Ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar xodimlari bolalar bog‘chasida targ‘ibot tadbiri o‘tkazgani, hali esini ham tanimagan bolalarga xuddi kattalardek pand-nasihat qilgani aks etgan video tarqaldi.
Unda ichki ishlar xodimi 3-4 yoshlar atrofidagi bir guruh bolalarni ota-onani hurmat qilishga chaqiradi.
«Hurmat qilish kerak ota-onani. Qolgan narsa o‘z o‘zidan bo‘lib ketaveradi. Faqat yaxshi inson bo‘lishi kerak, bo‘ldi. Qilma deganini qilish kerak emas. Qil degan ishni qilish kerak», — deydi xodim.
U bolalar avval oqdan qorani ajratib olishi lozimligini ta’kidlaydi.
«Oq bilan qorani ajratvolinglar oldin. Nima oq, nima qora? Qaysi ishni qilsam to‘g‘ri bo‘ladi, qaysi ishni qilsam noto‘g‘ri bo‘ladi?
Qilishdan avval bu ishni qilganimdan keyin ertaga nima bo‘ladi, shuni o‘ylash kerak. Tushuntiroldim-a?», — deydi u.
Shundan so‘ng video uziladi va xodim bolalarga yana qanday nasihat bergani tushunarsiz qolgan.
Video qachon va qayerda tasvirga olingani ma’lum emas.
Bu video katta ehtimol bilan bog‘chadagi targ‘ibot tadbiri vaqtida tarbiyachilardan biri tomonidan olingan va telefondagi tasvirlar tarqalib ketgan.
Kun.uz jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘layotgan video, shuningdek, bu kabi targ‘ibot tadbirlari maktabgacha ta’lim tashkilotlarida muntazam o‘tkazib kelinishi, bu yoshdagi bolalar IIO xodimlarining so‘zlarini qanchalik tushuna olishi yuzasidan Toshkent shahar IIBB axborot xizmatidan izoh so‘radi.