2023 yil 27 iyulda Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
MB bayonotiga ko‘ra, inflatsiya va inflyatsion kutilmalarning pasayishiga qaramasdan, narxlarga talab omillari bilan bog‘liq bosimlarning saqlanib qolayotgani inobatga olinib, yil yakuniga qadar inflatsiyaning prognoz doirasida bo‘lishini ta’minlash maqsadida asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Umumiy inflatsiya yil boshidan pasayuvchi dinamikani namoyon etib, iyun oyida yillik 9 foizni tashkil qilgan. Bunda, o‘tgan yilgi yuqori baza effekti ta’sirlari tugab borishi, import tovarlari va tartibga solinadigan narxlar nisbatan barqaror bo‘lgani asosiy pasaytiruvchi omillardan bo‘lgan. Xizmatlarga bo‘lgan yuqori talabning saqlanib qolishi hisobiga xizmatlar inflatsiyasida sezilarli pasayish kuzatilmagan.
Ma’muriy va mavsumiy omillarning narxlarga ta’sirisiz hisoblangan bazaviy inflatsiya kutilganidan ko‘ra sekinroq pasaygan va iyun oyida 11,3 foizni tashkil etgan. Natijada, bazaviy inflatsiya va umumiy inflatsiya o‘rtasidagi tafovutning oshib borishi kuzatilmoqda. O‘rtacha yillik inflatsiya ham joriy inflatsiyadan yuqori shakllangan.
“Bu holat narxlar shakllanishida fundamental talab omillari ta’siri saqlanib qolayotgani, iste’mol bozorlaridagi talab va taklifning to‘liq muvozanatlashmaganini ko‘rsatmoqda va iste’mol savatida narxlari 10 foizdan yuqori oshgan tovar va xizmatlar ulushining yuqoriligida ham namoyon bo‘lmoqda”, deyiladi MB xabarida.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2023 yil 14 sentabrga belgilangan.