2 avgust, chorshanba kuni O‘zbekiston tijorat banklarida AQSh dollarining sotuv kursi yangi maksimum – 11 715 so‘mgacha ko‘tarildi. Beshta bank kassalarida Amerika valutasi shu qiymatda sotilmoqda. Shu tariqa, kurs ilk marta 11 700 so‘mlik psixologik nuqtadan o‘tdi.
Banklarda sotuv kursi 11 680 – 11 715 so‘m oralig‘ida bo‘lib turibdi. Mijozlar uchun 11 680 so‘mlik eng manfaatli kursni Ipak yo‘li banki taklif etmoqda.
Ayirboshlash shoxobchalarida xaridlar 11 580 – 11 640 so‘mlik diapazonda kechyapti. Dollarni so‘mga ayirboshlash uchun eng manfaatli 11 640 so‘mlik taklif – Infin bank shoxobchalarida.
O‘zbekiston Markaziy banki 2 avgust uchun AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy qiymatini 11 633 so‘m 11 tiyin deb belgilagan.
MB raisi Mamarizo Nurmurodov o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘mning dollarga nisbatan qadrsizlanishini valuta bozorida talabning oshishi bilan izohlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, talabning oshishi, xususan, mavsumiylik omili bilan bog‘liq: yilning shu davrida ko‘plab yirik kompaniyalar tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshiradi.
Nurmurodov, shuningdek, milliy valutaning qadrli yoki qadrsizligiga uning xorijiy valutalarga nisbatan kursiga qarab baho berib bo‘lmasligini aytgandi.
“2017 yildan beri valuta bozorini erkinlashtirganimizdan to bugungi kungacha valuta kursining o‘zgarishi ko‘plab davlatlarning valutasi qadrsizlanishidan ancha past bo‘ldi. 4 yil davomidagi o‘rtacha yillik qadrsizlanish so‘mda 6-7 foizni tashkil qiladi.
So‘m 6 oy davomida dollarga nisbatan 3,12 foizga qadrsizlandi. Asosiy savdo hamkorlarimiz Turkiya, Rossiya, Xitoy bilan solishtirsak, dollarga nisbatan ularning valutasi so‘mga qaraganda ko‘proq qadrsizlandi. Shu nuqtayi nazardan, ularning milliy puli qadrli, bizniki qadrsiz deb taqqoslash to‘g‘ri emas”, – degandi u.
Markaziy bank rahbariga ko‘ra, butun dunyoda valuta qadri iqtisodiy o‘sishga bog‘liq. Ya’ni iqtisodiyotning barqaror o‘sishi, iqtisodiyotning tashqi iqtisodiy faoliyatdagi inklyuziv rivojlanishi – milliy valuta kursiga ta’sir qiluvchi eng asosiy ko‘rsatkichdir.
AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymati 11 600 so‘mlik psixologik nuqtaga yetishi 5 iyul kuni kuzatilgandi.