Maxfiylikdan "yechilgan" gaz zaxirasi, sudda yutgan Usmonov va jarimaga tortilgan Oson – “Iqtisodiy taymlayn”

Iqtisodiyot 11:50 / 03.09.2023 27696

Yakunlanayotgan haftada “Tashabbusli budjet”ga ovoz berish boshlandi. “O‘zbekneftgaz” raisi gaz qazib chiqarish pasayib borayotgani va zaxiralar qisqarganiga oid "gap-so‘zlar"ni inkor etdi. Milliarder Alisher Usmonov uni “Putinning sevimli oligarxi” deb atagan gazeta ustidan sudda yutib chiqdi. Oson to‘lov tizimi jarimaga tortildi. Haftaning iqtisodiy dayjesti “Iqtisodiy taymlayn”da.

“Tashabbusli budjet”ga ovoz berish boshlandi: majburiy ovoz to‘plaganlarga chora ko‘riladi

27 avgustdan “Tashabbusli budjet”ning 2-mavsumiga ovoz berish boshlandi. Loyihalar uchun 1,02 trln so‘m mablag‘ ajratilgan.

Bu mavsumda respublika bo‘ylab 9426 ta mahalladagi infratuzilma yaxshilanishi uchun jami 49 464 ta taklif kelib tushgan, ulardan 33 631 tasi ovozga qo‘yilgan. Ovoz berish jarayoni 16 sentabrga qadar davom etadi. 

Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Tashabbusli budjet” jarayonlari doirasida majburiy ovoz berish holatlariga duch kelgan fuqarolarni bu haqda xabar berishga chaqirdi.

Ayrim hududlarda budjet tashkilotlari xodimlarini majburiy tarzda ovoz berishga jalb etish holatlari kuzatilayotgani yuzasidan e’tirozlar kelib tushyapti. Shu sababli vazirlik 2023 yil 10 apreldagi prezident qaroriga ko‘ra, ovoz yig‘ishga majburlash majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflanishini eslatib o‘tdi. 

“Bunday holatga duch kelsangiz, Iqtisodiyot va moliya vazirligining ishonch raqamlariga yoki “Ochiq budjet” axborot portalining onlayn murojaat bo‘limiga xabar berishingizni so‘raymiz”, — deyiladi rasmiy xabarda.

“O‘zbekneftgaz” raisi gaz qazib chiqarish pasayib borayotganini rad etdi.

“O‘zbekistonning gaz zaxirasi qancha degan savolga biz javob bera olmasdik, hamma raqamlarimiz maxfiy bo‘lgan”, dedi “O‘zbekneftgaz” raisi Bahodirjon Sidiqov.

Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga uyushtirilgan press-tur davomida Sidiqov O‘zbekistonning tasdiqlangan gaz zaxirasi 933 mlrd kubometr ekanini aytdi.

“Bu respublikadagi umumiy gaz zaxiralarining yarmi. Qolgan yarmi qo‘shma korxonalar va chet el kompaniyalari tomonidan mahsulot taqsimlash asosida qazib chiqariladi. Zaxiralarning yarmi O‘zbekneftgaz tasarrufidagi konlarda”, - dedi u.

Biroz avval “O‘zbekneftgaz” boshqaruv raisi o‘rinbosari Behzod Usmonov OAVga kompaniya 2023 yil uchun tabiiy gaz qazib olish prognozini 34,1 milliard kub metrdan 32,3 milliard kub metrga pasaytirganini aytgandi. Bu konlarning zaxirasi pasaygan bilan izohlangandi. Press-tur davomida esa kompaniya raisi bu ma’lumotlarni rad etdi.

“Yangiliklarni ko‘ryapmiz, gaz qazib chiqarish kamayyapti. Biz tarafga e’troz bo‘lyapti, [kompaniya] rejasini o‘zgaryapti deyilyapti – bu noto‘g‘ri ma’lumot. Biz haqiqatan hozir bor muammoni bilamiz, uni qazib chiqarish kamaygani yo‘q. Choralarimiz aniq, nima ish qilamiz, kunma-kun har bir mutaxassis nima ish qilishi va bunga qancha mablag‘ sarflash kerak – aniq maqsadimiz bor, qishdagi ahvoldan kelib chiqib qo‘shni davlatlardan tabiiy gaz importi bo‘lmay qolsa-chi? Bizning oldimizda turgan vazifa – bu yil qo‘shimcha qancha gaz qilib berishimiz kerak? O‘tgan yil qishda 15-20 mln kub sutkalik gaz yetmagan, buning ortidan hamma sohamiz izdan chiqqan. Nima ish qilishimiz kerak, hammasini aniq qilib olganmiz”, - dedi u.

Eslatib o‘tamiz, davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 7 oyida  gaz qazib olish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,5 foizga kamaygan.

Usmonov sud orqali “Putinning sevimli oligarxi” ekaniga oid da’volarni rad etishga urinyapti

Avstriyaning “Kuriyer” gazetasi o‘z maqolasida milliarder Alisher Usmonovni “Putinning sevimli oligarxi” deb atadi. Usmonov bu da’volarni rad etib, Hamburg sudida nashr bilan sudlashdi va g‘alaba qozondi.

Sud qaroriga ko‘ra, Usmonovning Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga keltirilgan asoslardan birida “Putinning sevimli oligarxlaridan biri” sifatida qayd etilgani bunday da’voni asoslash uchun yetarli emas. Sud Usmonovga nisbatan bunday iboralarni qo‘llash uning huquqlarini buzadi, deb hisobladi.

Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga 2022 yil fevralida, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan keyin tushgan edi. Yevropa Ittifoqi sanksiyalarga izoh berib, uni “Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin aloqaga ega oligarx” deb atagan. Usmonov buni rad etmoqda. U Yevropa umumiy yurisdiksiya sudida sanksiyalarning bekor qilinishiga erishmoqchi. Milliarder Rossiyaning eng boy biznesmenlari ro‘yxatida sakkizinchi o‘rinni egallaydi, uning boyligi 14,4 milliard dollarga baholanadi. Sanksiyalar Usmonovning obro‘siga katta zarar yetkazdi, bu haqda uning o‘zi OAVga bergan intervyusida aytgan.

Markaziy bank Osonʼni jarimaga tortdi

Markaziy bank to‘lov tashkilotlaridan biri “Birio Group” MChJ – Osonʼni jarimaga tortdi.U jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarining talablarini buzgani aniqlandi.

Xabarda to‘lov tashkiloti aynan qanday talablarni buzgani va jarima miqdori qancha ekaniga aniqlik kiritilmagan.

Shu bilan birga, boshqa to‘lov tashkilotlari va ularga xizmat ko‘rsatuvchi banklar, shu kabi qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan taqdirda, Markaziy bank tomonidan ularga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

OAVda xabarlar tarqalgach, Gazeta.uzʼga kompaniya boshqaruv raisi Farhod Mahmudov O‘zbekistonning 50 dan ortiq fintex-tashkilotlari Markaziy bankdan 5 sentabrdan boshlab transchegaraviy davlatlararo tranzit operatsiyalarini amalga oshirish taqiqlanishi haqida xat olganini aytdi.

Bu xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, o‘yin xizmatlari va xorijiy kompaniyalar xizmatlari uchun to‘lovlar, shuningdek, bir qator boshqa operatsiyalarni amalga oshirish tugatilishini anglatadi.

“5 sentabrdan biz va barcha to‘lov tashkilotlariga hamma xalqaro servislarni o‘chirish majburiyatini yuklashyapti. Jahon miqyosidagi yirik kompaniyalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalarimiz bor. Bundan kelib chiqadiki, biz regulyator bozorni yopib qo‘yayotganiga asoslanib, barcha kelishuvlarni bir tomonlama bekor qilishimiz kerak”, - degan nashrga Farhod Mahmudov.

Hozirda regulyator bu borada hech qanday ma’lumot bermadi.

Yakunlanayotgan haftada sodir bo‘lgan boshqa yangiliklarga qisqacha to‘xtalamiz:

  • Odilbek Isoqov iqtisodiyot va moliya vazirining davlat qarzi, xalqaro reytinglar bilan ishlash hamda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha konsultant-maslahatchisi bo‘ldi. U 2019-2023 yillarda moliya vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan, ma’muriy islohotlardan keyin vazirlikdan ketgandi;
  • Rossiyaning “Uaz” kompaniyasi O‘zbekistonda avtomobil yig‘ishni boshlashi mumkin. Kompaniya vakillari “Chirchiq” texnoparkida muzokara o‘tkazgan.
  • 1 sentabrdan banklar ustav kapitaliga oid yangi talab kuchga kirdi: endilikda tijorat banklari ustav kapitalining eng kam miqdori ikki yuz milliard so‘m bo‘lish kerak. Shu paytgacha bu miqdor 100 milliard so‘m edi.
  • O‘zbekiston Afg‘oniston va Pokiston orqali Hind okeani portlariga chiqishni rejalashtirmoqda. Bu O‘zbekiston delegatsiyasining Kobulga tashrifi davomida muhokama qilingan.

Bizda hozircha shular, keyingi  haftagacha omon bo‘ling.

Madina Ochilova tayyorladi
Montajchi – Javohir G‘ayratov

Ko‘proq yangiliklar: