«Nasaf» Iordaniya chempioniga qarshi. Berdiyev jamoasi «Al-Faysali»dan nimasi bilan ustun?

Sport 16:42 / 18.09.2023 8336

Bugun, 18 sentabr kuni Osiyoda klublar o‘rtasidagi qit’aning eng nufuzli musobaqasi Osiyo Chempionlar ligasiga start beriladi. O‘zbekiston kubogining amaldagi sohibi sifatida OChLda ishtirok etayotgan «Nasaf» ilk turda «Al-Faysali» klubi mehmoni bo‘ladi.

«Nasaf» Iordaniya chempioniga qarshi

O‘tgan mavsum o‘zbek klublari orasida OChLda eng yaxshi natija – 1/8 finalga qadar yetib borgan «Nasaf» klubi bu yilgi mavsumni «Al-Faysali»ga qarshi safardagi o‘yin bilan boshlaydi.

Iordaniyaning amaldagi chempioni sanalmish ushbu klub hozirda mamlakat chempionatida 4-turdan keyin 9 ochko bilan 3-o‘rinda bormoqda. Qarshi jamoasi esa Superligada 4-o‘rinni egallab turibdi.

Kim qanday holatda?

«Nasaf» so‘nggi rasmiy o‘yinida 2 sentabr kuni O‘zbekiston kubogi chorakfinalida vodiyda «Turon»ni mag‘lub etdi – 2:1. «Al-Faysali» esa Iordaniya Pro ligasida 25 avgust kuni asosiy raqobatchisi maydonida «Al-Vehdat»ga yutqazdi – 2:3.

Fakt

Ushbu raqib «Nasaf» uchun begona emas. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari 2018 yilda OChL saralash pley-offida «Al-Faysali»ni Qarshida qabul qilib, 5:1 hisobida mag‘lub etgandi.

Transfer bahosi: «Nasaf» «Al-Faysali»dan qimmatbaho

Transfermarkt portalida Qashqadaryo klubi umumiy 7,65 million yevro narx bilan OChL-2023/24 yilgi mavsum jamoalari orasida 27-o‘rinda bo‘lsa, Amman jamoasi tarkibi umumiy 3,38 million yevro narx bilan 40 jamoa orasida 38-o‘rindan joy olgan.

«Al-Faysali»ning eng qimmatbaho 3 futbolchisi:

1. Rafiq Kamergi, hujumchi (Tunis) – 500 ming yevro

2. Ehson Haddod, himoyachi (Iordaniya) – 400 ming yevro

3. Mohannad Xayr-A’lo himoyachi (Iordaniya) – 350 ming yevro

«Nasaf»ning eng qimmatbaho 3 futbolchisi:

1. Sherzod Nasrullayev, himoyachi – 800 ming yevro

2. Akmal Mozgovoy, yarimhimoyachi – 750 ming yevro

3. Oybek Bozorov, yarimhimoyachi – 750 ming yevro

«Nasaf» g‘alabaga erishsa qancha mukofot puli oladi?

Osiyo Chempionlar ligasi 2023/24 yilgi mavsum guruh bosqichidagi har bir o‘yindagi g‘alaba va safar xarajatlari uchun OFK tomonidan mablag‘ ajratilgan. Jumladan, «Nasaf»ning safar xarajati uchun 40 ming AQSh dollari ajratilgan bo‘lsa, g‘alaba uchun OFK tomonidan 50 ming AQSh dollari, durang uchun 10 ming AQSh dollari mukofot tariqasida to‘lanadi.

«V» guruhi. 1-tur.

18 sentabr (dushanba)

«Al-Faysali» (Iordaniya) - «Nasaf»

Stadion: Amman xalqaro o‘yingohi.

O‘yin boshlanish vaqti: 21:00.

Ko‘proq yangiliklar: