AQSh 2023 yil uchun grin-karta berishni yakunladi

Jahon 18:17 / 07.09.2023 15815

AQSh hukumati 2023 yil uchun grin-karta berish jarayonini yakunladi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlarning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.

Shu bois, 2023 yilgi DV dasturi bo‘yicha suhbatlar butun dunyo bo‘ylab, jumladan O‘zbekiston uchun ham to‘xtatildi.

«AQSh hukumati 2023 yilgi DV dasturi uchun belgilangan barcha immigratsion vizalarni taqdim etdi. Sentyabr oyining qolgan kunlariga belgilangan DV dasturi bo‘yicha suhbatlar butun dunyo bo‘ylab, jumladan O‘zbekistonda xam bekor qilindi. DV-2023 dasturi bo‘yicha viza uchun suhbatdan o‘tgan, ammo viza olmagan murojaatchilar endi viza olish huquqiga ega emas», deyiladi bayonotda.

Elchixona 6 sentabrdagi xabarida DV dasturi doirasida 3100 dan ortiq arizachi bilan suhbatlar o‘tkazilganini ma’lum qilgan. Ma’lumot uchun, DV-2022 dasturida g‘olib deb topilgan O‘zbekiston fuqarolari soni 5511 nafarni tashkil etgandi. O‘tgan yili ulardan qanchasi viza ololgani ma’lum emas.

AQSh Davlat departamenti saytiga joylangan bu boradagi oxirgi hisobot 2017 moliya yiliga oid bo‘lib, unda o‘sha yili 3199 nafar O‘zbekiston fuqarosiga DV dasturi doirasidagi viza berilgani qayd etilgan.

Turli millat vakillari uchun viza lotereyasi 1990 yilgi immigratsiya to‘g‘risidagi qonunga asosan ishlab chiqilgan loyiha hisoblanadi. Loyiha tarixan AQShga migratsiya ko‘rsatkichlari kam bo‘lgan millat vakillariga Amerikaga ko‘chib kelib yashash imkonini berishga qaratilgan.

Har yili 55 mingta viza uchun dunyo bo‘ylab 20 milliondan ko‘proq odam ariza topshiradi. Odatda vizalar sonidan ancha ko‘proq arizachilar lotereya g‘olibi deb topiladi, shunga ko‘ra g‘olib chiqqanlarning faqat yarmidan ko‘prog‘i yakunda vizani qo‘lga kiritadi.

Ko‘proq yangiliklar: