Shavkat Mirziyoyev Yevrokengash rahbari bilan hamkorlikni rivojlantirish masalasini muhokama qildi

O‘zbekiston 07:22 / 19.09.2023 3599

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrifi doirasida 18 sentabr kuni o‘ziga ajratilgan qarorgohda Yevropa kengashi raisi Sharl Mishelni qabul qildi.

O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki tomonlama munosabatlarda bugun yuksak darajaga erishilgani qayd etildi. Yevrokengash rahbarining O‘zbekistonga tashrifi, “YeI – Markaziy Osiyo” formatidagi sammitlar, O‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha xalqaro konferensiya va iqtisodiy forumlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Yil boshidan buyon O‘zbekistonning YeI mamlakatlari bilan tovar aylanmasi hajmi 35 foizga oshdi, Yevropaning yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, muhim madaniy tadbirlar uyushtirilmoqda.

Uchrashuv chog‘ida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tez fursatda qabul qilish, o‘zaro savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish uchun qulay sharoitlar yaratish, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida kooperatsiyani, shu jumladan uzoq muddatli ikki tomonlama hujjatlarni qabul qilish orqali chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Yevrokengash rahbari Sharl Mishel Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish, ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda O‘zbekiston rahbari yetakchi rol o‘ynayotganini qayd etdi.

Samarali xalqaro transport yo‘laklarini, xususan, Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat, shu jumladan afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlar yuzasidan ham fikr almashildi.

Bo‘lajak ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Ko‘proq yangiliklar: