Oramizdagi odamlar: bir qo‘l bilan bo‘lsa-da baxtli yashayotgan Ozodbek

Jamiyat 18:51 / 21.09.2023 25469

Ozodbek bahordan to kuz fasli boshlangunga qadar dalada bir qo‘li bilan g‘isht quyadi. Barmoqsiz qolgan qo‘l sovuqda gazak olmasin deb salqin havo kirib kelishi bilan mavsumiy ishni to‘xtatadi. Qish ichi qishlog‘ida qurilishlarda ishlaydi. Paxta titish korxonasida yuz bergan baxtsiz hodisada Ozodbek bir qo‘lidan ayrilgan. Bir qo‘l bilan qolish uni hayotda yanada kuchliroq bo‘lishga undadi.

Oilaga baxtsizliklar ketma-ket keldi. 2006 yilda Ozodbek bir qo‘lidan ayrildi. 2020 yilning kuzida uning singlisi jigar xastaligidan vafot etdi. Oradan 4 oy o‘tib esa Toshkentga ish bilan borgan akasi Azizbekni yuk mashinasi bosib ketib halok bo‘ldi. Ketma-ket baxtsizliklar oila kattalarining boshini egib qo‘ydi. Ozodbekning otasi Parpitosh aka eski, ammo qishloqbop mashinasida kirakashlik qiladi. Ko‘chaga chiqib odamlar bilan gaplashsam ko‘rgiliklarni unutganday bo‘laman, deydi ikki farzandini tuproqqa qo‘ygan Parpitosh aka. Ota bugun Ozodbekka suyanib qolgan.

Salkam 40 yoshni qarshilagan Ozodbekning bir qo‘l bilan bo‘lsa-da odamlarga manfaati tegyapti. Yozda g‘isht quyadi, kuz keldi deguncha qishlog‘ida qurilishlarda ishlaydi.

“Andijonning Shahrixon tumani Nayman mahallasida yashayman. 3 nafar farzandim bor. G‘isht quyib tirikchilik qilaman. 2006 yilda sexda “stanokka” kirib ketgan qo‘limni kesib tashlashgan.

Baxtsiz hodisadan keyin ham sexda ishladim, ammo ba’zi kelishmovchiliklar sabab ketdim u yerdan. 2012 yilda maktabga qorovul bo‘lib ishga kirdim, u yerda ham 5-6 yilcha ishladim. Ish topish qiyin bo‘ldi. Bir nechta sheriklar bilan kelishib, g‘isht quyadigan bo‘ldik. Shu-shu 2018 yildan beri g‘isht quyib kelaman. Qo‘ldan kelgancha qilyapman. Kuniga 300-400 ta g‘isht quyaman.

Qo‘lim kesilgach, boshida juda qiyin bo‘lgan. Doktorning operatsiyaga kirayotganda hamshiraga «arrani ham ol» degan gapi hech esimdan chiqmaydi. Qo‘limni kesma, deb haqorat ham qilganman ularni. Hayot men uchun to‘xtab qolgandek edi. Yashagim ham kelmagan boshida. Vaqt oliy hakam ekan. Endi hammasiga ko‘nikdim. Atrofimdagi odamlarga havas qilaman. Ba’zida biror ish qilayotganimda xuddi qo‘lim bordek olib kelaman, ammo bo‘lmaydi... Inson har narsaning qadriga yetishi kerak ekan.

Nogiron ekan deb ko‘pchilik qizini bermagan. Bormanglar deganman uydagilarga. So‘ng ayolim bilan o‘zim ko‘rishib gaplashganman, holatimni tushuntirganman, tayyorman deb rozi bo‘lgan. Shukr, 3 farzandning otasiman.

Oilada 4 farzand edik. Akam Toshkentda ishlab yurgan paytda baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan. O‘zimdan 2 yosh kichik singlim ham turmushga chiqqach, jigar sirrozi bo‘ldi, davolatdik, lekin baribir bo‘lmadi. Bu yo‘qotishlar ota-onamga juda qattiq ta’sir qildi. O‘zim tirgak bo‘lib suyashga harakat qilaman. Otam taksichilik qiladi. Ba’zida menga shu holingda o‘zingni qiynama deb qoladilar, lekin mehnat qilish kerak baribir.

Otam-onam, oilam, bu dunyodan o‘tib ketgan akam bilan singlimning farzandlari sog‘-salomat, o‘ynab-kulib yursa, men uchun shu baxt.

Bolalarim qo‘lingizga nima qilgan, deb so‘rab qoladi. “Stanok”da kesilib ketgan deb boshimdan o‘tganini aytib beraman. Jiyanlarim so‘rab qolsa, kalamush yeb ketgan deb hazillashib qo‘yaman, ular javobimdan kulishadi.

Kuniga 300-400 atrofida g‘isht quyaman. Hozirda donasini 350 so‘mdan sotyapmiz, bir oyda 10 mingta quysam, 3,5 mln so‘m bo‘ladi. G‘ishtdan tashqariyam har xil ishlar qilib yuraman, bekor qolish kerakmas. Halol rizq topib yuribmiz, shukr. Senga qiyin bu ahvolda g‘isht quyish, deyishadi. O‘rganib qolganman. Qurilishlarda beton quyamiz, g‘isht teramiz. Mavsumga qarab ishlar chiqib turadi.

Bir vaqtlar mening ham to‘rt mucham sog‘ edi. Odamlarni ko‘rganda ko‘nglimdan nimadir o‘tadi, chunki bu ham bir katta baxt-da. Ammo Xudoga shukr qilaman, shunchasiga qurbim yetyapti, hayotimdan nolimayman.

Akam bilan singlim o‘tib ketgach, ota-onam ancha cho‘kib qolishdi. Baxtimizga sen sog‘ bo‘lgin, to‘rttadan ikkita qoldinglar, deyishadi. Doim ehtiyot bo‘lishimni tayinlashadi.

Farzandlarimning kattasi qiz. Otam ham, men ham shu qizimni Toshkent Islom universitetida o‘qishini niyat qilib yuribmiz. Katta o‘g‘lim 3-sinfda o‘qiydi, ingliz tiliga ko‘proq qiziqadi, tarjimon bo‘laman, deydi. Kichik o‘g‘lim hali erkamiz...”

Parpitosh aka ikki farzandidan bevaqt ayrilgach Ozodbekka suyanib qoldi. Qishloq kezib kirakashlik qilib o‘tmish xotiralardan o‘zini chalg‘itishga harakat qiladi

Parpitosh aka

“Taqdir shu ekan, ikki farzand bilan qoldim. Ozodbek 2006 yilda paxta sexida ishlab yurganda qo‘lini “stanok” tortib ketgan. Ancha qiynaldi. Lekin yoshligidan tirishqoq bo‘lgani uchun hayot uchun kurashdi. Menam g‘isht quyib sotaman, dedi. Senga og‘ir bo‘ladi, boshqa yengilroq ish top, deganman, lekin hali yoshman, mehnat qilishim kerak, deb o‘z so‘zida turib oldi. Hech tinch o‘tirmaydi, tomorqagayam qarayveradi.

Akasi bilan singlisi o‘tgach, shu o‘g‘limga suyanib qolganman. Singlisi kasal bo‘lganda ikki yil davolatdik, ammo umri qisqa ekan. So‘ng katta o‘g‘limni mashina bosib ketib halok bo‘ldi. O‘g‘limdan to‘rt, qizimdan bir farzand yodgorlik qoldi. Ota-onaga farzand dog‘i og‘ir bo‘larkan.

O‘zim kira qilib yuraman. Maqsadim pul topishmas, pensiyam, o‘g‘limning topgani ro‘zg‘orga yetadi, oshib ketmasa ham.

Shu bilan o‘zimni ovutaman. Hech ota-ona farzand dog‘ini ko‘rmasin ekan. 4 oy ichida ikki farzanddan ayrilish o‘ta og‘ir bo‘larkan. Xudoyim shuni ravo ko‘ribdi bizga, taqdir ekan. Ayolimga ham ko‘p qayg‘uraverma, qolgan bolalaringning, nevaralaringning baxtini ko‘raylik, deyman. Ko‘cha-ko‘yda ko‘rgan odam dardi yo‘q, bemalol yuribdi, deyishi mumkin, lekin ichda og‘ir yuk bor. Uyda o‘tirsam, xayolga shu bolalarimning yurganlari kelaveradi. Esga tushavergach, odam battar ezilib ketadi.

Qizim kasal paytida xo‘jalikda borini sarfladim. Oxiri bo‘lmagach, hovlimning yarmini sotdim. Bola ekan-da, joni og‘risa, sizning ham joningiz og‘riydi.

To‘ng‘ich o‘g‘limdan 3 o‘g‘il, 1 qiz qolgan. Kelinim shu 4 bolaning boshini qovushtirib olib o‘tiribdi. O‘ziyam ishga chiqib turadi. Qo‘limizdan kelgancha yordam beramiz. Ko‘p ezilib yurganimni sezib, Ozodbek ham urinmang, deydi menga. Hamma ishni o‘zi qiladi. Uyda o‘tirganimda bolalarim esga tushib qolsa, uyda turolmay siqilib qolaman. Ayolim bilan bir joylarga chiqib ketamiz aylangani.

Ozodbekning uylanish vaqti kelganda ayolim bilan rosa o‘ylanib, qo‘shni mahalladagi bir oilaga bordik. Kelin bilan ko‘rishib, bir-biriga ma’qul bo‘lgach, to‘yni boshlavordik.

Shuncha yildan beri xizmatimizni qilib, bolalari, Ozodbekka qarab yuribdi shu kelin. Hamma maqtaydi, o‘zim ham xursand bo‘lib qo‘yaman”.

Qahramonimiz Ozodbek Ismonovga yordam bermoqchi bo‘lgan hamyurtlarimiz uchun uning karta ma’lumotlari: 8600 0424 6298 0037 (Ismonov Ozodbek Parpitoshovich, o‘zining nomida, UZSARD)

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Ko‘proq yangiliklar: