Qora dengiz blokadasi: Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi qarama-qarshilikdan kim yutqazadi?

Iqtisodiyot 14:27 / 27.07.2023 31558

Dengiz blokadasi mavhum tushuncha emas. Uning qoidalari va shartlari xalqaro shartnomalarda, birinchi navbatda, 1909 yilgi dengiz urushi qonuni haqidagi London deklaratsiyasida bayon etilgan.

Ammo Moskva ham, Kiyev ham dengiz blokadasini rasman e’lon qilmadi. Shunga qaramay, ularning bayonotlari boshqa davlat tomonidan nazorat qilinadigan portlardan yuk tashishni to‘xtatishga qaratilgan, bu esa mohiyatan dengiz blokadasidir.

Blokada dengiz savdosiga ta’sir qiladi, chunki fuqarolik kemalarining har qanday reydlari sug‘urta kompaniyalariga bog‘liq.

Va bu allaqachon sodir bo‘lmoqda. Reuters agentligining 2023 yil 21 iyul kungi xabarida Qora dengizda g‘alla tashilishi hajmi shu kuni kechga tomon 35 foizga qisqargani aytilgan. Bunga Qora dengiz hududidagi vaziyat keskinlashuviga reaksiya qilayotgan sug‘urta kompaniyalarining qo‘rquvi sabab bo‘lmoqda.

Dengiz blokadasi

Tarixiy jihatdan, dengiz qonunida chetlab o‘tish juda oson bo‘lgan ko‘plab qoidalar mavjud. Jumladan, bu dengiz blokadasi qoidalariga ham tegishli.

Dengiz urushi qonuni bo‘yicha London deklaratsiyasiga ko‘ra, «dengiz blokadasi faqat dushmanga tegishli bo‘lgan yoki bosib olingan portlar va qirg‘oqlarga nisbatan qo‘llanishi mumkin».

Boshqa bir qoidada blokada faqat buning uchun barcha zarur vositalar mavjud bo‘lgandagina e’lon qilinishi mumkinligi nazarda tutilgan. Ya’ni, agar jismoniy jihatdan buni amalga oshirishning iloji bo‘lmasa, qirg‘oq blokadasini e’lon qilish mumkin emas.

Deklaratsiyada blokadani olib borishning boshqa qoidalari va shartlari ham mavjud, ammo u hech kim rasman blokada e’lon qilmagan vaziyatni tartibga solmaydi.

Istanbulda tekshiruvdan o‘tishni kutayotgan g‘alla tashuvchi kemalar. Bu surat g‘alla kelishuvi bekor qilinishidan oldin olingan. Foto: Getty Images

Garchi aslida gap fuqarolik kemalarining Rossiyaga tegishli bo‘lgan yoki dushman tomonidan bosib olingan portlarga kirishini to‘xtatib qo‘yish haqida ketgan bo‘lsa ham, Rossiya mudofaa vazirligining bayonotida ham, Ukraina mudofaa vazirligining javob bayonotida ham «blokada» so‘zi tilga olinmagan.

Rossiya mudofaa vazirligi o‘z bayonotida amalda «Qora dengiz xalqaro suvlarining shimoli-g‘arbiy va janubi-sharqiy qismlaridagi bir qator dengiz hududlari» blokada qilinganini e’lon qildi.

Bayonotning boshqa bir qismida «Ukraina portlariga suzib ketayotgan Qora dengizdagi barcha kemalar potensial harbiy yuk tashuvchilar sifatida ko‘rilishi» aytilgan.

Ukraina mudofaa vazirligi javob bayonotida «Rossiya Federatsiyasining dengiz portlari va Rossiya tomonidan vaqtincha bosib olingan Ukraina hududida joylashgan Ukraina dengiz portlariga suzayotgan Qora dengizdagi barcha kemalar Ukraina tomonidan barcha xavf-xatarlar bilan harbiy yuklar tashuvchisi sifati ko‘rilishi mumkin»ligi aytilgan.

21 iyul kuni Rossiya TIV ritorikani biroz yumshatib, rossiyalik dengizchilar harbiy deb hisoblangan kemalarga standart bo‘yicha hujum qilmasligiga va’da berdi. «Ya’ni biz kema nimadir yomon narsa bilan ketayotganiga ishonch hosil qilishimiz lozim, bu buni aniqlash uchun so‘rov yoki kerak bo‘lganda tekshiruv o‘tkazilishini anglatadi», deyiladi vazirlik bayonotida.

Konvensiya qoidalari

Ikki tomon ham qirg‘oq yoki portlar blokadasini e’lon qilmadi, balki faqatgina ma’lum portlarga boradigan kemalarga munosabat haqida bayonot berdi, ya’ni blokada haqida rasman hech qanday gap ketgani yo‘q, ustiga-ustak bu atama umuman ishlatilmadi.

Bu yerda muammo shundaki, gap neytral suvlarda suzib yuradigan kemalar haqida ketmoqda. Agar kimdir ularni harbiy deb hisoblasa ham, ularga hujum qilish yoki tekshirish mumkin emas.

Rossiya Qora dengiz floti flagmani bo‘lgan «Moskva» kreyseri 2022 yil 13 aprelida ukrain raketasi tomonidan cho‘ktirib yuborilgandi, ammo Rossiyada boshqa kemalar ham qolgan. Ukrainada esa boshqa raketalar ham. Foto: Getty Images

BMTning Dengiz huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining 95-moddasida «Ochiq dengizdagi harbiy kemalar bayroq davlatdan (ya’ni kema bayrog‘ini osgan mamlakatdan) boshqa har qanday davlat yurisdiksiyasidan to‘liq immunitetga ega», deb yozilgan.

Konvensiyaning 110-moddasi esa harbiy kemaga fuqarolik kemasini agar kemani qaroqchilik, qul savdosi, ruxsatsiz translatsiya bilan shug‘ullanishda gumon qilish uchun asos bo‘lsagina yoki harbiy kema bilan bir xil fuqarolikka ega bo‘lsa, garchi kemada chet el bayrog‘i ko‘tarilgan yoki ekipaj bayroqni ko‘tarishdan bosh tortgan taqdirda ham tekshirishga ruxsat beradi.

Qo‘rquv va sug‘urta

Albatta, Qora dengizda harbiy kema fuqarolik kemasini cho‘ktirishini tasavvur qilish qiyin. Ammo kimdir harbiylarning xohishini amalda tekshirishni xohlaydimi?

Moskva bayonoti allaqachon dengiz trafigi qisqarishiga olib keldi.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyining qolgan qismi va avgust oyi boshidagi buyurtmalar uchun faqat 20 ta quruq yuk tashuvchi mavjud, o‘tgan hafta ularning soni 32 ta bo‘lgan.

«Ko‘plab sug‘urtachilar, Dunaydagi kichik portlarni hisobga olmaganda, Ukrainadan chiqayotgan yuklarni sug‘urtalashni to‘xtatib qo‘ydi», deya xabar qilgan sug‘urta sanoatidagi manbalar Reuters agentligiga.

Ammo Ukraina mudofaa vazirligi o‘z javob bayonotini e’lon qilganidan so‘ng, mantiqan, risk yanada ortadi. Va bu ham sug‘urtachilarning xatti-harakatlariga ta’sir qiladi.

«Xavf o‘sishi yoki sug‘urta narxi oshishiga yoki agar ilgari rasmiylashtirilgan polisda xavf ortishi hisobga olinmagan bo‘lsa, sug‘urta qoplamasi to‘liq bo‘lmasligiga olib keladi. Bu faqat sanksiyalarga duchor bo‘lmagan va sanksiyalarni chetlab o‘tishda foydalanilmayotgan mamlakatlar kemalariga nisbatan qo‘llanadi. Rossiya sanksiyalar tufayli o‘z kemalarini yirik xalqaro sug‘urtachilar orqali sug‘urta qila olmaydi», degan mavzu bo‘yicha izoh berishga vakolati yo‘qligi sababli anonim qolishni so‘ragan xususiy huquqshunos BBC nashriga.

Qora dengizda 20 iyul kuni kechqurun holatiga dengiz trafigi. Skrinshot marinetraffic.com saytidan

Berlindagi Karnegi Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari markazi xodimi Aleksandra Prokopenkoning aytishicha, Yevropadagi yuk tashuvchilarning aksariyat qismi Britaniya kompaniyalari tomonidan sug‘urtalanadi.

Mutaxassis fikricha, ortib borayotgan xavflar sharoitida ikkita variant mavjud: «Agar sug‘urta kompaniyasi yuk tashish xavfi ortib bormoqda deb hisoblasa, u yoki yuqoriroq tarif bo‘yicha sug‘urta qilishi mumkin, u holda sug‘urta narxlari juda qimmat bo‘lib qoladi, yoki, urush va Ukraina misolida bo‘lgani kabi, ba’zi nishonlar harbiy deb e’lon qilinganida, kompaniya sug‘urtani bekor qilishi yoki yangisini bermasligi mumkin. Har bir reys alohida sug‘urta qilinadi».

«Agar bu sodir bo‘lsa, kema xo‘jayinlarining bir qismi Qora va Azov dengizlari akvatoriyasida ishlashdan bosh tortadi. Qolganlari esa yuk stavkalarini ikki baravar yoki undan ham ko‘proqqa oshiradi. Yuk egalarining tashish xarajatlarini yuk narxiga qo‘shishdan boshqa chorasi qolmaydi», — deydi yuk tashish kompaniyalaridan biridagi manba «Vedomosti» nashriga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, don bilan ishlaydigan o‘yinchilar eng ko‘p xavf ostida, chunki g‘allani yuklash quvvatlari Azov va Qora dengizning shimoli-sharqiy qismida to‘plangan.

Kim yutqazadi?

Agar mutaxassislarning prognozlari amalga oshsa, bu Rossiya iqtisodiyotiga ko‘proq zarba beradi, chunki g‘alla bo‘yicha kelishuv barbod bo‘lgandan keyin, Rossiya Ukrainaga qaraganda Qora dengiz orqali yuk tashishga ko‘proq bog‘lanib qoladi.

Buning uchun hatto statistika ham kerak emas, shunchaki okeanlardagi kemalar bilan bog‘liq vaziyatni kuzatuvchi Marinetraffic.com veb-saytini ochish kifoya. Qora dengiz akvatoriyasida Ukraina tomon harakat deyarli yo‘q, Rossiya portlariga qarab esa kemalarning uzun karvoni suzmoqda.

Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Qora dengiz va Azov portlari orqali eng ko‘p suyultirilgan gaz, (Taman portidan eksport Rossiya eksportining qariyb 7,5 foizini tashkil qiladi), don (Qora dengizdagi Novorossiysk va Taman portlaridagi elevatorlar eksport qilinuvchi Rossiya donining qariyb 70 foizini qayta ishlaydi, qolgan 30 foizi esa Azov portlari hissasiga to‘g‘ri keladi) va neft (Shesxaris va Yujnaya Ozereyevka terminallari — ikkalasi ham Novorossiysk oblastida joylashgan) eksport qiladi.

«Vedomosti» nashrining Dengiz savdo portlari assotsiatsiyasiga tayanib yozishicha, 2023 yil birinchi yarmida Azov-Qora dengiz havzasi portlari orqali 151,2 million tonna yuk kemalarga yuklangan, bu 2022 yilning shu davriga nisbatan 21,2 foizga ko‘p.

Xuddi shu manba ma’lumotlariga ko‘ra, Novorossiysk havzasidagi eng yirik portning yuk aylanmasi 11 foizga o‘sib, 82,9 million tonnani, Taman porti 4,6 foizga oshib, 22,3 million tonnani, Tuapsening esa 38,5 foizga ko‘payib, 12,8 million tonnani tashkil etgan. Kavkaz portlari yuk aylanmasi 2,2 baravarga o‘sib, 11,3 million tonnaga, Rostov-Don esa 35,7 foizga oshib, 8,1 million tonnaga yetgan.

Ko‘proq yangiliklar: