O‘zbekistonning davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan kamaydi

Iqtisodiyot 13:11 / 17.08.2023 29911

Moliya va iqtisodiyot vazirligi 2022 yilning yakunlari bo‘yicha tashqi qarz holati va dinamikasi haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, davlat qarzi 2023 yilning 1 yanvar holatiga 29,2 mlrd dollarni (shundan davlat tashqi qarzi – 25,9 mlrd dollar, davlat ichki qarzi – 3,3 mlrd dollar) tashkil etgan.

Xususan, davlat qarzining YaIMga nisbati 2021 yil boshida 39 foizni (2021 yil yakunida – 38 foiz) tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilning 1 yanvar holatiga 36,4 foizgacha pasaygan.

“Davlat qarzi 2022 yil davomida 2,9 mlrd dollarga oshgan bo‘lsa-da, yalpi ichki mahsulot tez suratlarda, ya’ni 11,1 mlrd dollarga o‘sganligi tufayli davlat qarzining YaIMga nisbati pasaygan”, deyiladi hisobotda.

Joriy yil uchun davlat nomidan va davlat kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd dollar miqdorida belgilangan.

2022 yilda O‘zbekiston nomidan umumiy qiymati 4 mlrd 486 mln dollar miqdoridagi 23 ta tashqi qarz bitimi imzolangan.

O‘tgan yil yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining 33,4 foizi yoki 8,6 mlrd dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 11,6 foizi yoki 3 mlrd dollari elektroenergetika sanoatiga, 10,9 foizi yoki 2,84 mlrd dollari energetika sanoatiga, 9,8 foizi yoki 2,54 mlrd dollari qishloq va suv xo‘jaligiga, 9,7 foizi yoki 2,51 mlrd dollari transport va transport infratuzilmasiga, 8,9 foizi yoki 2,3 mlrd dollari uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Xalqaro moliyaviy institutlardan (XMI) jalb qilingan tashqi qarz portfeli hajmi 13,8 mlrd dollarni yoki davlat tashqi qarzining 53,2 foizini tashkil etgan. Davlat tashqi qarzi qoldig‘ining asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki (6 mlrd dollar), Jahon banki (5,5 mlrd dollar), Islom taraqqiyot banki (0,9 mlrd dollar) va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (0,5 mlrd dollar) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Davlat tashqi qarzi portfeli valuta tarkibining 75,7 foizi – AQSh dollari, 8,1 foizi - Yaponiya iyenasi, 7,2 foizi – SDR (maxsus qarz olish huquqlari), 4,8 foizi – Yevro, 1,6 foizi – O‘zbek so‘mi, 2,6 foizi - boshqa valutalardagi tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.

2022 yil davomida davlat qarziga xizmat ko‘rsatish jami xarajatlari (davlat budjetidan – 1 mlrd 196,5 mln dollar va davlat korxonalari mablag‘laridan – 1 mlrd 296,6 mln dollar) 2 mlrd 493,2 mln dollarni tashkil etdi. Shundan: davlat tashqi qarz to‘lovlari – 1 mlrd 615,7 mln dollar:

  • asosiy qarz to‘lovlari – 1 mlrd 33,6 mln dollar;
  • foiz to‘lovlari – 582,1 mln dollari;

Davlat ichki qarz to‘lovlari – 877,4 mln dollar:

  • asosiy qarz to‘lovlari – 731,7 mln dollar;
  • foiz to‘lovlari – 145,7 mln dollar.

2023 yilda O‘zbekiston nomidan va kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan bitimlarning umumiy qiymati 4,5 mlrd dollarni tashkil qilishi, shundan davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash, budjet taqchilligi uchun 2 mlrd (bu o‘tgan yilga nisbatan 500 mlrd dollarga kam), investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun esa 2,5 mlrd dollar (bu o‘tgan yilga nisbatan 500 mln dollar ko‘p) jalb qilinishi belgilangan.

 “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: