Surxondaryoda hokim bilan bahslashgan maktab direktorining qamalish sabablari ma’lum qilindi

Jamiyat 21:29 / 04.08.2023 94577

26 iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan tortishgan Sariosiyo tumanidagi 28-sonli maktab direktori Umida Tursunova Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir necha moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan. 

Oliy sud xabariga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudining 2023 yil 26 iyuldagi qarori bilan Umida Tursunova (1982 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, Sariosiyo tumanidagi 28-sonli maktab direktori vazifasida ishlaydi) Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasi (bir necha huqubuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash) 2-qismiga asosan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. 

Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 28 iyuldagi qaroriga muvofiq Umida Tursunovaga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudi tomonidan 2023 yil 26 iyulda chiqarilgan qaror o‘zgarishsiz qoldirilgan. 

Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2023 yil 1 avgustdagi ajrimiga ko‘ra Umida Tursunovaga nisbatan birinchi va apellyatsiya instansiya sudlari chiqargan qarorlari o‘zgartirilib, unga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

26 iyul kuni Sariosiyo tumanidagi 12-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida sodir bo‘lgan hodisa videosi internetda 3 avgust kuni tarqalgandi. Videoda viloyat hokimi Umida Tursunovaga lavozimidan olinganini aytgach, direktor «mening nima aybim bor?» deb so‘raydi. «Eplolmaganing uchun, butun dunyoga sharmanda qilganing uchun», deya javob bergan viloyat hokimi.

«U yerda nima bo‘lganini siz qayerdan bilasiz? «Muhitni buzding», deysiz, nima muhit buzilgan u yerda? Maktabning tomorqasigacha sotib yuborishyapti, shuncha yozganimizga indamaylik deb... Ahvolni o‘rganadigan odam yo‘q, bularning hammasining tili bir», degan Umida Tursunova viloyat hokimining dakkisi noo‘rin ekanini ta’kidlar ekan.

Maktab direktori «viloyat hokimiga to‘g‘ri ma’lumot kiritilishi kerakligi»ni ta’kidlaydi. «Yo‘qot, yo‘qot, yo‘qot, nima qilyapman men? Senlar maktabda xohlagan ishingni qilding, hech kim hech narsa qilmadi-ku?! Menga chora ko‘riladimi? Nimaga tashqariga chiqaman? Mana shu yerda turib oxirigacha eshitaman, prezidentga aytadigan gapim bor. Otsa, meni O‘zbekiston oldiga olib chiqib, otib tashlasin», degan u. Shundan so‘ng direktor ichki ishlar organi xodimlari tomonidan majlislar zalidan olib chiqib ketilgan.

Majlislar zalini tark etayotgan Umida Tursunova viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovga qarata «Hayf sizday viloyat hokimiga», deydi.

Bu video internetda keng tarqalgach, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova maktab direktori bilan bog‘liq vaziyatni o‘z nazoratiga olgani xabar qilindi. U maktab direktori ayni vaqtda qamoqdan ozod qilinganini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: