Uzcard ulushlarining nazorat paketi IMC-Capital'ga o‘tdi

Iqtisodiyot 16:23 / 15.09.2023 18932

“Yagona umumrespublika protsessing markazi” MChJ (Uzcard) ta’sischilari tarkibida yana o‘zgarish ro‘y berdi. Bundan korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestridagi o‘zgarish darak bermoqda.

Kompaniyaning avvalgi ta’sischilari bo‘lgan jismoniy shaxslardan uch nafari – Timur Azadov (25 foiz), Obid A’zamxo‘jayev (25 foiz) va Mansur Usmanov (25 foiz)larning jami 75 foizlik ulushi “IMC-Capital” MChJga o‘tgan. Faqatgina Uzcard bosh direktorining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Kamron Akbarov o‘zining 25 foizlik ulushini saqlab qolgan.

“IMC-Capital” MChJ 2022 yil 31 avgustda Toshkentda ro‘yxatga olingan. Joriy ustav fondi – 212,7 mlrd so‘m. Faoliyat yo‘nalishi – ixtisoslashmagan ulgurji savdo. Rahbari – Azizov Azizbek Nodirbek o‘g‘li.

Kompaniyaning 100 foizlik ulushdori sifatida Berill Holding Company Limited ko‘rsatilgan. Bu holding 2023 yil 15 iyunda Birlashgan Arab Amirliklarida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav kapitali 1000 dollar bo‘lgan kompaniyaning rahbari sifatida Aziz Yusupov keltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning may oyida tadbirkor Oybek Tursunov Uzcard'ning 75 foiz ulushiga egalik qilish huquqini qo‘lga kiritgandi. Ammo oradan biroz vaqt o‘tib, Tursunovning 75 foizlik ulushi 5 ta davlat banki – O‘zmilliybank (51 foiz), Asakabank (6 foiz), Ipotekabank (6 foiz), O‘zsanoatqurilishbank (6 foiz), Aloqabank (6 foiz) tijorat banklariga o‘tkazildi.

2022 yil avgust oyida kompaniya ustav kapitalidagi 5 ta davlat bankining jami 75 foiz ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilgani va bu ulush to‘liq sotilishi ma’lum qilingandi.

Keyinchalik, 2022 yil oktabr oyida Mansur Usmonov, Kamron Akbarov, Timur Azadov va Obid A’zamxo‘jayev imtiyozli huquqdan foydalanib, 210,1 milliard so‘mga 75 foiz ulushni qo‘lga kiritib, MChJning 100 foizlik aksiyadoriga aylangandi.

Ko‘proq yangiliklar: