin qaysidir daqiqalardan tartibsiz va xatolar bilan davom etishi ehtimoli bor, bu ssenariy esa tabiiyki, «Liverpul»ga ko‘proq qo‘l keladi. Xullas, tomosha qilish uchun juda qiziqarli o‘yin va maslahatimiz, o‘yinning boshlanishiga qarab televizorni o‘chirib qo‘ymang. Uchrashuv umuman kutilmagan paytda kutilmagan tomonga burilib ketishi mumkin.

ATLeTIKO – ReAL MADRID (24 sentabr, 23:55)

«Real» mavsum boshidan yuz foizlik natijalarga erishib kelayotgan bo‘lsa-da, g‘alabalarning ishonchliligi, umuman ko‘rsatilayotgan o‘yin borasida «Atletiko» boshqa darajani namoyish etayotganda va agar so‘nggi hafta bo‘lmaganda, bemalol Simeone shogirdlarini favorit sifatida e’tirof etsak bo‘lardi. Ammo so‘nggi ikki o‘yindagi voqealar «Atletiko»ga ayniqsa ruhan ta’sir qilgan bo‘lishi ehtimoli bor.

Avval «Mestalya»dagi o‘yin jamoaning ustidan muzdek suv quyib yuborgandek bo‘ldi. 7:0 hisobidagi g‘alabadan so‘ng «Valensiya» maydoniga safar qilgan «Atletiko» har jabhada mezbonlarga imkoniyatni boy berdi va haqli ravishda yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi. Undan ham alamlisi esa Chempionlar Ligasida doirasida «Latsio»ga qarshi o‘yinda ro‘y berdi. O‘yin davomida ancha ustunlik qilingan bo‘lsa-da, atigi 1:0 hisobida g‘alaba qozonib turgan jamoa so‘nggi daqiqalarda tashabbusni boy berib qo‘ydi va hisob tenglashdi. Eng alamlisi, rimliklarning golini darvozabon urgani va tabiiyki, bu holat «Atletiko»ning butun harakatlarini chippakka chiqarib yubordi. «Real» esa o‘z navbatida «Union»ga qarshi uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida g‘alaba golini urib yevrokuboklarni g‘alaba bilan boshlagan bo‘lsa, undan oldingi La Liga o‘yinida «Sosedad» ustidan irodali g‘alabaga erishgandi. Ikki tomondan ikki xil kayfiyat.

Bundan tashqari, «Atletiko»da jamoa o‘yiniga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan jarohatlar bor. Rodrigo de Paul milliy jamoalar yig‘inidan jarohat bilan qaytdi va kelasi oy boshlarida mashg‘ulotlarga qaytishi kutilmoqda. O‘tgan turda esa Toma Lemar ham og‘ir jarohat oldi. U katta ehtimol bilan endi yangi yilda safga qaytadi. Suyunju, Depay, Barrios kabi futbolchilar esa kamida bir oydan so‘ng tarkibga qaytishlari mumkin. «Real» yana qisqa muddat Vinisiussiz chidab turishga majbur. Ammo Daniel Karvaxalning o‘rnini to‘ldirish yanayam qiyinroq bo‘lsa kerak. Karvaxal ushbu mavsumni kutilmaganda juda faol boshlab, madridliklarning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri bo‘lib turgandi. O‘ng qanot xuddi «Union» bilan bo‘lgani singari, Lukas Vaskesga topshirilsa kerak.

«Real» Ispaniya chempionatida hali ochko yo‘qotmagan yagona jamoa bo‘lib turibdi. Shu bilan birga «Atletiko» o‘z maydonidagi so‘nggi 14 uchrashuvda mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Demak ushbu seriyadan qaysidir biri mazkur derbida barham topadi. Nima deb o‘ylaysiz?

BOShQA O‘YINLAR

23 sentabr. MILAN – Verona (18:00), BAVARIYa – Boxum (18:30), BORUSSIYa D – Volfsburg (18:30), MANCheSTeR SITI – Nottingem Forest (19:00), Sassuolo – YuVeNTUS (21:00), BARSeLONA – Selta (21:30), Byornli – MANCheSTeR YuNAYTeD (23:55)

24 sentabr. Empoli – INTeR (15:30), LANS – Tuluza (18:00), ATALANTA – Kalyari (18:00), CheLSI – Aston Villa (18:00), Bolonya – NAPOLI (21:00), Torino – ROMA (23:45).

Ko‘proq yangiliklar: