Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davomida «Termiz–Mozori-Sharif–Kobul–Peshavor» Transafg‘on temiryo‘li ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi va uni «O‘zbekiston uchun eng ma’qul yo‘l» deb atadi.
U hozirda tadbirkorlarni eng ko‘p qiynaydigan muammo yo‘l xarajatlari ekanini aytib o‘tdi.
«Avvalambor, [hozirda mavjud yo‘llar] qimmat, uzoq va xavfsiz emas, desak, to‘g‘ri bo‘ladi… Agar 30 yil oldin, 30 yil orasida Qirg‘iziston–O‘zbekiston–Xitoy temiryo‘li qurilganida edi, hozir sizlarning sharoitingiz, tannarxlar mutlaqo boshqacha bo‘lardi», – dedi u.
Davlat rahbari Afg‘oniston orqali o‘tuvchi temiryo‘l «Janubiy Osiyoga chiqadigan eng ma’qul, eng arzon, eng xavfsiz yo‘l» ekanini qayd etdi.
«Tasavvur qiling, Xudo xohlasa shu kunlar baribir keladi, ikkita temiryo‘l qurilsa, iqtisodiyotimiz qanday barqaror bo‘ladi. Biz birovga qaram bo‘lmaymiz. Agar mana shu ikkita katta temiryo‘l bo‘lsa, biz ham tarif orqali manfaat ko‘radigan davlatga aylanamiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident hozirgi vaziyat yengil emasligini qo‘shimcha qilgan.
«Agar rostini aytsam, og‘ir sharoitda yashayapmiz. Oy oyga emas, kun kunga to‘g‘ri kelmayapti. Kechagi valutaga bo‘lgan bosim bugun og‘irroq bo‘lyapti. Shuning uchun biz, albatta, tadbirkorlar sinfi, ishbilarmonlarga eksport qilish, logistika bo‘yicha sharoitlar yaratishimiz kerak», – dedi davlat rahbari.
2021 yil fevral oyida Toshkentda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida «Mozori-Sharif—Kobul—Peshovar» temiryo‘li qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolangandi. Loyihani may oyida tayyorlash, yo‘l qurilishi esa 2021 yil sentabrida boshlanishi rejalashtirilgandi. Ammo Afg‘onistonda hokimiyat almashishi loyihani sekinlashtirgandi.
Shunga qaramay, dekabr oyida Afg‘oniston muvaqqat hukumati loyihaga qo‘shildi. 2022 yil 18 iyulda ushbu mamlakat hududida Transafg‘on temiryo‘lining yo‘nalishini va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini aniqlash bo‘yicha ekspeditsiya ishlari boshlandi.
O‘zbekiston «Boshtransloyiha» instituti yo‘l qurilishi qiymatini 4,6 milliard dollarga, Pokiston 8,2 mlrd dollarga baholagan. OAVga ko‘ra, loyiha 4,8 mlrd dollardan 6 mlrd dollargacha baholangan. U 573 km uzunlikdagi va yiliga 20 mln tonnagacha yuk tashish imkoniyatiga ega bo‘lgan avtomobil yo‘lini qurishni nazarda tutadi. Yangi transport yo‘lagi Yevropa Ittifoqi, Rossiya, O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va undan keyingi Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarini bog‘lashi kerak.
2023 yil iyul oyida loyiha bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichi boshlandi. Loyiha 2027 yilgacha yakunlanishi rejalashtirilgan.