“O‘zavtosanoat-lizing” sud jinoyatchi deb topgan xodimi himoyasi uchun 1 mlrd so‘mga advokat yolladi

Jamiyat 19:38 / 02.08.2023 31282

“O‘zavtosanoat-Leasing” haqida ikki og‘iz

“O‘zavtosanoat-Leasing” MChJ 2006 yil 14 iyundagi prezident farmoniga binoan ta’sis etilgan. Dastlab “O‘zavtosanoat” AJ (80,4%) va ATB “Asakabank” (19,6%) hammuassislari bo‘lgan.

Ayni paytda uning 100% ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi ixtiyorida.

“O‘zavtosanoat-Leasing” MChJ haqidagi ma’lumotlar Skrinshot: Stat.uz

Kompaniya bilan bog‘liq bir jinoyat tarixi

Kompaniyaning lizing loyihalari sotuvi bo‘limi menejyeri N.N. dilerlik xizmatini ko‘rsatuvchi “International Consalting Machinery” MChJ rahbari E.A. bilan jinoiy til biriktirgan holda kompaniya mijoziga 16 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazadi.

Voqeaning qisqacha tafsiloti quyidagicha. “O‘zavtosanoat-Leasing” MChJ lizing loyihalari sotuvi bo‘limi menejyeri N.N. “International Consalting Machinery” MChJ rahbari E.A. bilan jinoiy til biriktirgan holda tadbirkor O.Nurmatov egalik qiladigan korxona (“Diamond Star Trans” MChJ) bilan shartnomada kelishilgan, gazda harakatlanuvchi, konteyner tashishga mo‘ljallangan yuk mashinalari o‘rniga Xitoyda ishlab chiqarilgan, davlat standartlari talablariga javob bermaydigan “SAMS” rusumli texnikalarni olib kelib, texnik parametrlarini noto‘g‘ri ko‘rsatgan holda topshirgan.

Buning natijasida O.Nurmatovga tegishli bu korxona lizingga olgan nostandart texnikalarni ishlata olmasdan, kompaniyaga qaytarib bergan. Yuk mashinalari Davlat standartlari agentligi xulosasiga ko‘ra nostandart deb topilgan.

Bu holat tadbirkorning arizalaridan keyin tergov yo‘li bilan tekshirilgan va yakunda ish sudga oshirilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 2022 yil 18 oktyabrdagi hukmi bilan N.N. va E.A.lar Jinoyat kodeksining 28,170-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari, 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan.

“O‘zavtosanoat-Leasing” MChJ xodimi N.N. 1 yil davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilinib, 2 yil-u 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan.

Shuningdek, N.N.ga ozodlikni cheklash jazosini soat 22:00 dan 07:00 gacha sud hukmida ko‘rsatilgan manzilda o‘tish, nazorat qiluvchi organning ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik, Toshkent shahar va Toshkent viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik, spirtli ichimlik ichmaslik, ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazish joylarida bo‘lmaslik kabi qo‘shimcha cheklovlar yuklatilgan.

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 2 martdagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudi hukmining sudlanuvchilarga nisbatan qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Shu bilan birga, mazkur sud ajrimida “O‘zavtosanoat-Leasing” MChJdan jabrlanuvchi O.Nurmatov foydasiga 16 mlrd 695 mln so‘m miqdorida moddiy zarar undirilishi belgilangan.

Oliy sud kassatsiya instansiyasining 2023 yil 22 maydagi ajrimi bilan N.N.ning ayrim qilmishlari Jinoyat kodeksining moddalari bo‘yicha qayta kvalifikatsiya qilingan bo‘lsa-da, unga tayinlangan jazolar o‘zgarishsiz qoldirilgan.

“O‘zavtosanoat-Leasing” MChJ direktori R.Yusupov [bu shaxs haqida maqola so‘ngida o‘qing] N.N.ga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud qarorlaridan norozi bo‘lib, Oliy sud rahbariyati qabulida bo‘ladi va takroriy kassatsiya shikoyati kiritadi. Oliy sud, avvalgi instansiyalar ishni to‘liq va atroflicha tekshirib baho bergan, degan xulosaga keladi va bu shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldiradi.

Yiqilgan kurashga to‘ymas...

“O‘zavtosanoat-Leasing” MChJ uchun sudlarning deyarli barcha instansiyasida aybli deb topilgan xodimi shu qadar aziz va qadrli edi shekilli, uni himoya qilish uchun davlatga qarashli kompaniya pullaridan foydalanishdan ham qaytmadi.

“O‘zavtosanoat-Leasing” MChJ 2023 yil 21 mart kuni (apellyatsiya instansiyasi ajrimi chiqqanidan 19 kun o‘tib, kassatsiya ajrimi qabul qilinadigan sanadan qariyb 2 oy avval) advokatlik firmasi bilan bitim imzolaydi.

Keyinchalik, kompaniya 2023 yil 8 iyun kuni (Kassatsiya ajrimi qabul qilinganidan 17 kun o‘tib) advokatlik firmasi bilan tuzilgan bitimga 1-sonli qo‘shimcha kelishuvni imzolaydi. Qo‘shimcha kelishuvga ko‘ra, advokatlik firmasiga:

  • Toshkent shahar sudi apellyatsiya sudlov hay’atining ajrimidan lizing kompaniyasidan moddiy zarar (16,7 mlrd so‘m)ni undirish qismi to‘liq chiqarib tashlanganda 500 mln so‘m;
  • lizing kompaniyasi xodimi N.N. to‘liq reabilitatsiya qilinib, shu bilan birga Toshkent shahar sudi apellyatsiya sudlov hay’atining ajrimidan lizing kompaniyasidan moddiy zararni undirish qismi to‘liq chiqarib tashlangan taqdirda 1 mlrd so‘m advokat xizmati to‘lab berilishi belgilanadi.

Hamma narsa haqida hech narsa

“O‘zavtosanoat-Leasing” MChJ direktorining birinchi o‘rinbosari Umidjon Egamberdiyev sud qaroriga qo‘shilmasligi, tergovdagi xatolarga ko‘z yumilgani, bu haqda yuqori turuvchi instansiyalarga xabar berilgani, bu masala haligacha o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Biroq u Kun.uz talabiga ko‘ra so‘zlarini tasdiqlaydigan, vakolatli organlar tomonidan berilgan hech qanday hujjatni taqdim eta olmadi.

U ayni paytda ishning qayta kassatsiyaga berilgani, turli idoralarga berilgan so‘rovlar orqali ishga oid yangi dalillar aniqlangani, tez orada ishni ko‘rib chiqqan sudya va prokurorga chora ko‘rilishi, Odil Nurmatovning o‘ziga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi kutilayotganini aytdi.

Kompaniya rasmiysiga ko‘ra, kassatsiya bosqichida advokatlar ko‘zlangan natijaga erisha olmagani uchun advokatlik firmasi bilan bilan tuzilgan 1 mlrd so‘m miqdorida mukofot puli berilishi nazarda tutilgan shartnoma bekor bo‘lgan. Shuning barobarida, u Oliy sud qarorlarini tan olmasligi, hali masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yilmaganini iddao qildi. Bu ikkita gap bir-birini inkor qilayotgani haqidagi savolga javoban esa qayta kassatsiyada advokatura bilan yangi shartnoma imzolanishini ma’lum qildi.

Egamberdiyevga ko‘ra, advokatlarga 1 mlrd so‘mgacha miqdorda mukofot puli va’da qilingan shartnoma uchun ta’sischidan ruxsat olingan. U so‘zlarining isboti sifatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining o‘rinbosari Alisher Miraliyev imzolagan, advokatlik firmasi bilan 1 mlrd so‘m miqdoridagi qo‘shimcha kelishuvga qarshi emasligi ta’kidlangan xatni ko‘rsatdi.

Sud hukmi bilan lavozimida qolishi taqiqlangan xodim

Kompaniyaning lizing loyihalari sotuvi bo‘limi menejyeri N.N.ning lavozimida qolishini taqiqlovchi sud hukmi 2023 yil 2 mart kuni (apellyatsiya instansiyasi ajrimi chiqqan sana) kuchga kirgan bo‘lsa-da, u shu yil 1 avgustga qadar, aniqrog‘i holat yuzasidan Kun.uz sayti surishtiruv olib borayotgani kompaniyaga ma’lum bo‘lgan sanaga qadar ish faoliyatini davom ettirdi.

N.N. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi buyruq / Foto: Kun.uz

Sud qarori ancha oldin chiqqani, nima uchun N.N. shu paytgacha sud qaroriga zid ravishda davlat ishtirokidagi korxonada mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimda ishlab kelgani, nega boshqa vazifaga o‘tkazilmagani – Probatsiya xizmatidan bu haqda yozma ko‘rsatma kelib tushmagani bilan izohlandi.

Biroq Kun.uz ixtiyorida Yashnobod tuman IIO FMB Probatsiya bo‘limi tomonidan kompaniyaga mahkum N.N.ni lizing loyihalarini sotish bo‘limi menejyeri lavozimidan ozod etish va bu haqdagi buyruqdan nusxa berish to‘g‘risida yuborgan xabarnoma mavjud va u 2023 yilning 24 iyulida imzolangan.

Yashnobod tuman IIO FMB Probatsiya bo‘limi tomonidan “O‘zavtosanoat-Leasing” MChJga yuborilgan xabarnoma / Foto: Kun.uz

Probatsiya xizmati tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 2022 yil 18 oktyabrdagi hukmi yuzasidan yuborilishi kerak bo‘lgan xabarnoma nima uchun 2023 yilning 24 iyuligacha yuborilmagani – alohida surishtiruv mavzusi. Mavridi kelsa, bu mavzuga yana qaytamiz.

Ammo qo‘lida sudning kuchga kirgan hukmi turgan ish beruvchi (Rustam Yusupov) nega ijroni paysalga solib kelganini vakolatli organlar surishtirgani ma’qul.

“Bu aysbergning uchi xolos!”

“O‘zavtosanoat-Leasing” MChJ xodimi Humoyun Tojiboyev Kun.uz bilan suhbatda kompaniyaning bir guruh mansabdor shaxslari tomonidan davlatga katta miqdorda zarar yetkazish va sud hukmini ijro etmaslik holati yuzasidan rahbariyatga ko‘p bora bildirgi kiritgani, ular e’tiborsiz qoldirilgach esa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilganini aytmoqda.

“Aslida “Diamond Star Trans” MChJ bilan yuz bergan holat aysbergning uchi xolos. Odil Nurmatovga o‘xshagan jabrlanuvchilar ko‘p. Ularning aksariyati qonunlarni yaxshi bilishmaydi, sudma sud qatnamaylik deb, texnikalaridan voz kechib ketishgan. Bu yerda bo‘layotgan ishlar jamoatchilikka ochiqlansa, raqamlardan aql shoshadi. Men bularga qarshi kurashaverganim uchun boshqa bo‘limga o‘tkazib yuborishdi”, deydi Humoyun Tojiboyev.

Humoyun Tojiboyev “aql shoshadigan ishlar” deganda nimani nazarda tutgani haqida navbatdagi maqolalarimizda so‘z yuritamiz.

“O‘zavtosanoat-lizing” direktori haqida ikki og‘iz

Bugungi kunda lizing kompaniyasiga rahbarlik qilayotgan Rustam Yusupov jamoatchilikka begona emas: “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib faoliyat yuritgan.

U 2020 yilning 11 mart kuni deputat, senatorlar hamda “O‘zavtosanoat” va UzAuto Motors vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan shov-shuvli muloqotda avtomobilchilar vakillariga rahbarlik qilgan. Bu yig‘ilishdan ko‘p o‘tmay, u kompaniyadan ketgan va “O‘zavtosanoat-Leasing” MChJ direktori etib tayinlangan.

E’tiborlisi, bu kompaniyaga Yusupov avval ham (2011–2013 yillarda) rahbarlik qilgan.

Vakolatli organlar bu ishlardan xabardor

Yuqorida advokatlik firmasi bilan 1 mlrd so‘mga shartnoma qilishda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining roziligi olingani yozildi. Demakki, bu ishlardan yuqori turuvchi organlar xabardor.

Bundan tashqari, jurnalistik surishtiruv o‘tkazilarkan, “O‘zavtosanoat” AJ vakili ham tahririyat bilan bog‘lanib, kompaniya vakillarini eshitib ko‘rishni “tavsiya” qilishdi. Bu ham ushbu tashkilotda bo‘layotgan ishlardan “yuqori”ning xabardor ekanidan dalolat.

Endi nima bo‘ladi?

“O‘zavtosanoat-Leasing” MChJ vakilining ma’lum qilishicha, ayni paytda tashkilot faoliyati tekshirilayotgan bo‘lishi mumkin. Boisi tekshirishga arzirli ehtimoliy qonunbuzarliklar talaygina.

Kuzatishda davom etamiz.

Jamshid Niyozov,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: