Liviyaning Derna shahrida vayronkor suv toshqinidan so‘ng 35 ming kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan - JSST

Jahon 11:47 / 17.09.2023 7646

Suv toshqiniga kuchli dovul va yomg‘ir tufayli ikkita suv omborining to‘g‘oni yorilib ketishi sabab bo‘lgan.

Dernada 10 mingdan ziyod bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda. Qutqaruvchilar va yo‘qolgan insonlarning qarindoshlari ularni vayronalar va balandligi ayrim joylarda bir necha metrga yetuvchi loy qatlamlari ostidan tirik topishga umidini yo‘qotmagan, — deb xabar beradi Euronews.

Vayron bo‘lgan to‘g‘onlar 1970-yillarda barpo etilgan, garchi har yili pul ajratib kelingan bo‘lsa-da, to‘g‘onlarni ishchi holatda saqlashga jiddiy e’tibor qaratilmagan. Mahalliy aholi hokimiyat vakillari bu tahdiddan xabardor bo‘lishgani, biroq hech qanday chora ko‘rishmaganini ta’kidlamoqda. Liviya davlat prokurori sovuqqonlik qilgan shaxslar javobgarlikka tortilishini va’da qildi.

Liviya milliy birlik hukumati Favqulodda holatlar boshqarmasi boshlig‘i Dernadagi suv toshqinidan so‘ng 890 ta uy to‘liq vayron bo‘lgani, 1500 dan ortiq uyga qisman zarar yetganini ta’kidladi.

Dernada 150 kishi ifloslangan suv ichib zaharlangan. Foto: improvethenews.org

Shuningdek, texnogen ofatdan so‘ng Dernada 150 kishi ifloslangan suv iste’mol qilib zaharlangani ham xabar qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Liviyaning dengiz sohilida joylashgan Derna shahrida halokatli suv toshqini qurbonlari soni 11,3 ming kishiga yetgan. Falokat hududida qidiruv ishlari davom etmoqda. Yana 10,1 ming kishi bedarak ketgan deb hisoblanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: