Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi uchta avtomobil zavodida 15 sentabr, juma kuni yarim tunda United Auto Workers (UAW) avtomobil ishchilari kasaba uyushmasi tomonidan tashkillashtirilgan ish tashlash boshlandi. UAW’ning 150 ming a’zosidan 13 ming nafari uchta konsernning korxonalarida - Missuri va Michigandagi General Motors hamda Ford, shuningdek, Amerikaning Chrysler va Jeep avtomobil brendlariga egalik qiluvchi Ohayodagi Stellantis korxonalarida ishlashni to‘xtatdi.
Kasaba uyushmasi ish haqini 36 foizga oshirishni talab qilmoqda
Kasaba uyushmasi to‘rt yil davomida ish haqini 36 foizga oshirishni talab qilmoqda. Dastlab, UAW ish haqini 40 foizga oshirishni talab qildi, chunki bu yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilarning top-menejyerlari daromadlarining oshishiga teng bo‘lardi. Bundan tashqari, kasaba uyushmasi 2008 yildagi moliyaviy inqirozdan keyin bekor qilingan ayrim ijtimoiy imtiyozlarni tiklashni so‘ramoqda. O‘z navbatida, ish beruvchilar 4,5 yil davomida ish haqini 20 foizga oshirishni taklif etdi.
UAW raisi Shon Feyn kasaba uyushmasi talablarini yuqori inflatsiya va avtomobil ishlab chiqaruvchilar foydasi bilan oqladi. Ford bosh direktori Jim Farli CNBC telekanaliga bergan intervyusida kompaniya bunday talablarni bajara olmasligini, chunki bu bankrotlikka olib kelishini aytdi. Uyushma bunga javoban Farliga o‘tgan yilgi daromadi 21 million dollar bo‘lganini eslatdi.
Ish tashlash Baydenning qayta saylanishiga xalaqit berishi mumkin
Agar avtomobil zavodlarida ish tashlash uzoq davom etsa, AQShning umumiy iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, bu esa, o‘z navbatida, 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishni rejalashtirayotgan prezident Jo Bayden uchun salbiy oqibatlarga olib keladi. Iqtisodchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bir oy davom etadigan ish tashlash mamlakat yalpi ichki mahsulotining 0,2 foizga qisqarishiga olib kelishi mumkin.
Ish tashlash sabablaridan biri - Baydenning atrof-muhitga oid ulkan rejalari. UAW elektr transport vositalariga o‘tish ichki yonuv dvigatelli transport vositalarini ishlab chiqaradigan zavodlarning keng miqyosda yopilishiga olib kelishi mumkinligidan xavotirda. Payshanba kuni Bayden Feyn va avtomobil ishlab chiqaruvchilari rahbarlari bilan «muzokaralar borishi haqida» gaplashdi. O‘tmishda Qo‘shma Shtatlarda Oq uy aralashuvi orqali yirik, uzoq davom etgan ish tashlashlarning oldi olingan.