Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Fuqarolar uchun budjet: 2022 yil ijrosi” nashrini e’lon qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil yakuni bilan konsolidatsiyalashgan budjetning umumiy fiskal balansi taqchilligi belgilangan me’yorlar doirasida ijro etilgan va 35,2 trln so‘mni (YaIMning 4 foizi) tashkil etgan.
“Taqchillikning 2022 yil boshida rejalashtirilgan 25,5 trln so‘m yoki YaIMning 3 foizi miqdoridan oshishi, asosan, ijtimoiy soha, iqtisodiyot va aholini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy va ishlab-chiqarish infratuzilmasiga investitsiya xarajatlarining oshishi bilan izohlanadi”, - deyiladi rasmiy relizda.
Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini (35 229 mlrd so‘m) qoplash uchun quyidagi manbalar yo‘naltirilgan.
Tashqi manbalar 22,4 trln so‘mni tashkil qilgan, bundan:
• xalqaro moliya institutlarining qarz mablag‘lari va yevroobligatsiyalar chiqarish hisobidan – 16 668 mlrd so‘m;
• Davlat dasturlari ijrosi uchun jalb qilingan qarz mablag‘lari – 5 733 mlrd so‘m.
Ichki manbalar 10,87 trln so‘mni tashkil qilgan, bundan:
• yil boshiga qoldiq mablag‘lari hisobidan – 1 949 mlrd so‘m;
• Davlat aktivlarini xususiylashtirish hisobidan tushumlar – 4 500 mlrd so‘m;
• Davlat g‘azna obligatsiyalarini chiqarish hisobidan – 6 379 mlrd so‘m.
Manbalar tarkibiga qaralsa, taqchillikning 47 foizi xalqaro moliya institutlarining qarz mablag‘lari va yevroobligatsiyalar chiqarish hisobidan qoplangani ma’lum bo‘ladi. Davlat g‘azna obligatsiyalari esa taqchillikni qoplashning ikkinchi yirik manbasi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida 2022 yilgi budjet qonuniga o‘zgartirish kiritilib, respublika konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 3 foizdan 4 foizga oshirilgandi. Natijada xarajatlar 22,95 trln so‘mga oshirildi.
Sobiq moliya vaziri Timur Ishmetov budjet xarajatlari oshirilganini tariflar oshmagani evaziga elektr energiyasi va gazga subsidiya oshirilgani bilan izohlagandi.
Avvalroq, 2023 yilgi davlat budjeti defitsitining YaIMga nisbatan cheklangan miqdorini 5 foizga oshirish taklif etilayotgani xabar qilingandi. Joriy yil boshida limit 3 foiz etib belgilangan.
Avgust oyi boshida 2023 yilning 6 oyida davlat budjeti xarajatlari 29 trln so‘mdan oshib ketgani ma’lum bo‘ldi.