Toshkentda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini tovuqlar ostiga yashirgan shaxs qo‘lga olindi

Jamiyat 20:05 / 23.08.2023 25223

Toshkentda kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni tovuqlar ostiga yashirgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda Toshkent shahar Shayxontohur tumanida oldindan kuzatuvga olingan shaxs o‘tirgan Lacetti avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Natijada, avtomashina salonining orqa o‘rindig‘idagi qog‘oz qutida turgan tovuqlar tadbir ishtirokchilarining e’tiborini tortgan. Tekshiruv davomida parrandalar ostiga bug‘doy kepagi bilan niqoblab yashirin bo‘lma hosil qilingani va ularning ichiga 241 dona «Midaks» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yashirilgani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur qonunbuzarlik holatini ildizi bilan bartaraf etish maqsadida tezkor tadbir Namangan shahrida davom ettirilib, fuqarolardan birining yashash xonadoni va yordamchi xonalari ko‘zdan kechirilgan. Ko‘zdan kechirish davomida bu yerda istiqomat qiluvchi shaxs 1 dona qog‘oz qutida 236 dona «Midaks» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini o‘z ixtiyori bilan taqdim etgan.

Ikkala holatda ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan, xorijda ishlab chiqarilgan, ammo sifatini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagan jami 477 dona dorilarning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 143 million so‘mdan oshmoqda.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Ko‘proq yangiliklar: