«MYu»da eng yomon start, «Barsa»da gollar bayrami. Kun o‘yinlari

Sport 15:50 / 17.09.2023 23934

Angliya: «MYu»da xaos, Salohda yubiley va Risharlisonning benefisi

«Manchester Yunayted» — «Brayton» 1:3
Gollar:
Mejbri (73) — Uelbek (20), Gross (53), Pedro (71). 
Manchester Yunayted – Onana, Dalot, Lindelyof, Martines (Uan-Bissaka, 85), Regilon (Garnacho, 85), Maktominey (Pelistri, 85), Eriksen, Kazemiro (Mejbri, 64), Fernandesh, Reshford, Hoylund (Marsiyal, 64).
Brayton – Stil, Veltman, Dank, van Hekke, Lempti (Milner, 77), Lallana (Fati, 64), Gross, Daud (Gilmor, 77), Mitoma, Adengra (Fergyuson, 85), Uelbek (Joao Pedro, 64).
Ogohlantirishlar: Lempti (4), van Hekke (24), Fernandesh (45), Mejbri (90).

APLda murabbiylar har o‘yin oldidan matbuot anjumanida qatnashadi va qisqacha fikrlarini bildirib o‘tadi. Odatda bunday kichik intervyularda qandaydir jiddiy ma’lumot olish qiyin: jarohatlarga qaramay uch ochko olish istagi haqidagi navbatchi so‘zlar va raqib manziliga qaratilgan maqtovlar. Ammo «MYu» — «Brayton» uchrashuvi oldidan mezbonlar ustozi Erik ten Hag ko‘pchilikni hayron qoldirgan holda shunday dedi: «Biz biroz boshqacha tizimda o‘ynaymiz». Amalda esa bu to‘lig‘icha boshqa tizim bo‘lib chiqdi.

Vaziyat shuni taqozo etardi, «MYu»da ayniqsa o‘ng qanot vingerlari bilan muammo yuzaga kelgandi. Sevgilisi bilan mojarodan keyin Grinvud Ispaniyaning «Xetafe» klubiga ijaraga berib yuborilgan. Antoni ham xuddi shunga o‘xshash mojaro tufayli tarkibdan chetlatilgan. Hujumning istalgan nuqtasida o‘ynashi mumkin bo‘lgan Sancho esa murabbiy bilan ziddiyatga bordi va tarkibdan chetda qoldi. Qolaversa, startdagi ikki safar o‘yinida «Tottenhem» va «Arsenal»ga yutqazgan jamoa tanaffusga 11-o‘rinda yo‘l olgan, Meyson Maunt, Lyuk Shou, Tayrell Malasiya va Amad Diallo kabi futbolchilar jarohat tufayli safdan chiqqan. Shu tufayli ten Hag terma jamoalar o‘yinlari vaqtidagi tanaffusda yangi sxema ishlab chiqdi — umuman vingerlarsiz.

O‘yin boshlanishiga bir soat qolganida «MYu» boshlang‘ich tarkibidagi 11 nom ma’lum bo‘ldi, unda Brunu o‘ng qanot vingeri sifatida ko‘rsatilgandi. Lekin amalda bunday emasdi, chunki ten Hag maydon markazidagi romb asosida sxema tuzgandi: Kazemiro — tayanch zonasida, Shotlandiyaning so‘nggi ikki o‘yinida bir gol va bir golli pas muallifi bo‘lgan va haqli ravishda «qizil iblislar» asosiy tarkibiga qaytgan Maktominey — o‘ngdagi «sakkizlik», Eriksen — chap, Fernandesh — romb uchini hosil qilgandi. Hujumda Reshford va jarohatini davolab, ilk bor boshlang‘ich tarkibda tushgan Hoylund harakat qildi, qanot himoyachilari Dalot va Lyuk Shou o‘rniga tushgan debyutant Regilonning hujumlarga qo‘shilishini kutish mumkin edi. Afsonaviy Harri Maguayr esa milliy jamoa safidagi o‘yinda avtogol urgandi va kutilganidek zaxirada qoldi.

Birinchi bo‘lim ko‘rsatdiki, «Brayton» murabbiyi De Dzerbi bunga tayyorlanmagandi. «MYu»da ko‘plab vaziyatlar bo‘ldi (ayniqsa, Reshfordda), ammo hisobni mehmonlar ochishdi. 20-daqiqada Adingra qanotdan to‘p uzatdi, Lallana ayyorlik bilan to‘pni oyoqlari orasidan o‘tkazib yubordi va juda qulay pozitsiyada paydo bo‘lgan Uelbek hisobni ochdi. «Qizil iblislar» akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan hujumchi hissiyotlarini yashirib o‘tirmadi va golni jamoadoshlari bilan nishonladi. Denni uchun bu APL o‘yinlari doirasida «MYu» darvozasiga urilgan to‘rtinchi goli bo‘ldi — mankunianliklarning sobiq futbolchilaridan hech biri sobiq jamoasini bu qadar ko‘p ranjitmagan.

Hisobga qarab ten Hagning o‘ylaganlari barbod bo‘lganini aytish xato edi, aslida reja ish bergandi. Ammo Reshfordning zarbasi to‘singa tegdi, Hoylundning goli esa videotakrordan keyin bekor qilindi, chunki unga pas bergan Reshvord to‘pni maydon tashqarisiga bir necha santimetr o‘tib ketganidan keyin uzatgandi.

Ikkinchi bo‘limda ssenariy o‘zgarmadi. «MYu» yana bosim qildi, Rashford ko‘p marta raqiblardan qochib ketib, jarima maydoni tomon bostirib bordi, ammo gollarni mehmonlar urishdi. 53-daqiqada mehmonlarning jamoaviy o‘yini samara berdi. Bu hujumda katta tezlik yoki yorqin individual skill yo‘q edi — barchasi jamoaviy o‘yin edi. Chap qanotda to‘pni qabul qilib olgan Mitoma o‘ngroqdagi Lemptini to‘p bilan ta’minladi, u esa markazdagi Paskal Grossni topdi. 32 yoshli yarimhimoyachi bir harakat bilan Lisandro Martinesni gazonga qulatdi va yaqin masofadan turib Onana qo‘riqlayotgan darvoza burchagini ishg‘ol etdi. E’tiborli jihati Mitomaga to‘pni aynan Gross yetkazib bergandi — bu chinakamiga jamoaviy ish bo‘ldi. Paskal uchun bu APL o‘yinlari doirasida «Old Trafford»da urilgan to‘rtinchi gol bo‘ldi — bu stadionga mehmonga kelganlar orasida faqat Stiven Jyerrard va Mo Saloh ko‘proq gol urishgan, «Liverpul» afsonalarida beshtadan gol bor.

Keyin esa Lempti yana bir golli pas berdi — bu safar jamoaning shu yozdagi eng qimmatbaho xaridi Joau Pedroga. «MYu» esa o‘z maydonida yirik hisobda yutqaza boshladi — 0:3.

Faqat ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushirilgan 20 yoshli Hannibal Mejbrining goli hisob juda xunuk ko‘rinishining oldini oldi. Tunislik yosh havbek Kazemiro o‘rniga maydonga chiqdi va uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan APLdagi ilk golini urdi. «MYu»da bundan ortig‘iga kuch yetmadi. Mezbonlar qo‘shimcha daqiqalarda to‘rtinchi golni o‘tkazib yuborishiga ham bir baxya qoldi. Ammo shu kuni yangi jamoasida debyut qilgan Ansu Fatining yerlatib burchakka bergan zarbasini Onana maydon tashqarisiga chiqarib yubora oldi.

«Yunayted» «Old Trafford»da 31 o‘yin davomida yutqazmagandi, ammo «chaykalar» osonlik bilan uch ochko olishdi. E’tiborlisi, APL o‘yinlaridagi oxirgi mag‘lubiyat ham 2022 yil fevralida «Brayton»dan qabul qilib olingandi. Bu jamoa manchesterliklar kushandasiga aylangan – qatorasiga to‘rt o‘yinda g‘alaba, to‘plar nisbati 10:2. APLning besh o‘yinidagi uch mag‘lubiyat — «Yunayted» uchun turnir tarixidagi eng yomon start. O‘tgan mavsumda ham start bundan yaxshiroq edi – «Brayton» (1:2) va «Brentford»dan uchralgan (0:4) mag‘lubiyatlardan keyin to‘rt o‘yinda g‘alaba qozonilgandi.

«Qizil iblislar» turnir jadvalining ikkinchi qismida qolmoqda, keyingi o‘yin esa Chempionlar ligasi guruh bosqichi doirasida «Bavariya»ga qarshi kechadi. Bugungi «Yunayted» Myunxenda imkonsiz qolishi deyarli aniq. Harri Keyn mankunianliklarga qarshi 19 o‘yinda 5+3 natijaga erishgan —katta ehtimol bilan unda bu statistikani yaxshilash uchun yaxshi imkoniyat bor. «Brayton» esa bu g‘alabadan keyin to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilgan va beshinchi tur yakunlariga ko‘ra beshinchi o‘rindan tushib ketmasligi aniq.

«Vulverhempton» — «Liverpul» 1:3
Gollar:
Hvan (7) — Gakpo (55), Roberson (85), Bueno (90+1, avtogol). 
Vulverhempton – Sa, Semedu, Douson, Kilmen, Ait-Nuri (Bueno, 65), Lemina (Traore, 78), Bellgard (Doyl, 77), Gomes, Netu, Hvang Hi Chhang (Doerti, 60), Kunya (Fabiu Silva, 61).
Liverpul – Alisson, Gomes, Matip, Kuansa (Konate, 83), Roberson, Soboslai, Mak Allister (Dias, 46), Jons, Saloh (Gravenberh, 90+3), Jota (Elliott, 56), Gakpo (Nunes, 56).
Ogohlantirishlar: Mak Allister (4), Semedu (71), Elliott (90+2).

«Vulverhempton» van Deyk diskvalifikatsiyaga uchragan, Aleksandr-Arnold jarohat olgan holatda qizillar mudofaasidagi muammolarni ochib tashladi. Pedru Netu o‘z qanotida bir necha marta Gomesni bolalarcha aldab o‘tdi, Hvang Hi Chhangga golli uzatma berishdan oldin esa «Liverpul»ning uch futbolchisini ortda qoldirdi. Netuning yana bir solosi ikkinchi gol bilan yakunlanishiga bir baxya qolganida (Kunya qulay vaziyatda gol ura olmadi), ko‘pchilik fevral oyida shu stadionda kechgan o‘yinni yodga oldi, o‘shanda startda ikki tezkor gol urgan mezbonlar yakunda yirik hisobda (3:0) g‘alaba qozongandi va Yurgen Klopp jamoasi qattiq tanqidga uchragandi.

Mehmonlar faqat tanaffus arafasida uyg‘ona boshladi, tanaffusdan keyin esa o‘ziga o‘xshab o‘ynay boshladi. Tabiiyki, javob goli ko‘p kuttirmadi — Salohning qanotdan zarbasi Gakpoga golli uzatmaga aylandi. Klopp darhol maydonga tashlab, bosimni kuchaytirdi va o‘yin oxirida «bo‘rilar» bu bosimga dosh bera olmay qoldi. Joze Sa to‘pni uzoqlashtirishda xatoga yo‘l qo‘ydi, Roberson esa o‘zi boshlab bergan qarshi hujumni Salohning uzatmasidan keyin gol bilan yakunladi. Misrlik futbolchi bu o‘yinda assistentlik het-triki qayd etgandi, ammo uchinchi gol Elliotga emas, «Vulvz»ning ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan Bueno nomiga avtogol sifatida yozildi. Salohda esa hozircha APLdagi samarali ballari roppa-rosa 200 (139+61) ballni tashkil etmoqda.

«Vest Hem» — «Manchester Siti» 1:3
Gollar:
Uord-Prouz (36) — Doku (46), Silva (76), Holand (86). 
Vest Hem – Areolya, Tsoufal (Kerer, 87), Zuma, Agerd, Emerson, Uord-Prouz, Souchek (Ingz, 87), Paketa, Alvares (Benrahma, 68), Bouen, Antonio (Kudus, 67).
Manchester Siti – Ederson, Uoker, Diash, Akanji, Gvardiol (Ake, 90), Silva (Bobb, 90), Rodri, Foden (Nunesh, 67), Doku (Serxio Gomes, 90), Holand (Lyuis, 90), Alvares.
Ogohlantirishlar: Alvares (38), Gvardiol (45), Souchek (79), Rodri (89), Paketa (90).

«Vest Hem» va «Manchester Siti» uchrashuvi ham shunga o‘xshash ssenariyda kechdi va o‘yin xavfli vaziyatlarga boy bo‘ldi. Yakunda mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilgan londonliklar bu o‘yinda ochko olishga yaqin edi, ammo «shaharliklar» tarkibidagi futbolchilarning mahorati muhim omil bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limning ilk daqiqasidayoq hisob tenglashsa va golni «shaharliklar»ning yangi futbolchisi Doku ursa — bu psixologiya nuqtayi nazardan ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Alvares «cherpachka» uslubida to‘pni himoyachilar ortiga tashlab berganda va Bernardu Silvu to‘pni darvozabon yonidan o‘tkazib darvozaga joylaganida haqiqiy mahorat darsi o‘tib berildi. O‘yin davomida qator qulay vaziyatlardan foydalana olmagan Holandning goli esa o‘yinga nuqta qo‘yuvchi zarba bo‘ldi. Xosep Gvardiola jamoasi besh turda besh g‘alaba bilan yetakchilikni davom ettirmoqda.

«Tottenhem» — «Sheffild Yunayted» 2:1
Gollar:
Risharlison (90+8), Kulusevski (90+10) — Hamer (74). 
Tottenhem – Vikario, Porro (Emerson, 90+5), Romero, van de Ven (Hyoyberg, 90+5), Udoji, Meddison, Bissuma, Kulusevski, Sarr (Risharlison, 80), Son (Jonson, 80), Solomon (Perishich, 80).
Sheffild Yunayted – Foderingem, Bogl (Trasti, 86), Bashem, Robinson, Ahmedhojich, Tomas, Hamer (Devis, 81), Vinisius, Makati (Norvud, 70), Makberni, Archer.
Ogohlantirishlar: Bashem (29), Archer (41), Foderingem (45), van de Ven (49), Makberni (56), Robinson (63), Meddison (67), Solomon (69), Bissuma (86), Devis (90).
Chetlatish: Makberni (90+14). 

Kambeklar kuni eng aql bovar qilmas va dramatik o‘yin bilan yakunlandi, «Tottenhem» qo‘shib berilgan o‘ninchi daqiqada tarozi pallasini o‘z tomoniga og‘dira oldi. Bundan uch daqiqa oldin esa londonliklar mag‘lubiyatga uchrayotgandi. Mavsum oldidan tayinloviga ko‘pchilik kinoya bilan qaragan bosh murabbiy Angelos Posteko‘g‘lida o‘z sehrini ko‘rsatishda davom etmoqda. «Shporlar»ga qadar «Yokogama F. Marinos» va «Seltik» kabi jamoalarni boshqargan bu murabbiy faoliyatida mag‘lubiyatsiz uy uchrashuvlarini 50 taga yetkazdi (+42=8).

Shanba kungi o‘yinlardagi asosiy voqea esa — anchadan buyon gol urmagan va yaqinda milliy jamoa o‘yinida zaxiraga olinganidan keyin ko‘z yoshlarini tiya olmagan Risharlisonning maydonga chiqishi bo‘ldi. Braziliyalikning o‘zi juda qiyin besh oyni boshdan kechirganini aytib o‘tgandi, endi esa taqdir uni burchak zarbasidan keyingi gol va Kulushevskining g‘alaba golidagi golli uzatma bilan taqdirladi. Final hushtagi chalinganidan keyin Son Hin Min o‘zini haqiqiy yetakchilardek tutdi. Butun jamoa fanatlar o‘tirgan sektor qarshisiga chopganida, koreyalik hujumchi Risharlisonni oldinroqqa chiqarib, olqishlarga u haqliroq ekanini ko‘rsatdi. Qolaversa, Risharlison APLda Roberto Firmino va Gabriel Jyezus ortidan 50 gollik nuqtadan o‘tgan uchinchi braziliyalikka aylandi.

«Nyukasl» — «Brentford» 1:0
Gol:
Uilson (64, penalti).
Nyukasl – Poup, Trippiyer, Sher, Botman, Bern, Anderson, Gimaraes, Longstaff, Barns (Almiron, 83), Gordon, Uilson.
Brentford – Flekken, Xiki (Lyuis-Potter, 82), Mi (Mope, 72), Pinnok, Kollinz, Genri (Roerslev, 42), Nergor (Oneka, 72), Yyensen, Yanelt (Shade, 72), Vissa, Mbeumo.
Ogohlantirishlar: Vissa (33), Nergor (42), Xiki (59), Flekken (64), Kollinz (85), Uilson (90+5), Gordon (90+5), Gimaraes (90+7).

Umumiy fonda mavsum startini barqaror o‘tkaza olmayotgan «Nyukasl»ning g‘alabasi zerikarli ko‘rinish oldi. Lekin bu oddiy g‘alaba emasdi. «Brentford» oldingi to‘rt turni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgani bejiz emas. Ammo «qarg‘alar» shu kuni startda tushgan Uilson tufayli uch o‘yindan iborat mag‘lubiyatli seriyasiga chek qo‘ydi. Avvaliga uning goli darvozabonga qo‘pollik tufayli bekor qilindi, ammo aynan Kallum hal qiluvchi penaltini aniq ijro etdi. Shu kuni Eddi Hau Tonali va Botmanni Chempionlar ligasiga asrash uchun maydonga tushirmadi.

Ispaniya: Felishning Kataloniyadagi ilk goli va Simeonening eng yomon o‘yini

Foto: ALEX CAPARROS/GETTY IMAGES

«Barselona» — «Betis» 5:0
Gollar:
Felish (25), Levandovski (32), Torres (62), Rafinya (66), Kanselu (81).
Barselona – ter Stegen, Kanselu, Kristensen (Martines, 76), Kunde, Balde (Alonso, 76), Romeu (Gundo‘g‘an, 64), de Yong, Gavi, Felish (Yamal, 64), Ferran Torres (Rafinya, 64), Levandovski.
Betis – Ruy Silva (Veytes, 46), Bellerin, Bartra, Riad, Miranda, Isko (Rodri, 66), Roka (Rodriges, 66), Altimira, Peres (Xuan Krus, 66), Luis Enrike (Ezzalzuli, 46), Villian Joze.
Ogohlantirishlar: Bartra (72), Rodriges (84), Martines (86).

Gundo‘g‘anning jarohati borasidagi xavotirlar o‘rinsiz bo‘lib chiqdi. Xavi uni boshlang‘ich tarkibga kiritmagan bo‘lsa-da, «Barselona» o‘yinida muammolar yuzaga kelmadi. Ha, Kundening xatosidan keyin Luiz Enrikening zarbasi darvoza ustunidan bir necha santimetr masofadan o‘tib ketishi ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi. Yoki Isko yaratgan yana bir vaziyatda Villian Jozening yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini Ter Shtegen to‘sa oldi.

Faqat bu epizodlar hisob allaqachon 2:0 ko‘rinishini olganida ro‘y berdi, o‘yindagi yirik hisob Joau Feliksning bolalik orzusi bo‘lgan jamoadagi ilk goli bilan boshlandi. Portugaliyalik futbolchi shu kuni juda faol harakat qildi, u ataylab oyoqlari orasidan o‘tkazib yuborgan to‘p Levandovskiga borib tushganida ikkinchi gol urildi, Feliks urgan yana bir gol ofsayd tufayli bekor bo‘ldi, Ferran Torresning jarima zarbasidan urgan goli esa «Betis»ni tamoman taslim qildi. Yozda kataloniyaliklar xayrlashmoqchi bo‘lgan ushbu futbolchi hozirda ajoyib sport formasida ekani va o‘zining jamoaga kerakligini namoyish etdi. Aynan Torres Messi ketganidan keyin barselonaliklar la ligada jarima zarbasidan gol urgan birinchi futbolchi bo‘ldi.

Raqobat Torresga ham, zaxiradan tushgach yorqin o‘yin ko‘rsatgan Rafinyaga ham qo‘shimcha ishtiyoq bermoqda. Ular Yamal o‘ziga berilgan vaqtda qanchalik kuchli o‘yin ko‘rsatayotganini ko‘rib turishibdi, 16 yoshli futbolchi bu safar gol yoki pasni o‘z nomiga yozdira olmagan bo‘lsa ham, ikkinchi bo‘limda urilgan ikki golda ishtirok etdi. Jamoaga yozda kelib qo‘shilgan futbolchilardan biri Joau Kanselu solo amalga oshirib, o‘yin bezagiga aylangan gol muallifi bo‘ldi. «Betis» o‘z bosh murabbiyi Manuel Pellegrinining 70 yillik yubileyini barbod qildi, «Barsa» esa Chempionlar ligasi startiga yuqori kayfiyatda kirib bormoqda.

«Valensiya» — «Atletiko» 3:0
Gollar:
Duro (5, 34), Gerra (54). 
Valensiya – Mamardashvili, Terri Korreyya, Diakabi, Moskera, Gayya (O‘zkajar, 70), Pepelu, Almeyda (Amalla, 70), Fransisko Peres, Gerra, Kanos (Diyego Lopes, 59), Duro.
Atletiko – Oblak, Aspilikueta, Savich (Korrea, 46), Ermoso (Saul, 62), Vitsel, Rikelme (Molina, 46), Lemar (Galan, 44), Liorente, Barrios, Grizmann (Ximenes, 62), Morata.
Ogohlantirishlar: Ermoso (23), Liorente (36), Grizmann (37), Mamardashvili (56), Saul (74), Barrios (86).

«Mestalya»da ikki karra sensatsiya qayd etildi. Birinchidan, «Atletiko»ning yirik hisobda tor-mor bo‘lishi fakti, bu jamoa hozircha g‘alabalar bilan ochko yo‘qotishlarni birga olib bormoqda. O‘tgan turda 7:0 hisobida g‘alaba qozongan madridliklar bu safar 0:3 hisobida yutqazishdi. Ikkinchidan, inqirozli davrini davom ettirayotgan «Valensiya» besh turda uch bor g‘alabaga qozondi va turnir jadvalining yuqori qismida qoldi, «matraschilar» ustidan qozonilgan g‘alaba esa — jamoa uchun 2023 yil boshidan buyon qayd etilgan eng yirik hisob bo‘ldi. Madridliklar Ugo Duro uchun qulay raqibga aylandi, u ushbu jamoaga ikkinchi marta dubl qayd etdi. Diyego Simeone esa o‘yindan keyin «ko‘rshapalaklar» kuchliroq o‘yin namoyish etganini va bu «Atletiko»ning o‘zining boshqaruvidagi eng yomon o‘yini bo‘lganini qayd etdi.

Italiya: Milan derbisida yirik hisob, «Napoli»da pasayish

Foto: MATTIA OZBOT/GETTY IMAGES

«Yuventus» — «Latsio» 3:1
Gollar:
Vlahovich (10, 67), Kiyeza (26) — Alberto (64).
Yuventus – Shchensni, Danilo, Bremer, Gatti, Makkenni (Vea, 72), Kostich (Kambyazo, 59), Rabo, Lokatelli, Miretti (Fajoli, 59), Kiyeza (Milik, 83), Vlahovich (Ken, 84).
Latsio – Provedel, Marushich, Romanoli, Kazale, Hyusay (Pellegrini, 46), Pedro, Genduzi, Luis Alberto, Kataldi (Rovella, 46), Kamada, Felipe Anderson, Dzakkani, Immobile (Kastelyanos, 69).
Ogohlantirishlar: Miretti (8), Bremer (16), Gatti (61), Kambiyazo (77), Vlahovich (82), Pellegrini (84).

O‘tgan turda «Latsio» kutilmaganda Neapolda ustun kelib, mavsumdagi ilk g‘alabasini nishonlagandi. Ammo Maurisio Sarri yana bir sobiq jamoasini yenga olmadi, «Yuventus» esa Milan derbisi yakunigacha bir necha soat davomida birinchi o‘rinda turdi. Massimiliano Allegrini ortiqcha pragmatizmda ayblaydiganlar uchun jamoa hujum chizig‘idagi futbolchilar yana bir bor javob qaytarishdi. Shanba kungi o‘yinni uzoq masofadan bergan ajoyib zarbasi bilan bezagan Vlahovich to‘rt turda to‘rt golni o‘z hisobiga yozib qo‘ygan. Jarohatidan tuzalib qaytgan Kiyeza esa oldingi holatiga qaytdi va A seriyadagi so‘nggi yetti o‘yinida raqiblar darvozalarini besh bor ishg‘ol etgan. U undan oldingi 42 o‘yinda jami shuncha gol urgandi.

«Inter» — «Milan» 5:1
Gollar:
Mxitaryan (5, 69), Tyuram (38), Chalxono‘g‘li (79, penalti), Frattezi (90+3) — Leau (57).
Inter – Zommer, Dumfris, Darmian, Acherbi, Bastoni (de Vrey, 74), Dimarko (Karlos Augusto, 64), Mxitaryan, Chalxono‘g‘li (Aslani, 81), Barella (Frattezi, 64), Tyuram (Arnautovich, 64), Martines.
Milan – Menyan, Kalabriya (Florensi, 77), Kiyer, Tiav, Ernandes, Krunich, Loftus-Chik (Musa, 86), Reynders (Yovich, 77), Pulishich (Chukvueze, 56), Leau, Jiru (Okafor, 77).
Ogohlantirishlar: Tiav (24), Ernandes (61), Chalxono‘g‘li (72), Frattezi (90+4).

Navbatdagi Milan derbisi arafasida qiziqarli raqamlar eslandi, unga ko‘ra, «Inter» yaratilgan golli vaziyatlar bo‘yicha (11) «Atalanta» bilan birgalikda yetakchilik qilibgina qolmasdan, vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha (86 foiz) kuchli beshlik chempionatlarida eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu daraja ushbu ikki prinsipial raqib to‘qnashuvida to‘liq aks etdi.

«Neradzurrilar» ilk qulay vaziyatdan maksimum natija chiqarishdi, Mxitaryan Dimarkoning yaxshi chiqmagan zarbasiga teginib, hisobni ochdi. Armanistonlik yarimhimoyachi ikkita muhim gol urib, haqiqiy shou uyushtirdi. Birinchi va uchinchi gollarni — Rafael Leau reyd uyushtirib, o‘yinga qaytargan intrigaga tezda barham berdi. Beshinchi golli hujumda esa Mxitaryan to‘pni raqibdan olib qo‘yib, Frattezini ajoyib pas bilan ta’minladi. Ikkinchi gol muallifi Tyuramning «to‘qqizlik»ka bergan kuchli zarbasini ham e’tirof etish kerak.

«Inter» derbida bunday sermahsullikni 1974 yil martidan buyon namoyish etmagandi. O‘shanda ham 5:1 hisobi qayd etilgandi, qolaversa, bu qora-ko‘klar ilk bor «Milan»ga qarshi o‘yinlarda, barcha turnirlar hisobga olinganda, qatorasiga beshinchi bor g‘olib bo‘ldi. «Rossonerilar»ni bu holatda kuzatish achinarli, bu mavsumda hali ochko yo‘qotmagan Simone Indzagi jamoasi esa hozirdan skudetto uchun asosiy da’vogar ekanini ko‘z-ko‘z qilmoqda. Faqat Turindagilar boshqacha fikrda, qolaversa, bu mavsumda yevrokuboklarda ishtirok etmaydigan «Yuve» uchun taqvim osonroq.

«Jyenoa» — «Napoli» 2:2
Gollar:
Bani (40), Retegi (56) — Raspadori (76), Politano (85).
Jyenoa – Jozep Martines, Sabelli (Malinovskiy, 74), de Vinter, Bani, Dregushin, Aaron Martin (Vaskes, 90), Frendrup, Badel, Strotman (Torsbyu, 77), Gudmundsson, Retegi.
Napoli – Meret, Di Lorenso, Jyezus, Estigor, Mariu Ruy (Olivera, 58), Lobotka (Kayuste, 75), Zelinski, Zambo-Angissa (Raspadori, 58), Elmaz (Politano, 46), Kvaratsxeliya (Dzerbin, 89), Osimhen.
Ogohlantirishlar: Elmaz (1), de Vinter (32), Retegi (33), Badel (75), Kayuste (78).

Qatorasiga ikkinchi turda standart savollar paydo bo‘lmoqda: «Napoli» hali ham chempionlikdan sarxushligicha qolyaptimi yoki Luchano Spalletti ketgach, jamoa o‘yinida inqiroz yuzaga kelganmi? «Latsio»dan uchralgan mag‘lubiyat baribir sensatsiya sifatida baholanmagandi, «Jyenoa»ga qarshi o‘yinning katta qismidagi nursiz o‘yin esa — allaqachon ogohlik qo‘ng‘irog‘iga aylandi. «Grifonlar» nisbatan tajovuzkorroq va maqsadliroq o‘ynashdi, mehnatlari evaziga ikki gol urishdi. Ammo baribir hali neapolitanliklar o‘yinidagi inqiroz haqida gapirishga erta ekani ma’lum bo‘ldi. Rudi Garsiya kritik vaziyatda futbolchilarni almashtirish orqali o‘yinni qaytadan qurdi va mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Zaxira o‘rindig‘i nisbatan kengligi amaldagi chempionlarning ustunligi bo‘ldi, Raspadori va Politano esa juda chiroyli gollar urishdi.

Germaniya: Hummels rekordchilarga yetib oldi

«Leypsig» — «Augsburg» 3:0
Gollar:
Simons (7), Openda (11), Raum (27). 
Leypsig – Blasvix, Henriks, Lukeba, Simakan, Raum (Lens, 77), Kampl, Forsberg (Karvalyu, 64), Shlager, Simons (Baumgartner, 76), Poulsen, Openda (Sheshko, 64).
Augsburg – Damen, Mbabu, Uduoxay (Gaueleu, 46), Bauer, Pfayffer, Pedersen (Yago, 46), Yyensen, Dorsh (Engels, 45), Rejbechay, Vargas, Demirovich, Belo (Tits, 46).

Terma jamoalar o‘yinlari Marko Roze jamoasi uchun jiddiy zarba berdi, «Leypsig» jarohat tufayli jamoa sardori va mudofaa tayanchi, vengriyalik himoyachi Orbanni hamda ajoyib formada bo‘lib turgan ispaniyalik hujumkor yarimhimoyachi Dani Olmoni yo‘qotdi. Ammo «ho‘kizlar» jamoasi bu yo‘qotishlarni sezdirmadi va tom ma’noda «Augsburg» mudofaasini birinchi bo‘lim o‘rtalaridayoq taslim qilishdi. Mehmonlarning tor-mor etilishini Chavi Simons boshlab berdi, u ikkinchi golni urgan Opendaga ham assistentlik qildi. Niderlandiyalik yosh futbolchi to‘rt turdan keyin 7 (3+4) ball ishlagan, bungacha bundesligada bunday yorqin debyut «Borussiya» safida Pako Alkaser va Holand tomonidan qayd etilgandi.

«Frayburg» — «Borussiya» D 2:4
Gollar:
Holer (45+2), Hefler (45+6)— Hummels (11, 88), Malen (60), Roys (90+2). 
Frayburg – Atubolu, Linxart, Gulde, Ginter, Kyubler (Shmidt, 85), Hefler, Shallai, Eggeshtayn, Doan (Rol, 85), Adamu, Gregorich (Grifo, 28), Heler.
Borussiya D – Kobel, Ryuerson, Hummels, Shlotterbek, Bensebayni (Volf, 46), Zabitser, Jan (Mukoko, 84), Brandt (Roys, 71), Malen, Adeyyemi (Nmecha, 59), Aller (Fyullkrug, 59).
Chetlatish: Hefler (82).

«Borussiya» bu mavsumda hali mag‘lubiyatga uchramagan bo‘lsa-da, o‘z o‘yini bilan yaxshi taassurot qoldirmayapti. O‘tgan turda dortmundliklar o‘z maydonida bundesliga debyutanti «Haydenhaym» bilan o‘yinda ikki gol ustunligini boy bergandi (2:2). «Frayburg»ga qarshi safar o‘yinida hissiyotli g‘alabaga erishilganiga qaramay, «asalarilar» jamoasi o‘yinidagi muammolar yo‘qolmagani ko‘rinib qoldi, ular hisobni ochgan bo‘lsa-da, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda ikki gol o‘tkazib yuborishdi. Ammo Edin Terzich shogirdlari iroda ko‘rsatishdi, g‘alaba goli esa Hummels hisobiga yozildi. U 34 yosh 274 kunligida sariq-qoralar tarixida dubl qayd etgan eng yoshi katta futbolchi bo‘ldi, shu bilan birga bundesliga rekordini takrorladi. Ushbu himoyachi Germaniya chempionatida 16 mavsumdirki gol urmoqda. Bunday natija bilan faqat besh futbolchi maqtana olishi mumkin va bunday seriya oxirgi bor 1984-2000 yillar oralig‘ida Olaf Ton tomonidan qayd etilgandi.

Kun statistikasi

  • Rafael Benites «Selta»ning debyutda ketma-ket uchta uy uchrashuvida yutqazgan 1-murabbiyi bo‘ldi.
  • «Shtutgart» hujumchisi Girassi dastlabki to‘rt turda 8 gol urdi. Bundesligada bunday holat 1967 yildan buyon kuzatilmagandi, o‘shanda rekord startdagi to‘rt o‘yinda to‘qqiz gol urgan Menhengladbahning «Borussiya» klubi futbolchisi Peter Mayyer tomonidan o‘rnatilgandi.
  • «Old Trafford»da yarimhimoyachi Jyeyms Milner 11 g‘alabaga erishdi. Bunday natija bilan boshqa biror futbolchi maqtana olmaydi, ushbu faxriy futbolchi esa bunga to‘rt turli jamoa — «Aston Villa», «Manchester Siti», «Liverpul» va «Brayton» bilan erishgan.
  • APLda shanba kungi o‘yinlarda 44 ta sariq kartochka ko‘rsatildi. Bu turnirning 1998 yil 22 avgustdan buyon saqlanib turgan rekordi yangilanishi bo‘ldi.
Ko‘proq yangiliklar: