Nissan Tiida 2024
Xitoyda Nissan Tiida 2024 avtomobili namoyish etildi. Xetchbek 122 ot kuchiga ega 1,6 litrli dvigatel bilan jihozlangan, 100 km masofaga 6,1 litr benzin sarf qiladi. Yangilangan modeliga 8 dyuymli ekranga ega yangi mediatizim o‘rnatilgan.
Nissan Tiida 2024’ning bazaviy komplektatsiyasi 12,5 ming, top versiyasi esa 16 ming dollarga baholangan.
Nokia 130
Yangi Nokia 130 tugmachali telefoni taqdim qilindi. Mobil telefon 2,4 dyuymli ekran bilan jihozlangan. O‘lchamlari 130,9 x 50,6 x 14 mm, og‘irligi 98,2 gramm. Operativ xotirasi 4 MB bo‘lib, 32 GB gacha bo‘lgan xotira kartalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Akkumulyatori sig‘imi –1450 mA/soat. Ishlash vaqti kutish rejimida 30 kunni tashkil qiladi. Suhbat rejimida esa akkumulyator quvvati 20 soatgacha yetadi. Nokia 130 to‘q ko‘k, tilla va binafsha ranglarda sotuvga chiqadi.
Chevrolet Monza
UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Monza ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Hozirda ushbu modeldagi avtomobillarni SKD usulida yig‘ish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Ma’lumot uchun, Monza – Chevrolet kompaniyasining eng arzon avtomobillaridan biri. Bu modelning yangilangan 3 ta versiyasi 2022 yilning sentabr oyida Xitoyda 13 200 dollardan 15 200 dollargacha bo‘lgan narxlarda sotuvga chiqarilgan.
Eng kuchli android-smartfonlar
Antutu benchmarki iyul oyining eng kuchli android-smartfonlari reytingini e’lon qildi.
Birinchi o‘rinni Red Magic 8S Pro egallagan. Smartfon Snapdragon 8 Gen 2 protsessori bilan jihozlangan bo‘lib, tezkor xotirasi 12 GB va doimiy xotirasi 256 GB.
Ikkinchi o‘ringa xuddi shu protsessor o‘rnatilgan iQOO 11C smartfoni joylashdi. Uning tezkor xotirasi 16 GB va doimiy xotirasi 512 GB.
vivo X90 Pro+ esa uchinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan. Uning tezkor xotirasi 12 GB va doimiy xotirasi 256 GB.
Eng kuchli android-smartfonlar ro‘yxatiga, shuningdek, iQOO 11Pro, vivo X90s, OPPO Find x6 Pro, nubia Z50s Pro, vivo X Fold2, Xiaomi 13 Ultra hamda OnePlus 11 smartfonlari kiritilgan.
Raqamli rubl
Rossiyada 1 avgust kuni raqamli rublni joriy etish to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi - u elektron hamyonda saqlanadigan raqamli kod hisoblanadi. Raqamli rubl naqd va naqdsiz pullar bilan bir qatorda milliy valutaning uchinchi shakliga aylanadi.
Markaziy bank raqamli rubl keng muomalaga kirishining aniq sanalarini e’lon qilmadi, biroq barcha fuqarolar 2025-2027 yillarda yangi pul shakli uchun raqamli hamyon ochishi mumkinligini istisno etmadi. Taxminlarga ko‘ra, raqamli hamyon mijozning hisobraqamiga ega bo‘lgan bankning istalgan mobil ilovasi orqali ochilishi mumkin. Shuningdek, raqamli hamyonni bankning mobil ilovasi orqali to‘ldirish mumkin bo‘ladi, bu yerda uchinchi shaxslarga pul o‘tkazish ham mumkin. Raqamli rubldan foydalanganda balans va naqd pul uchun foiz olinmaydi.
iPhone 15dagi o‘zgarishlar
Taqdimot marosimi sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan iPhone smartfonlari seriyasida yangi tugma, kattaroq o‘lchamdagi ekran, yaxshilangan kamera va protsessor bo‘ladi. Bu haqda Bloomberg nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Agentlik tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, standart iPhone 15 modelida ilk bor Dynamic Island — frontal kamera uchun qo‘shimcha funksionallarga ega kesim paydo bo‘ladi. Pro va Pro Max seriyalari displeylari LIPO texnologiyalari bo‘yicha tayyorlanadi va shu tufayli ekran hoshiyasi 0,7 mmga yupqalashadi va uning kengligi bor-yo‘g‘i 1,5 mm bo‘ladi.
iPhone Pro’ning dizayni ham o‘zgaradi: korpus ramasi titan qorishmasidan tayyorlanadi, orqa paneli esa xiralashtirilgan shishadan.
iPhone 15 bazaviy modelida ilk bor odatiy Lightning tuynugi o‘rnida Android smartfonlariniki kabi USB-C V porti paydo bo‘ladi. Bu sim orqali ma’lumot uzatish tezligini oshiradi, biroq foydalanuvchilar uchun qo‘shimcha xarajatlarga olib kelishi mumkin, deb yozadi agentlik.
iPhone 15 smartfonlarining protsessori ham o‘zgaradi — qurilmaga iPhone 14 Pro va 14 Pro Max’da o‘tgan yili foydalanilgan A16 chipi o‘rnatiladi. O‘z navbatida, Pro-modellar yangi, 3 nanometrli protsessorga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, iPhone 15 va 15 Pro kameralari ham juz’iy tarzda o‘zgartiriladi. Gap, xususan, 15 Pro Max telefonlaridagi yangi obektivlar va optik yaqinlashtirishning kengaytirilgan diapazoni haqida bormoqda.