O‘zbekiston va Xitoy 190 mln dollarlik 14 ta loyiha bo‘yicha kelishib oldi

Iqtisodiyot 07:46 / 11.09.2023 10578

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida  (ISSV) vazir o‘rinbosari Sarvar Hamidov va O‘zbekistonda bo‘lib turgan Xitoy Xalqaro taraqqiyot hamkorlik agentligi raisi o‘rinbosari Den Botsin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

ISSV ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida Xitoy hukumatining grant mablag‘lari hisobidan loyihalarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqilib, ikki tomonlama moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Xitoy tomoni O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarni yuqori baholadi va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni hayotga tatbiq etishda o‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirishga tayyorligini bildirdi.

Yig‘ilish yakunida ustuvor yo‘nalishlarda grant loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha memorandumni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Hujjatda qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va institutsional rivojlanish kabi sohalarda umumiy qiymati 190 million dollardan ortiq bo‘lgan 14 ta loyihani amalga oshirish nazarda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: