Maxsus reportaj: o‘zbekistonlik dunganlarning to‘ylari qanday o‘tadi?

Jamiyat 14:24 / 22.09.2023 40675

XIX asrda Xitoy shimoli-g‘arbiy qismidagi xueylar dunganlar qo‘zg‘olonidan keyin Markaziy Osiyoga kelib qolishgan. O‘zbekistonning xitoy musulmonlari 1926 yilda 132 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 90-yillarga kelib, ularning soni o‘n baravarga oshadi. Ular o‘z ona tilidan tashqari o‘zbek tilida ham mukammal gaplasha olishadi. Kun.uz muxbiri dungan elatining to‘yida bo‘lib, xueylarning kelib chiqishidan to O‘zbekistonga ko‘chish tarixi va bugungi hayot tarzi bilan qiziqdi.

Toshkentning yonginasida joylashgan O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi dungan etnik guruhi haqida reportaj qilish maqsadida Dungan milliy-madaniy markazi raisi Mane Savurov bilan bog‘landik. U esa bizni yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadigan dungancha to‘yga chaqirdi. Yaxshi taklif. Chunki to‘ylar - xalqlarning madaniyat va urf-odatlari haqida ma’lumot beruvchi eng ma’qul vosita.

Mane Savurov

O‘sha kun ham keldi.  Mane Davurovich tashlab bergan manzilni navigatorga solib, yo‘lga tushdik. Poytaxtdan 39 daqiqalik yo‘l ekan. Soat tonggi yettida kelinning xonadoniga yetib borishimiz kerak. Chunki kelinga tong sahardan milliy soch turmagi qilish marosimi boshlanadi. Bu udum dungan madaniyatining ajralmas qismi va to‘y kunining eng birinchi bosqichi hisoblanadi.

Xonadonga yetib kelganimizda allaqachon marosim boshlanib bo‘lgan ekan. Dunganlar – musulmon elat. Lekin ular qayerda yashashmasin o‘zlarining xitoycha urf-odat va tilini yo‘qotishmagan. Kelinlik kiyimi ham aynan xitoy madaniyatiga xos bo‘lib, u o‘sha xalqning taqinchoq va bezaklari bilan bezatiladi.

Hammasidan avval dungan musulmonlarining etnik kelib chiqishidan O‘zbekiston hududiga kelib qolish tarixigacha bo‘lgan ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘tsak maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Milodiy 7-asr. Kunlardan bir kuni Chin davlatining Tang imperatori tushida yashil kiyimdagi yigit uni yirtqich hayvondan qutqarganini ko‘radi. Donishmandlar imperatorga bu tush ta’birini yirtqich hayvon uning ko‘chmanchi dushmanlari, xaloskor yigit va yashil rang esa G‘arb tomonda paydo bo‘lgan Islom dinining ramzi ekanligi bilan izohlashadi va aynan shu din vakillarining yordami bilan imperiyani qutqarish mumkinligini bashorat qilishadi.

Imperator ularning maslahatiga quloq tutib, Arabistonga o‘z elchilarini yuboradi va u yoqdan yordam sifatida uch ming arab askari Xitoyga yuboriladi. Tush o‘ngidan kelib, imperatorga qarshi bosh ko‘targan ko‘chmanchilar haqiqatan ham arab askarlarining yordami bilan tor-mor etiladi. Imperator askarlarni Xitoyda ushlab qolish maqsadida ularga xitoy qizlarini nikohlab beradi. Bugungi dungan musulmonlari ularning avlodlaridirlar. Dunganlar o‘zlarining kelib chiqish tarixi haqida mana shu rivoyatga ishonadilar.

Shuningdek, olimlarning ta’kidlashicha, dunganlar, ya’ni xueylarning shakllanishida asosiy qatlam xitoy tili va musulmon diniga asoslangan turli turkiy, eroniy, arab komponentlari ishtirokidagi Shimoli-g‘arbiy Xitoyning mahalliy xalqlari bo‘lgan. “Dungan” so‘zi esa turkcha “do‘ngen”, o‘zbekchada “qaytgan” ma’nosini anglatadi.

XX asr boshqird tarixchisi Ahmad Zaki Validiy XIII-XIV asrlarda yashagan Yuan xoni mo‘g‘ul Xubilayning saltanatida 150 ming musulmon askari xizmat qilganiga ishora qilgan. Yuan parchalanganidan so‘ng turkiy-mo‘g‘ul millatiga mansub ko‘plab musulmonlar xitoy tili va madaniyatiga yuz tutganlar, degan taxminlar ham yo‘q emas.

1862-1878 yillarda Xitoy shimoli-g‘arbiy qismida xueylar, aniqrog‘i dunganlar qo‘zg‘oloni mag‘lubiyatga uchraganidan 2 yil o‘tib Andijonda xuey ko‘chmanchilari paydo bo‘ldi. O‘zbekistondagi dunganlarning asosiy qismi, Xitoyning Shensi provinsiyasidan kelgan muhojirlarning avlodlari bo‘lib, ular 1930 yilda Toshkent viloyatiga ko‘chib o‘tgach, hududda “Lunmin”, “Gunxo” va “Staxanovskiy sholichilik” nomli kolxozlari paydo bo‘lgan.

O‘zbekiston dunganlari 1926 yilda 132 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 90-yillarga kelib, ularning soni o‘n baravarga oshadi. Hozirgi kunda dunganlar asosan Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Andijon va Farg‘ona vodiysining ayrim shaharlarida yashashadi. O‘zbekistondagi xueylarning bugungi soni 2000 nafardan ham ko‘pligi aytiladi va qo‘shni davlatlardan kelin bo‘lib kelganlarini hisobga olmaganda, hozirda hayot bo‘lgan dunganlarning barchasi O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sishgan”, deydi “Do‘stlik” ordeni sohibi Mane Savurov.

Ana endi yana to‘yga qaytamiz. Ertalabki to‘y kelin tomonidan beriladi. To‘yxonada 300-400 nafar atrofida odam yig‘ilgan. Dasturxonlar salatlardan tortib ovqatlargacha o‘zbek va dungan milliy taomlari bilan bezatilgan. Udumga ko‘ra mehmonlar 20 dan ortiq taomlar bilan siylanishi kerak. Lekin isrof masalasi bor. Imkon masalasi bor. Shularni hisobga olib, bugunga kelib, kamchiqim to‘y qilish odati dunganlarni ham chetlab o‘tmagan. Shunda ham dasturxon to‘la.

Kelin va kuyov bir-biriga qarindosh bo‘lishgani bois bugungi to‘yda begonalar yo‘q. Har ikki tomondan kelgan mehmon-u mezbonlar kuyovnavkarning kelishini kutishyapti. Kuyov kelgach, ikki yoshga Islom shartlariga muvofiq nikoh o‘qiladi. Kelin ham to‘yxonada. Faqat u xueylar madaniyatiga ko‘ra barchaga teskari qarab o‘tiradi. Aynan shu nuqtada xitoy va musulmonchilik madaniyatlari kesishmasini ko‘rish mumkin. Chunki xitoycha kelin libosida yuz qismi ochiq bo‘ladi va kelinning yuzini nazardan to‘sish uchun u hatto kelindugonalar davrasida ham hammaga ters bo‘lib o‘tiradi.

Kuyov kelishidan oldin uning ayol “elchilari” kelinning yoniga kelib, uning yuzini qizil rangli ro‘mol bilan o‘raydi - udum shunaqa. Undan so‘ng, kelinning dugonalariga shirinlik va pul tarqatib chiqadi.

Tashqarida kelin tomonning vakili qo‘lidagi qizil ro‘molchasi bilan ishora berishni boshladi. Demak, kuyov navkarlar kelishmoqda. Bu belgi ularga kirishga ruxsatnoma beruvchi harakatni ifodalaydi.

Nihoyat, dungan milliy an’analariga ko‘ra kiyingan kuyov ham ko‘rinish berdi.

Uning yelkasiga tashlangan qizil va yashil rangli tasmalarning ma’nosini to‘yxonaga kirguncha tushuntirib olamiz: xitoy xalqi uchun qizil rang – baxt, sadoqat va ishtiyoq timsoli bo‘lsa, yashil rang esa Islom dinining ramziy rangi hisoblanadi. Ikki yelkasiga millat va din mas’uliyatini ortgan kuyov yana bir muqaddas mas’uliyat – oila qurish uchun to‘yxonaga kirib keladi.

Endi nikoh o‘qish marosimi boshlanadi. Imom avval ikki yosh va davradagilarga nikohning muqaddasligi va Islom shartlarini tushuntirib, ma’ruza qiladi. Undan keyin ikki tomonning vakillarining guvohligida nikoh o‘qiladi.

Shundan so‘ng kuyov davradagi barchaga hurmatni va oilaga sadoqatini ifoda etib, dungan odatlariga ko‘ra ta’zim qilib chiqadi. Bunda kelin-kuyov, erkak-ayol deb qarab o‘tirilmaydi. Hatto oshxonada ovqat tayyorlaganlar va to‘yda xizmat qilganlar ham bu ehtiromdan mosuvo qolishmaydi. Shu bilan kelin tarafning to‘yiga yakun yasaladi.

Kuyovning xonadoni ham qizil tusda bezatilgan. To‘y bilan bog‘liq milliy udumlar o‘tkazilgach, erkak va ayol mehmonlar uchun alohida joy qilinib, dasturxon bezatiladi. Taxminan tushki soat 2 gacha davom etgan to‘ydan so‘ng kelin mehmonlardan faqat ayollarga dungancha kelin salom qiladi. Ta’zim qilish navbati endi uniki. Shu bilan Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida yana bir dungan oilasi paydo bo‘ldi.

Toshkent viloyati va Toshkentdagi dunganlar Qirg‘iziston hamda Qozog‘istondan kelgan elatdoshlari bilan ham oilaviy va nikoh aloqalarini saqlab turadilar. Hisob-kitoblarga ko‘ra, qo‘shni davlatlarda 50-60 mingdan ortiq dunganlar istiqomat qilishadi. Xitoyda esa ularning soni 12 milliondan oshadi.

1917 yilgacha O‘zbekiston dunganlari orasida savodlilari bo‘lmagan. 20 yil ichida, ya’ni 1937 yilga kelib ularning 45 foizi o‘qish va yozishni bilgan. Keyinchalik ta’lim darajasi yanada oshgan. Hozirda esa O‘zbekistondagi dungan diasporasi shifokorlar, agronomlar, olimlar, o‘qituvchilardan iborat. Bundan tashqari, Xitoy investor va tadbirkorlarining O‘zbekistonga kirib kelishi ortidan tarjimonlarga bo‘lgan talabning qondirilishida ham ularning ulushi katta.

Shu bilan poytaxtning yonginasida barcha o‘zbekistonliklar qatori yashayotgan xitoy musulmonlari – dunganlar mahallasiga qilgan safarimiz nihoyalandi. Dastur avvalida aytganimizdek, O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari birgalikda totuvlikda yashashmoqda. O‘zbekiston – barchamiz uchun bag‘rikeng va umumiy uyimizdir!

Sardorbek Usmoniy

Ko‘proq yangiliklar: