Shu yilning 28 avgust - 2 sentabr kunlari Germaniya bo‘ylab O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati kunlari o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».
O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati kunlari doirasida «O‘zbekiston-Germaniya» to‘qimachilik forumi, V2V shaklidagi uchrashuvlar uyushtirildi.
Muzokaralar natijasida mashhur nemis brendlarini jalb qilish va o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozoriga yetkazib berish bo‘yicha Germaniyaning yirik Würth Modyf, FALKE va Lidl kompaniyalari hamda ELMOD riteyleri bilan kelishib olindi. Nina Von C brendining O‘zbekistonda yangi ishlab chiqarish fabrikasini ishga tushirish va mazkur yorliq ostidagi mahsulotlarni Yevropa bozoriga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, trikotaj ishlab chiqarish uchun malakali texnolog mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan Germaniya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, onlayn vebinar va o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha bir to‘xtamga kelindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Helaba Bank, OddoBank va LBBW Bank banklari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvlar davomida germaniyalik ishlab chiqaruvchilar bilan amalga oshiriladigan yangi to‘qimachilik loyihalarini hayotga tatbiq etishni moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.