Iqtisodiyot | 15:39 / 27.02.2025
7632
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning davlat qarzi 40 mlrd dollardan oshdi

2024 yilda O‘zbekistonning davlat qarzi qariyb 5,3 mlrd dollarga ko‘payib, 40 mlrd 199 mln dollarga yetdi. Davlat qarzining 33,7 mlrd dollari – tashqi qarz, 6,5 mlrd dollari esa – ichki qarz.

Foto: Reuters

2025 yilning 1 yanvar holatiga, O‘zbekistonning davlat qarzi 40 mlrd 199 mln dollarni tashkil etdi. Tegishli ma’lumot Iqtisodiyot va moliya vazirligi rasmiy saytiga joylangan.

Davlat qarzining 33,7 mlrd dollari – tashqi qarz, 6,48 mlrd dollari esa – ichki qarzni tashkil etadi.

Davlat qarzi 2023 yilga nisbatan 5 mlrd 272 mln dollarga ko‘paygan. YaIMga nisbatan ulushi ham 0,6 foizga oshib, 34,4 foizdan 35 foizga yetgan.

Taqqoslash uchun, 2024 yilning 1 yanvar holatiga davlat qarzi 34 mlrd 927 mln dollarni tashkil etgan. Bir yil ichida ushbu ko‘rsatkich 5,3 mlrd dollarga yoki 15 foizga oshgan. Aholi jon boshiga hisoblaganda ham davlat qarzi 1070 dollarga yetgan.

Jalb qilingan qarz mablag‘lari nimaga ishlatilgan?

2024 yil yakuniga ko‘ra, jami davlat tashqi qarzining 45 foizi (15 mlrd 291 mln dollar) budjetni qo‘llab-quvvatlashga, 17 foizi (5,74 mlrd dollar) yoqilg‘i-energetika sohasiga, 8 foizi (2,8 mlrd dollar) transport va transport infratuzilmasiga, 9 foizi qishloq va suv xo‘jaligiga (2,9 mlrd dollar) yo‘naltirilgan.

O‘zbekiston kimlardan qarz olgan?

Joriy yil 1 yanvar holatiga davlat tashqi qarzining kreditorlar kesimida taqsimlanishi quyidagicha:

  • Jahon banki — 7,6 mlrd dollar;
  • Osiyo taraqqiyot banki — 7,4 mlrd dollar;
  • Xalqaro investorlar (xalqaro yevrobondlar) — 4,1 mlrd dollar;
  • Xitoy moliya tashkilotlari – 3,8 mlrd dollar;
  • Yaponiya moliya tashkilotlari — 2,9 mlrd dollar;
  • Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki — 1,6 mlrd dollar;
  • Islom taraqqiyot banki — 944 mln dollar;
  • Fransiya moliya tashkilotlari – 977 mln dollar;
  • Koreya moliya tashkilotlari — 740 mln dollar;
  • Xalqaro valuta jamg‘armasi — 669 mln dollar;
  • Germaniya davlat banki — 415 mln dollar;
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — 341 mln dollar;
  • Boshqa moliyaviy tashkilotlar — 1,9 mlrd dollar.

Avvalroq, 2024 yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 60,2 mlrd dollarni tashkil qilgani xabar berilgandi. Shundan korporativ tashqi qarz hajmi esa 27,7 mlrd dollarga teng bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda jalb qilinadigan tashqi qarzning cheklangan hajmi 5,5 mlrd dollar bo‘lishi kutilyapti. Shundan 3 mlrd dollari davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun, qolgan qismi esa investitsiya loyihalariga yo‘naltiriladi.

Mavzuga oid