2 soatda sotilgan 28 ming shartnoma, un narxidagi kuchli tebranish va AQSh bilan kengayadigan hamkorlik – “Iqtisodiy taymlayn”

Iqtisodiyot 16:48 / 23.09.2023 36445

Yakunlanayotgan hafta avvalida O‘zbekistonda un narxi keskin ko‘tarilib, hafta so‘ngiga borib “ortga qayta” boshladi. O‘zbekiston AQSh bilan iqtisodiy hamkorlik doirasida 12 ta yirik kelishuvga erishdi. UzAuto ommabop modellar uchun kontraktatsiyani ochib, 2 soat ichida 28 mingta avtomobil uchun shartnoma tuzdi. Elektr energiyasi va tabiiy gazning tannarxi ochiqlandi. Ayni paytda, davlat budjeti defitsiti salkam 40 trln so‘mga yaqinlashgan. Hafta iqtisodiy yangiliklari “Iqtisodiy taymlayn”da.

O‘zbekistonda un narxida kuchli tebranish yuz berdi

Qozog‘istonda eksport bug‘doyi narxining qimmatlashishi ortidan O‘zbekistonda qozoq unining narxi sezilarli oshdi. Bozorlarda ham mahalliy, ham import uni bir necha o‘n foizga qimmatlashgani kuzatildi.

Lekin e’tiborlisi, narxlarning bunday sur’atdagi o‘sishi birja kotirovkalarida aks etmadi. 14 sentabrgacha bo‘lgan bir oylik davrda respublika tovar-xomashyo birjasidagi savdolarda birinchi navli un narxi 6,5 foizga, 3-sinf bug‘doy narxi 7,3 foizga qimmatlashdi. 14–20 sentabr kunlari esa birjada birinchi navli un narxi qariyb 5 foizga arzonlashdi.

Rasmiylarga ko‘ra, narx oshishi bozorda yuzaga kelgan qisqa noaniqlik bilan bog‘liq. Ma’lum qilinishicha, Qozog‘istonda bu yilgi hosil yig‘imlari qiyin bo‘lgani uchun narx belgilanishi orqaga surilgan, natijada tadbirkorlar taklif narxlarini shakllantira olmagani biroz vaqtga sotuvlar to‘xtashiga olib kelgan. Qozog‘istondagi Oziq-ovqat shartnomalari korporatsiyasi ulgurji narxlarni belgilashi bilan muammo ortda qolishi aytilyapti.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari 20 sentabr kuni Kun.uz'ga bergan intervyusida un narxlari 3-4 kun ichida pastlashini aytib, aholini keragidan ortiqcha un sotib olmaslikka chaqirdi. Hafta so‘ngiga borib, bozorlarda un narxi pasaya boshlagan.

“Rekord” yangilandi - ommabop modellarga kontraktatsiya ochilib, mashinalar 2 soatda yopildi

18 sentabr kunning ikkinchi yarmida UzAuto Motors kompaniyasi kutilmaganda ommabop avtomobillari uchun shartnoma berish boshlanganini e’lon qildi. Lekin oradan 2 soat o‘tar-o‘tmay, jarayon to‘xtab qoldi. Ko‘p o‘tmay kompaniya 28 mingdan ortiq shartnoma shunday qisqa vaqt ichida o‘z egalarini topib bo‘lgani haqidagi bayonot bilan chiqdi.

Shu tariqa, Lacetti, Cobalt, Damas va Labo uchun ochilgan cheklangan sondagi shartnomalarga ulgurib qolish uchun avtosalonlarga shoshilgan ko‘plab o‘zbekistonliklar quruq qo‘l bilan qaytdi. Shuningdek, bu galgi savdo jarayoni avvalgilaridan yana bir noxush holat bilan ajralib turdi: kontraktatsiya ochilgan paytda shartnomani tegishli platforma orqali onlayn tarzda olish imkoniyati berilmadi, odamlar xarid uchun faqat dilerlik markazlariga borishi kerak edi.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors sotuv jarayonini ishlab chiqarish grafigiga moslashtirishini e’lon qilgan. Bunda muayyan davrda nechta avtomobil ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lsa, xaridorlar bilan shuncha miqdorda shartnomalar tuziladi. Kompaniya bu haqda avgust oyi boshida, ommabop modellari uchun kontraktatsiyani 8 oylik tanaffusdan keyin ochgan vaqtida ma’lum qilgandi. O‘shanda 50 mingdan ortiq avtomobil uchun shartnomalar tuzilgani aytilgan, jarayon bor-yo‘g‘i 1 sutka davom etgan edi.

Tok va gaz tannarxi ochiqlandi

Energetika vazirligi yetkazib berilayotgan elektr energiyasi va gazning tannarxini ochiqladi. Unga ko‘ra, 1 kWh elektr energiyasining tannarxi 970 so‘m, 1 kub metr gaz tannarxi esa 1890 so‘mni tashkil etadi.

Qayd etish kerak, 2022 yil may oyida berilgan rasmiy ma’lumotda 1 kWh elektr energiyasining tannarxi 800 so‘m, 1 kub metr tabiiy gazning tannarxi 1400 so‘m ekani keltirilgan edi. Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinadiki, bir yildan biroz ko‘proq vaqt ichida elektr energiyasi tannarxi 21 foizga, tabiiy gaz tannarxi 35 foizga oshgan.

Amaldagi tariflarda xonadonlarga 1 kWh elektr 295 so‘mdan, 1 kub metr tabiiy gaz 380 so‘mdan yetkazib berilyapti. Energetika vazirligining 19 sentabr kungi bayonotida ta’kidlanishicha, sohaning zarar bilan ishlayotgani hisobiga uni davlat budjetidan subsidiyalash kamomadga olib kelmoqda. Bu esa ijtimoiy sohaga ko‘proq mablag‘ yo‘naltirishga imkon bermayapti. Buning natijasida esa aslida tizimni yangilashga yo‘naltirish mumkin bo‘lgan mablag‘lar faqatgina paydo bo‘lgan ushbu tafovutni qoplashga sarflanmoqda.

Rasmiylar narxlarni to‘liq subsidiyalash o‘rniga sohaga bozor tamoyillarini joriy etish, iste’mol qilingan energiya uchun bozor talablaridan kelib chiqib haq to‘lanishini joriy etish zarurligini qayd etgan.

Ma’lumot uchun, 1 oktyabrdan boshlab aksariyat tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan 1 kWh elektr uchun 900 so‘m, 1 kub metr tabiiy gaz uchun 1500 so‘mlik tarif amal qila boshlaydi. Aholi uchun tariflar bu yil o‘zgarishsiz qoladi.

Davlat budjeti defitsiti salkam 40 trln so‘mga yaqinlashdi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi joriy yilning dastlabki 8 oyi davomidagi davlat budjeti va xarajatlari miqdorini ochiqladi. Unga ko‘ra, bu vaqtda daromadlar 140,4 trln so‘mni, xarajatlar esa 179,4 trln so‘mni tashkil etib, taqchillik 39 trln so‘mga yetgan. Bu o‘tgan 2022 yildagi umumiy konsolidatsiyalashgan budjet defitsitidan ham ko‘p. Hukumat prognozlarida 2023 yil yakunlari bo‘yicha 4,2 trln so‘mlik davlat budjeti profitsiti bo‘lishi kerak edi.

Avvalroq birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha konsolidatsiyalashgan budjet haqidagi ma’lumotlar ochiqlangan, unda defitsit yalpi ichki mahsulotga nisbatan qariyb 6 foizga yetib qolgani ma’lum bo‘lgandi. Xususan, 6 oylik yakunlar bo‘yicha davlat budjeti xarajatlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11 foizga, xarajatlar esa 25 foizga oshgan.

Fiskal balansning prognozlardan uzoqlashib ketgani sabab bu yil ham davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Chunki qonunga ko‘ra, konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi YaIMga nisbatan 3 foizdan oshmasligi kerak edi. Defitsitni yopish uchun 2 mlrd dollardan oshmagan miqdorda qarz olinishi ko‘rsatilgandi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilgi taqchillik prognozdan 1 foiz yuqori bo‘lib, 4 foizni tashkil etgandi.

Yakunlanayotgan haftada sodir bo‘lgan boshqa iqtisodiy yangiliklarga qisqacha to‘xtalamiz:

  • O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi arafasida Vashingtonda O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, unda 12ta hujjat imzolandi. Kelishuvlar energetika, mashinasozlik, AKT, qishloq xo‘jaligi, moliyaviy-texnik va ilmiy-texnik hamkorlik, tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi sohalarga oid.
  • Respublikaga keltirilayotgan ba’zi asbob-uskunalar boj va QQSdan ozod etildi. Ular asosan O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan issiqxona uchun uskuna va jihozlar, yuk ko‘tarish quvvati 50 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk mashina, o‘zgaruvchan tok generatorlari va boshqalardan iborat.
  • O‘zbekiston Xitoyga tabiiy gaz eksportini bir yil oldingiga qaraganda 40 foizga qisqartirdi. 8 oy natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Xitoyga 370 mln dollarlik gaz sotgan.
  • O‘zbekiston 26 ta elektr taqsimlash podstansiyasini raqamlashtirish uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 200 mln dollar, Fransiya taraqqiyot agentligidan 70 mln yevro qarz jalb qiladi.

 Madina Ochilova tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Ko‘proq yangiliklar: