Kun.uz O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruh sobiq raisi, Koreya Respublikasining Jyeneva shahridagi BMT bo‘limi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi sobiq elchisi Li Tayeho bilan intervyu tashkil etdi.
Suhbat davomida janob Li Tayeho JSTga a’zo bo‘lish talablari, O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralarning bugungi holati, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar va boshqa ko‘plab masalalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
— Janob elchi, avvalambor suhbatga rozilik berganingiz uchun katta rahmat. Bilamizki, siz Jahon savdo tashkiloti, uning ishlash mexanizmlari borasida katta bilim va tajribaga egasiz. Siz mamlakatingizning tashkilotdagi diplomatik missiyasini ikki yil davomida boshqargansiz va tashqi ishlar vazirligi tizimida yuqori lavozimlarda ishlagansiz.
Bundan tashqari, bir muddat oldin O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhga rahbarlik qilgansiz va bu boradagi jarayondan to‘la xabardorsiz.
Shundan kelib chiqib so‘ramoqchi bo‘lgan birinchi savolim JSTga a’zolikning ahamiyati haqida. O‘zbekiston ayni damda olib borayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar sharoitida tashkilotga a’zo bo‘lishi uni JST qolipiga solib qo‘ymaydimi?
— Savol uchun rahmat. Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun 1994 yilda ariza topshirgan, ya’ni tashkilot rasman ish boshlashidan bir yil oldin. Biroq keyin bu boradagi harakatlar sustlashib ketdi va yaqin-yaqingacha hech qanday faollik kuzatilmadi. So‘nggi yillarda esa hukumatingiz bu ishga yana qizg‘in kirishdi va biz buni, albatta, qo‘llab-quvvatlaymiz.
Ma’lumki, bugungi global dunyoda barcha davlatlar bir-biri bilan savdo-sotiq aloqalari sabab uzviy bog‘liq. O‘zbekiston ham ushbu zanjirning bir qismi, garchi u JSTga a’zo bo‘lmasa ham.
JST tashkil etilganda unga 76 davlat a’zo edi, hozirda ularning soni 164 taga yetgan. A’zo davlatlar soni bunday tez sur’atlarda o‘sishi, tashkilot ahamiyati qay darajada yuqori ekanini ko‘rsatadi. O‘zbekiston hozircha tashkilot tarkibida emas, lekin unga qo‘shilish uchun faol harakat qilmoqda.
Yuqorida aytganimdek, barcha davlatlar bir-biri bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, savdo munosabatlarini tartibga solish va boshqarish uchun ularga ma’lum qoidalar to‘plami kerak bo‘ladi va bu qoidalar JST tomonidan ishlab chiqiladi hamda nazorat qilinadi. Qoidalarga asoslangan xalqaro savdo tizimi juda muhim va JST bu tizimning markazida. Shuning uchun O‘zbekiston imkon qadar tezroq tashkilotga a’zo bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman.
Siz tashkilotga qo‘shilishning mamlakatingizda olib borilayotgan islohotlarga ta’siri haqida ham so‘radingiz. Aytib o‘tishim kerakki, JSTga a’zolik O‘zbekistonga keng imkoniyatlar eshiklarini ochadi, chunki mamlakatingiz 164 ta davlat bilan teng huquqli asosda savdo qilish imkonini qo‘lga kiritadi. Bu O‘zbekiston uchun katta yutuq. Ammo JSTga a’zo bo‘lish uchun iqtisodiy tizimingizni xalqaro me’yorlar va standartlarga moslashtirishingiz kerak.
Ba’zilar tashkilotga qo‘shilish orqali uning cheklovlari doirasida qolib ketishdan tashvishlanishi mumkin, lekin aslida tashkilot qoidalari teng huquqli asosda ishlash uchun umumiy standardlardan iborat, xolos. Demak, ularni cheklov sifatida ko‘rmaslik kerak. O‘ylaymanki, JSTga a’zo bo‘lish O‘zbekistonga iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda faqat va faqat yordam beradi.
— Odatda JSTga a’zo bo‘lish jarayonida muzokaralar oldindan a’zo davlatlarning yangi qo‘shilayotgan mamlakat bozoriga kirish istiqbollarini kengaytirish uchungina tashkil etiladi. Endigina qo‘shilayotgan davlat esa nima taklif etilayotgan bo‘lsa shu bilan qanoatlanishga majbur. Bu yangi a’zo bo‘lib kirayotgan davlatga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Uning eksport imkoniyatlarini qay darajada o‘zgartiradi?
— Gapingiz to‘g‘ri. A’zolik bo‘yicha muzokaralar boshlaganida, dastlab yangi qo‘shilayotgan mamlakatning bozorga kirish bo‘yicha takliflari o‘rtaga tashlanadi. Biz birga o‘tirib, bu takliflarni o‘rganib chiqamiz. Siz buni bir tomonlama yondashuv deb o‘ylashingiz mumkin, lekin aslida unday emas. Chunki tashkilotga a’zo bo‘lish orqali siz ham 164 ta davlat bozoriga kirish imkoniga ega bo‘lasiz, ya’ni o‘z bozoringizga kirish yo‘lini ochish orqali siz ham ayni ayni huquq bilan ta’minlanasiz. Bu har ikki taraf uchun ham foydali bo‘ladi. O‘zbekistonning imkoniyatlari katta, uning JSTga qo‘shilishi samarali bo‘lishiga ishonaman.
— A’zo davlatlar qo‘shilayotgan mamlakatlardan JST qoidalaridan tashqari boshqa majburiyatlarni ham talab qiladi, masalan, «JST Plyus» sxemasi asosida. Sizningcha, ularning bunday yo‘l tutishlari qanchalik to‘g‘ri?
— Menimcha, bu masalada biroz tushunmovchilik bor. Ha, shunday holatlar kuzatiladi, lekin faqat ma’lum vaziyatlarda. Masalan, Xitoyni olaylik. U katta davlat, uning tashkilotga qo‘shilishi barcha a’zo mamlakatlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmasligi aniq edi. Shuning uchun ular Xitoy belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilishi, ularni buzmasligi uchun qo‘shimcha talablar qo‘yishga majbur bo‘lgan. Ammo, odatda, boshqa mamlakatlar misolida bunday talablar qo‘yilganini men eslolmayman.
— O‘zbekiston masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak. Qo‘shilish bo‘yicha jarayon qaysi bosqichda? Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish mamlakatga qanday foyda keltiradi?
— Yuqorida aytganimdek, O‘zbekiston tashkilotga qo‘shilish uchun 1994 yilda ariza bergan, biroq keyinchalik bu harakatlar sustlashib ketdi. Taxminan to‘rt-besh yil oldin hukumatingiz bu masalani yana kun tartibiga qaytardi. Orada ishchi guruh tashkil etilib, uning uch-to‘rtta yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ulardan biriga men raislik ham qilganman. Hozirda muzokaralarning keyingi raundiga tayyorgarlik ketyapti. Shu jihatdan olib aytganda, jarayon ancha tezlashdi, deyish mumkin va biz bundan mamnunmiz.
Bu ishlar odatda ikki bosqichda amalga oshiriladi: ikki tomonlama va ko‘p tomonlama muzokaralar orqali. Birinchisi bozorlarga kirish imkonini muhokama qilsa, ikkinchisi umumiy qoidalarni ko‘rib chiqadi.
Mamlakatingiz JSTga a’zo bo‘lishga intilishi mavjud iqtisodiy tuzilmani raqobatbardosh, bozor iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan tizim qilib shakllantirish yo‘lida olib borayotgan islohotlarining bir qismi, deb bilaman. Shunday ekan, u rivojlanishingiz uchun juda muhim. Hukumat vakillari ham muzokaralar davomida bu jarayon ortga qaytmasligi, bu yo‘ldan chekinmasliklarini qayta-qayta aytib keladi. Tashkilot albatta buni iliq qabul qiladi va hukumatingiz bu ishga jiddiy e’tibor qaratayotganidan xursand.
Bu yerga ilk bor kelgan vaqtlarimda ko‘pchilik mendan «Bu jarayonni qachon tugatamiz?» deb so‘rashgandi. Ochig‘i buni hech kim aniq aytolmaydi, lekin shunisi aniqki, bu hukumatingizning ushbu masalani hal qilishda nechog‘lik qat’iy ekaniga bog‘liq. Ularning qarori esa, o‘z navbatida, xalqingiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Yakdillikka erishmasdan oldinga siljib bo‘lmaydi.
Savdo masalalarini hal qilish har doim ham qiyin kechgan, lekin JSTga a’zolik mamlakatingizga qanday foydalar olib kelishini anglab yetsangiz, oldinga intilish oson kechadi, maqsadingizga erishasiz.
Bugun ertalab tashkil etilgan konferensiya bu borada juda foydali bo‘ldi, deb ayta olaman. Chunki unda nafaqat hukumat a’zolari, balki parlament vakillari, ilmiy doiradagilar hamda ishbilarmon toifa ishtirok etdi. Bu shuni anglatadiki, barcha manfaatdor tomonlar bir joyga jamlangan va ular JSTga a’zo bo‘lishingizda tayanch vazifasini o‘taydi.
— O‘zbekiston suv yo‘liga chiqish uchun ikki davlat hududini kesib o‘tishga majbur. Bu esa savdo aloqalariga, shubhasiz, o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Tashkilotga qo‘shilish ushbu muammoni hal qilishda qanday yordam beradi?
— Menimcha, bu masalaga qanday qarashingizga bog‘liq. Suv yo‘liga chiqish imkoni bo‘lmasligi, albatta, ijobiy holat emas, lekin ayni damda shuni ham unutmaslik kerakki, siz tarixiy savdo yo‘li markazida joylashgansiz. Mintaqaning transport va ishlab chiqarish markaziga aylanish imkoni bor. O‘z salohiyatingizni to‘liq ishga solish uchun siz nafaqat qo‘shnilaringiz, balki Yevropa Ittifoqi davlatlari, Yaqin Sharq mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashingiz kerak. Bu esa JSTga a’zo bo‘lish orqali amalga oshiriladi.
O‘zbekiston kelajagiga qarashlar ancha ijobiy. Mamlakatingizning joylashuvi salbiy omil sifatida ko‘rilmasligi kerak. Aksincha, buni bir imkoniyat deb bilib, yanada rivojlanishga harakat qilish lozim.
— O‘zbekistonning allaqachon katta savdo hamkori bor, ya’ni MDH davlatlari. Uzoq xorijiy mamlakatlar ularning o‘rnini bosa oladimi, sizningcha?
— Biroz oldin aytganimdek, O‘zbekiston strategik ahamiyatga ega hududda joylashgan. Bu shunday hududki, sizda mintaqa iqtisodiyoti markazi bo‘lish imkoni bor. Buning uchun siz xalqaro bozor zanjiriga bog‘lanishingiz, Koreya, Yaponiya va boshqa davlatlar bilan savdoni rivojlantirishingiz kerak. Bu esa, yana ta’kidlayman, Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish orqali bo‘ladi.
Erkin savdo shartnomasi ham muhim, albatta, lekin u JST o‘rnini bosolmaydi. O‘zbekiston birinchi navbatda Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi, keyin esa boshqa strukturalar haqida o‘ylashi kerak, fikrimcha. Mana shu to‘g‘ri qaror bo‘ladi.
— Siz Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirligi tizimida ham yuqori lavozimlarda ishlagansiz. O‘zbekiston bilan mamlakatingiz o‘rtasidagi so‘nggi olti-yetti yildagi munosabatlar dinamikasi haqida qanday fikrdasiz?
— Mamlakatlarimiz do‘stona munosabatlarga ega va biz xalqaro maydonda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab kelmoqdamiz. Hamkorligimiz Strategik sheriklik munosabatlari darajasida va bu Koreyaning boshqa davlatlar bilan ikki tomonlama aloqalarining eng yuqori shakllaridan biri.
O‘zbekiston Koreya uchun Markaziy Osiyodagi eng muhim hamkor hisoblanadi. Biz davlatingizning Jahon savdo tashilotiga qo‘shilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini har tomonlama qo‘llaymiz. Bundan tashqari, davlatlarimiz o‘rtasida maxsus Rivojlanish dasturi, mehnat migratsiyasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha almashinuv loyihalari va boshqa kelishuvlar ham bor.
Davlatning sobiq amaldori sifatida Koreya hukumati mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga berayotgan e’tibori darajasidan juda mamnunman.