Minskda o‘zbek va belarus tadbirkorlari 92 mln dollarlik shartnomalar imzoladi

Iqtisodiyot 11:44 / 07.09.2023 12264

Senat raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Belarusda bo‘lib turibdi. 6 sentabr kuni tashrif doirasida Minsk shahrida O‘zbekiston – Belarus biznes doiralari va tadbirkor ayollar birinchi biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Forum doirasida tashkil etilgan “Tadbirkorlikdagi ayollar – Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirish salohiyati” mavzusidagi yalpi majlisni O‘zbekiston Senat raisi va Belarus Milliy majlisi respublika kengashi raisi kirish so‘zi bilan ochib berdilar.

Yengil sanoat sohasida hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or texnologiyalar almashish, mato, kiyim-kechak, poyabzal, mo‘yna va charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda IT sohasida aloqalarni rivojlantirish, tadbirkorlik, ayniqsa ayollar uchun raqamli mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqish, xotin-qizlarni raqamli iqtisodiyotga jalb etish, ayollarning bu boradagi savodxonligi va malakasini oshirish bo‘yicha tajriba almashish ikki mamlakat ishbilarmonlari uchun birdek manfaat keltirishi ta’kidlandi.

Forum so‘nggida yakuniy hujjat (deklaratsiya) qabul qilindi. Unda savdo-iqtisodiy, investitsiya, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-madaniy, ta’lim, gumanitar, turizm va o‘zaro manfaatli boshqa sohalardagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari aks etdi.

Ikki mamlakat tadbirkor ayollari o‘rtasida B2B formatida o‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida 92 mln dollar miqdorida 42 ta shartnoma va 17 ta memorandumlar imzolandi.

Ko‘proq yangiliklar: