Pashinyan: Boku bilan tinchlik shartnomasi 5 oktyabrda imzolanmaydi

Jahon 10:19 / 18.09.2023 5697

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan oktyabr oyi boshida Granadada bo‘lib o‘tadigan besh tomonlama yig‘ilishda Ozarboyjon bilan tinchlik shartnomasi imzolanmasligini bildirdi, biroq Boku bilan shu yil oxirigacha yoki kelasi yil boshida tinchlikka erishilishiga umid bildirdi.

«Afsuski, yo‘q. Agar hujjat imzolanishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, bu biz ushbu hujjat Armanistonning muvozanatli manfaatlariga mos kelishiga ishonganimizni va biz uni imzolashga tayyorligimizni anglatardi», dedi Pashinyan 17 sentabr, yakshanba kuni jurnalistlarga.

Granadadagi muzokaralar

«Biz tinchlik kun tartibi bizning ustuvor vazifamiz ekanini aytdik va Ozarboyjon bilan imkon qadar tezroq, masalan, yil oxirigacha yoki yil boshida tinchlik shartnomasini imzolashni xohlaymiz, buning uchun hamma narsani qilamiz. Umid qilamizki, intensiv muzokaralar davom etadi va biz muammoga yechim topamiz», - dedi Pashinyan.

Shu bilan birga, u «Tog‘li Qorabog‘da chuqurlashib borayotgan humanitar inqiroz va Lochin yo‘lagining blokadasi tinchlik jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini» ta’kidladi.

5 oktyabr kuni Ispaniyaning Granada shahrida Nikol Pashinyan, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Olaf Shols va Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel ishtirokida besh tomonlama uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: