Uzcard va Humo bankomatlarini integratsiyalash bo‘yicha texnik ishlar yakunlandi

Iqtisodiyot 13:46 / 10.05.2023 35612

Uzcard va Humo to‘lov tizimlari bankomatlarini integratsiya qilish bo‘yicha texnik ishlar yakunlandi. Bu haqda Bu haqda Uzcard axborot xizmati xabar berdi.  

“Yagona umumrespublika protsessing markazi MChJ Milliy banklararo to‘lov tizimi bilan birgalikda Uzcard va Humo to‘lov tizimlari bankomatlarini integratsiya qilish bo‘yicha texnik ishlarni yakunladi.

Hozirgi vaqtda pilot rejimida ikkita bankomat ishlab turibdi: Uzcard'ga ulangan va Humo bank kartalarini qabul qiluvchi “Kapitalbank” ATB bankomati, shuningdek Humo'ga ulangan va Uzcard kartalari qabul qilinishini ta’minlaydigan “Xalq banki” ATB bankomati.

To‘lov tizimlarining ikkala operatori tomonidan test sinovlari muvaffaqiyatli yakunlangandan so‘ng, shuningdek tranzaksiyalarni amalga oshirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatolar aniqlangandan keyin, tijorat banklarining barcha bankomatlarini ulash rejalashtiriladi”, deyiladi Uzcard bayonotida.

Ta’kidlanishicha, 2023 yil 1 iyundan boshlab tijorat banklari bilan kelishilgan jadvalga muvofiq barcha bankomatlarni bosqichma-bosqich ulash boshlanishi kutilmoqda.

Avvalroq, aholi tomonidan to‘lovlarni amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan prezident qarori imzolangandi. Unda Humo va Uzcard to‘lov tizimlari o‘zaro integratsiyasini bosqichma-bosqich, jumladan 2023 yil may oyiga qadar bankomatlar hamda 2023 yil yakuniga qadar to‘lov terminallari tizimini integratsiya qilish ishlarini yakunlash belgilangandi.

Ma’lumot uchun, Uzcard va Humo to‘lov tizimlari integratsiya qilinishi haqida 2020 yildan buyon aytib kelinadi. Bu jarayon 2021 yil oxirigacha yakunlanishi haqida rasman e’lon qilingan, lekin bu amalga oshmay qolgandi.

Ko‘proq yangiliklar: